13:23 / 18.08.2018
3 137

O‘zbekiston terma jamoasi noyabrda qit’a chempioni bilan o‘ynashi mumkin

O‘zbekiston terma jamoasi noyabrda qit’a chempioni bilan o‘ynashi mumkin
O‘FA O‘zbekiston terma jamoasi uchun bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etish bilan band.

Ayni paytga qadar O‘FA Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoamiz uchun to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etishni rasman kelishib oldi. Sentyabr oyida Suriya va Eron. Oktyabrda Shimoliy Koreya va Qatar terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishimiz aniq bo‘lib ulgurgan.

O‘FA shuningdek noyabr oyidagi FIFA kunlarida ham o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etish bo‘yicha ishlamoqda. Ayni paytda Avstraliya, Livan va boshqa terma jamoalar bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda. Muzokaralar muvaffaqiyatli yakun topsa, noyabr oyida ham kuchli raqiblar bilan o‘ynaymiz.

Quvonarlisi, O‘FA o‘rtoqlik o‘yinlarini Toshkentda o‘tkazishga kelishib olmoqda. Hozirgacha Suriya, Eron, Shimoliy Koreya va Qatarni yurtimizga kelishi rasman ma’lum bo‘lgan.

Buyog‘iga O‘FA ushbu o‘rtoqlik o‘yinlarini viloyatlarda ham tashkil etsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Har holda yurtimizning ko‘plab chekkalarida bosh jamoamiz ishtirokidagi o‘yinni ko‘rishga ishtiyoqmand muxlislar to‘lib yotibdi. Ko‘pchilikda esa birgina o‘yin uchun poytaxtga kelish imkoniyati yoki sharoiti yo‘q.

To‘g‘ri, bu yerda mehmonxona, stadion, maydon holati va mehmonlarga taklif etiladigan sharoitni ham inobatga olish lozim. Masalan Shimoliy Koreya, Suriya yoki Livan kabi terma jamoalarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini Samarqand, Qarshi, Buxoro yoki Namanganga o‘xshagan boshqa viloyatlarimizda o‘tkazish mumkin.

O‘FA buyog‘iga ham yevropacha uslubdan foydalanib, terma jamoaning har o‘yinini jahon tajribasidan kelib chiqib navbati bilan barcha viloyatlarda o‘tkazish tajribasini qo‘llasa foydadan holi bo‘lmasdi. Bu orada ko‘pgina e’tiborsiz yotgan stadion yoki klublar eplab birgina maydon chimini epaqa keltira olmayotgan muammolarga ham barham berilardi, nazarimda.

Shuningdek, yangilanayotgan jamoamizni, argentinalik Ektor Kuper qo‘l ostidagi termamizni viloyatlik muxlislar ham stadiondan kuzatishga muvaffaq bo‘lishardi. Unutmaslik kerak, har qanday futbol muxlisi stadionda o‘z sevimli jamoasi ishtirokidagi o‘yinni ko‘rishni istaydi.

Umid qilamiz, O‘FA bu borada ham ildam qadam tashlaydi va mazkur tajribani qo‘llaydi.

Eslatib o‘tamiz, Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoamiz 22 avgustdan Toshkentda yig‘inga kirishadi. Bu yig‘in davomida terma jamoamiz Kuper qo‘l ostida o‘zining ilk o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazadi. Avvaliga 6 sentyabr kuni Suriyaga qarshi, keyinchalik esa 11 sentyabr kuni Eron Toshkentga keladi.

Bunga qadar esa O‘zbekiston terma jamoasi 3 sentyabr kuni “Nasaf”ga qarshi nazorat uchrashuvini o‘tkazish ehtimoli mavjud.

Ektor Kuperning O‘zbekiston terma jamoasidagi ilk yig‘iniga oxirgi yillarda terma jamoamizdan taklif olgan ko‘plab mahalliy va legioner futbolchilar jalb etilgan. Aynan ushbu yig‘in davomida Kuper terma jamoamizga nomzod va qachondir taklif etilgan barcha futbolchilarni ko‘zdan kechirishi ko‘zda tutilgan.
Shahboz Beg‘amov

Manba: championat.asia


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston terma jamoasi noyabrda qit’a chempioni bilan o‘ynashi mumkin