18:58 / 26.08.2018
3 516

Oksana Chusovitina: “Osiyo oʻyinlaridagi medalimni mamlakatimiz Prezidentiga bagʻishlayman”

Оксана Чусовитина: "Осиё ўйинларидаги медалимни мамлакатимиз Президентига бағишлайман"
Xabaringiz bor, Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida XVIII Osiyo oʻyinlari davom etmoqda. Unda oʻzbekistonlik sportchilar ham muvaffaqiyatli ishtirok etishmoqda. Bir necha kun oldin oʻzbek sporti afsonasi, Olimpiya oʻyinlarining yetti karra ishtirokchisi Oksana Chusovitina sport gimnastikasining tayanib sakrash bahslarida kumush medal sohibasiga aylandi.

Milliy olimpiya qoʻmitasi Matbuot va Media departamenti ushbu muvaffaqiyatdan soʻng Oksana Chusovitina bilan suhbat uyushtirdi.

-Bilasizmi, musobaqaga tayyorgarlik jarayoni juda qattiq oʻtdi. Bu kumush men uchun oltinga teng. Shohsupada ikkinchi boʻlib turibmanki, demak hali qiladigan ishlarim bor. Xatolarni toʻgʻirlab, oldinga qarab harakat qilishim kerak. Oʻzimni juda yaxshi his qilyapman. Sizning qanday tayyorgarlik koʻrganingizni musobaqa va uning yakuniy natijasi koʻrsatib beradi.

-Raqiblaringizga eʼtibor beradigan boʻlsak, ular 16-17 yoshda ekanligini koʻrishimiz mumkin. Ularga qarshi kurashish qiyin boʻlmaydimi?

-Raqiblarimning yoshiga xech qachon ahamiyat bermayman. Men oʻzim tayyorlagan mashqlarni koʻrsatib beraman. Unga hakamlar baho berishadi. Barchasi siz mashqni qanday bajarishingizga bogʻliq.

-Siz Oʻzbekiston terma jamoasi safida koʻplab kompleks musobaqalarda ishtirok etgansiz. Indoneziyada boʻlib oʻtayotgan Osiyo oʻyinlari qolgan musobaqalardan nimasi bilan farq qilmoqda? Umuman, tashkiliy masalalar haqida nima deya olasiz?

-Tashkiliy tomonlama… Buni muhokama qilishimiz shart emas. Chunki, barcha sportchi bir xil sharoitda chiqish qiladi. Kimdir ajratib qoʻyilmagan. Barcha bir xil xonalarda yashaydi, bitta joyda ovqatlanadi, bitta joyda mashgʻulotlar olib boradi. Muhimi, musobaqaga chiqib, oxirigacha kurashish lozim.

-Siz yettita Olimpiadada ishtirok etgan jahondagi yagona gimnastikachi hisoblanasiz. Aynan shu sababli ham sizni “Ginnes rekordlari” kitobiga kiritishgan, shuningdek, xalqaro gimnastika federatsiyasining “Shon-sharaf zali”dan ham oʻrin olgansiz. Eʼtiborlisi, siz faoliyatingizni tugatmay turib ushbu eʼtirofga sazovor boʻldingiz. Bu muvaffaqiyatlardan qay darajada faxrlanasiz va ular sizga qay darajada kuch bera oladi?

-Men bundan juda faxrlanaman. Ushbu muvaffaqiyatlarga Oʻzbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilib erishganman. Vatanimga qaytib, mamlakatimiz nomidan musobaqalarda ishtirok etishni uzoq vaqt kutdim. Mening katta orzuim bor. Men aynan shu maqsad sari olgʻa boryapman. Barcha mendan soʻraydi: “Sen nima uchun haliyam musobaqalarda ishtirok etasan, bunga qandaydir motivatsiya bormi?”. Bunga doimo bir hil javob beraman. Menda hali ushalmagan bir orzuim va maqsadim bor. Unga erishishni juda-juda istayman. Yettita Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan boʻlsamda, Oʻzbekiston uchun medal yutib bera olmaganman. Vatanim uchun Olimpiada medalini taqdim etish mening eng asosiy maqsadimdir. Olimpiadada sovrindor boʻlish uchun qoʻlimdan kelgan barcha ishni qilaman.

-Oksana, ushbu Osiyo oʻyinlarini siz uchun Tokiodagi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikning navbatdagi bosqichi desak boʻladimi? Oʻsha paytda ham Oʻzbekiston terma jamoasi safida boʻlasizmi?

-Bilasizmi, har bir musobaqada biz raqiblarimizni oʻrganamiz, ularning harakatlarini kuzatamiz, qattiq tayyorgarlik koʻramiz. Men oʻz holatimga doimo real baho beraman. Shu yilning noyabr oyidan Olimpiya oʻyinlari uchun saralash musobaqalari, yaʼni Jahon kubogi bosqichlari boshlanadi. Oʻsha musobaqalar orqali biz reyting ochkolari toʻplab boramiz. Oʻz oldimga maqsad qoʻydimmi, uni albatta amalga oshiraman. Oʻtgan yili dekabr oyida mamlakatimiz Prezidenti bilan uchrashgandim. U shunday soʻzlarni aytdiki, men yanada ruxlanib ketdim. Respublikamiz rahbari meni kuzatmoqda, menga muxlislik qilmoqda. Ushbu ishonchni oqlash, men bilan fahrlanishlari uchun qoʻlimdan kelgan barcha ishni qilaman. Osiyo oʻyinlarida qoʻlga kiritgan ushbu medalimni aynan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga bagʻishlayman va ularga kattadan-katta rahmat aytib qolaman.

-Faoliyatingizni yakunlagandan soʻng murabbiylik qilish haqida oʻylab koʻrdingizmi?

-Hali yana ikki yil bor. Bu gimnastikachi uchun juda katta vaqt. Men Oʻzbekistonda gimnastika yanada rivojlanishini, yuqori saviyaga koʻtarilishini va bunga oʻz hissamni qoʻshishni judayam istayman. Bizda bir necha yildan soʻng katta arenalarga chiqa oladigan koʻplab yoshlarimiz bor. Shuning uchun, men murabbiy va yoshlarga oʻz tajribamni, maslahatlarimni berib boraman.

Manba: olympic.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oksana Chusovitina: “Osiyo oʻyinlaridagi medalimni mamlakatimiz Prezidentiga bagʻishlayman”