16:43 / 27.08.2018
3 617

Oʻzbekiston qoʻshimcha taymlarda Janubiy Koreyadan yengildi yoxud xatolar qimmatga tushdi

Oʻzbekiston qoʻshimcha taymlarda Janubiy Koreyadan yengildi yoxud xatolar qimmatga tushdi
Bugun Osiyo oʻyinlari futbol bahslaridan oʻrin olgan Oʻzbekiston - Janubiy Koreya uchrashuvi oʻtkazildi.

Bellashuvda dastlab koreyaliklar markazdan boshlangan hujumni samarali yakunlashdi. Xvang Ui Jo jarima maydoni ichida Botirali Ergashev qoʻriqlayotgan darvozaning yaqin burchagiga toʻp yoʻlladi. Shu tariqa, vakillarimizning “quruq” oʻyinlar seriyasi barham topdi.

Oradan bir qancha vaqt oʻtgan havodagi toʻp uchun kurashda raqibdan ustun kelgan Dostonbek Hamdamov ikki raqibni aldab, Jaloliddin Masharipovga tashlab berdi. Masharipov esa qiyinchiliksiz gol urdi.

Hisobdagi muvozanat tenglashganidan soʻng Janubiy Koreya vakillari bosimni oshirishdi. Ammo ha deganda ham ularning harakatlari qovushavermadi.

35-daqiqada Dostonbek Tursunovning xatosidan soʻng yana oʻsha Xvang Ui Jo vakillarimizni “ranjitdi”. Bu safar hujumchi uzoq masofadan posbonimizni ojiz qoldirdi.

Ikkinchi taymda shiddatni oshirgan terma jamoamiz, 53-daqiqada maqsadiga erishdi. Ikrom Aliboyev raqib darvozaboni maydonchasida posbonning oyoqlari orasidan toʻpni toʻrga yoʻlladi.

Oradan hech qancha vaqt oʻtmay Ikrom dublni rasmiylashtirdi. U uzoq masofadan tepgan toʻp yoʻl-yoʻlakay koreyalik futbolchiga tegib, darvozaga borib tushdi.

75-daqiqa oʻtib borayotgan Akramjon Komilov toʻpni tepib yuborish jarayonida xatoga yoʻq qoʻydi. Natijada, ikki bor darvozamizga yoʻl topgan Xvang Ui Jo xet-trik qayd etdi.

Oʻyinning asosiy vaqti 3:3 hisobidagi durang bilan tugagach, hakam qoʻshimcha taymlarga murojaat qildi.

Ekstra taymlarda Ikrom Aliboyev asablarini jilovlay olmadi va raqibiga nisbatan qoʻpollik ishlatdi. Vaziyatga yaqin turgan referi ikkinchi taymda ogohlantirilgan Aliboyevni 101-daqiqada maydondan chetlatdi.

Bellashuv oxirlab borayotganda Rustamjon Ashurmatov raqib futbolchisini jarima maydoni ichida qoʻlidan tortib, ushlab qoldi. Belgilangan penaltidan Xvang Xi Chan unimli foydalanib, jamoasining gʻalabasini taʼminladi.

Oʻzbekiston - Janubiy Koreya 3:4

Gollar:
Xvang Ui Jo 5, 35, 75, Jaloliddin Masharipov 17, Ikrom Aliboyev 53, Xvang Xyun Su avtogol 57, Xvang Xi Chan 118

Oʻzbekiston: Botirali Ergashev, Akramjon Komilov, Rustamjon Ashurmatov, Dostonbek Tursunov, Abbos Otaxonov, Ikrom Aliboyev, Odiljon Hamrobekov, Dostonbek Hamdamov (Bobir Abdixoliqov, 68), Javohir Sidiqov, Jaloliddin Masharipov (Andrey Sidorov, 120+1), Zabihillo Oʻrinboyev (Doniyor Narzullayev, 115).

Janubiy Koreya: Song Bum Keun, Xvang Xyun Su, Kim Min Jae, Kim Jin Ya, Kim Mun Xvan, Son Xon Min, Xvang In Beom, Na Sang Xo, Jang Yun Xo, Li Song Mo, Xvang Ui Jo.

Ogohlantirishlar: Dostonbek Hamdamov 42, Rustamjon Ashurmatov 65, Ikrom Aliboyev 84, Li Song Mo 94, Dostonbek Tursunov 117, Xvang Xi Chan 119, Li Jun Xo 120+3
Chetlatish: Ikrom Aliboyev 101.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oʻzbekiston qoʻshimcha taymlarda Janubiy Koreyadan yengildi yoxud xatolar qimmatga tushdi