15:33 / 18.08.2018
4 513

O‘zbekiston o‘z rekordini yangilash uchun Jakartada nechta medal yutishi kerak?

O‘zbekiston o‘z rekordini yangilash uchun Jakartada nechta medal yutishi kerak?
Indoneziya mezbonligida o‘tadigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining aksariyat musobaqalariga 18 avgust kuni bo‘ladigan rasmiy ochilish marosimidan so‘ng start beriladi.

Turnirga O‘zbekistondan 232 nafar sportchi yo‘l olgan bo‘lib, ular sportning 30 turi bo‘yicha mamlakat sharafini himoya qiladi.

Musobaqa tarixiga nazar tashlab, O‘zbekiston sporti uchun eng omadli yozgi Osiyo o‘yinlari qaysi turnir bo‘lganini bir qarashda aniqlash mushkul. Medallar soni bo‘yicha hisoblaganda, Guangjou – 2010da eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etilgan – 56 ta medal. Biroq bu musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 8-o‘rinni egallaganini, bunga qadar vakillarimiz yozgi Osiyo o‘yinlarini ikki marta beshinchi va bir marta yettinchi o‘rinlarda yakunlashganini e’tiborga olsak, bu e’tirofni mutlaq to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Bundan tashqari, umumjamoa reytingida 5-o‘rin qo‘lga kiritilgan chempionatlardan biri – Busan-2002da O‘zbekiston hisobidagi oltin medallar soni 15 ta bo‘lgan (oltin medallar bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich), bu Guangjoudagidan 4 taga ko‘proq.

Eng muvaffaqiyatsiz o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarini tanlashda ham xuddi shunday murakkablikka duch kelish mumkin. 1998 va 2006 yilgi musobaqalarda o‘zbekistonlik sportchilar eng kam ko‘rsatkich – 40 tadan medalga erishgan bo‘lsa-da, har xolda yakuniy jadvalda mos ravishda 10- va 7-o‘rinlarni egallashgan. So‘nggi Osiyo o‘yinlarida esa medallar soni 45 ta bo‘lsa-da, terma jamoa tarixda ilk marta kuchli o‘ntalikdan tushib qolgan – umumjamoa hisobida 11-o‘rin. Boz ustiga, 2014 yilgi musobaqada, xuddi 1998 yilgi Bangkokdagi turnirda bo‘lgani kabi, oltin medallar soni 10 taga yetmay qolgan.

1951 yildan o‘tkazila boshlangan yozgi Osiyo o‘yinlarining umumiy medallar jadvalida O‘zbekiston 63 ta oltin bilan 11-o‘rinda bormoqda. 10-o‘rindagi Filippin hisobida ham xuddi shuncha oltin medal bor. Ammo filippinliklar 17 ta Osiyo o‘yinlarining barchasida, O‘zbekiston esa so‘nggi 6 tasida ishtirok etganini inobatga olsak, bu raqibdan o‘zib ketishimiz muammo bo‘lmasligi aniq. Taqqoslash uchun, filippinliklar Incheondagi so‘nggi turnirda 15 ta medal qo‘lga kiritgan bo‘lsa, shulardan faqat bittasi oltin edi. O‘zbekistonlik olimpiyachilar esa jami 45 ta, shu jumladan 9 ta oltin medallarni qo‘lga kiritishgan. Pirovardida, agar hamyurtlarimiz Jakartada Filippin sportchilaridan bittaga ko‘proq oltin olishsa ham, tarixiy jadvalning ilk o‘ntaligidan joy olamiz.

Unutmaslik kerakki, eng yaqin ta’qibchimiz Indoneziya bu safar o‘z maydonida bizdan ilgarilab ketishga harakat qiladi. Osiyo o‘yinlari mezboni O‘zbekistondan bor-yo‘g‘i 3 ta oltin medalga ortda qolmoqda. Vaholanki, umumiy medallar soni bo‘yicha ular 84 ta medalga oldinda. O‘tgan galgi musobaqani Indoneziya 4 ta oltin, jami 20 ta medal bilan yakunlagan. O‘zbekistonning Incheondagi ko‘rsatkichi, yuqorida ta’kidlaganimizdek, 9 ta oltin (jami 45 ta medal). Demak, Jakartada turnirning tarixiy-umumiy reytingida 10-o‘rinni egallash uchun O‘zbekiston, Indoneziya va Filippin sportchilarining raqobatini kuzatamiz.

Albatta, barcha jamoalar ishtiroklarini turli vaqtlarda boshlagani sababli, ushbu ro‘yxatga qarab O‘zbekiston sportining Osiyodagi o‘rni haqida qat’iy xulosalar chiqarish noo‘rin bo‘ladi. Biroq yaqin qo‘shnimiz – Qozog‘istonning ko‘rsatkichlari bilan o‘zimiznikini solishtirib, muayyan tasavvur hosil qilish mumkin.

Reytingda 5-o‘rinda borayotgan, 4-o‘rindagi Erondan 14 tagina medalga ortda qolayotgan Qozog‘iston bilan oramizni naq 207 ta (!) medal ajratib turibdi. Oltin medallar soni bo‘yicha ikki barobardan ham ko‘proq ortda qolmoqdamiz – 63ga 140. Ikki mamlakat aholisi sonini taqqoslab, qozoq qo‘shnilarimizning sportda bizdan ancha ilgarilab ketganini tan olishimiz lozim.

Sarlavhadagi savolga javob esa shunday: O‘zbekiston Osiyo o‘yinlaridagi rekordini yangilash uchun 57 ta medal yutishi kerak.

Umuman olganda, quyidagi uch shartlardan nechtasi bajarilganiga qarab, oldindagi Jakarta aziadasidagi ishtirokimizga bir qadar xolis baho berish mumkin:

- umumiy medallar soni 60 taga yetishi (hozirgi rekord – 56);

- oltin medallar soni 20 taga yetishi (hozirgi rekord – 15);

- umumjamoa hisobi bo‘yicha reytingda 4-o‘rinni olish (hozirgi rekord – 5-o‘rin 2 marta qayd etilgan).

To‘rt yil oldin 45ta medal (9 ta oltin) bilan 11-o‘rinni egallaganimizni inobatga olib aytganda, bu uchala shartlardan birortasini bajarishimiz katta so‘roq ostida turibdi. Ya’nikim, raqamlar Jakartadagi Osiyo o‘yinlari O‘zbekiston sporti tarixidagi eng yaxshilaridan biri bo‘lishi ehtimoli kamligini ko‘rsatmoqda.

Izoh: Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va Osiyo Olimpiya kengashi olimpiada va aziada musobaqalarining yakuniy medallar jadvalini rasmiy reyting sifatida tan olmasa-da, an’anaga binoan bunday ro‘yxatni shakllantiradi. Reytingni tuzishda jami sovrinlar miqdori emas, oltin medallar soni asos bo‘lib xizmat qiladi. Misol uchun, 4 yil oldin O‘zbekiston hisobida umumiy medallar 45 ta bo‘lgani holda 11-o‘ringa, jami 14 ta medalga ega Qatar 10-o‘ringa joylashtirilgan, sababi olimpiyachilarimiz hisobidagi oltin medallar 9 ta, qatarliklarda 10 ta edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston o‘z rekordini yangilash uchun Jakartada nechta medal yutishi kerak?