14:20 / 29.08.2018
3 974

Ektor Kuper: “Toʻgʻrisini aytaman, men hech bir futbolchi bilan tanish emasman”

Ektor Kuper: “Toʻgʻrisini aytaman, men hech bir futbolchi bilan tanish emasman”
Rossiyada boʻlib oʻtgan jahon chempionatida Misr termasini boshqargan argentinalik mutaxassis Ektor Kuper Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bilan 3+1 yillik shartnomaga imzo chekdi.

Ayni damda milliy terma jamoamiz Kuper boshchiligida Suriya va Eron terma jamoalariga qarshi oʻrtoqlik oʻyinida ishtirok etish mashgʻulotlarni boshlab yuborishgan. Biz Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan uchrashib terma jamoa haqida suhbatlashdik.

- Hozirgi kunga qadar Ektor Kuper bir nechta mashgʻulot oʻtkazdi. Dastlabki yigʻinga futbolchilarni jalb qilish borasida kimlar bilan maslahatlashdingiz?
- Har bir inson birinchi marotaba yangi davlatga kelganda albatta unga kimdir unga yordam berishi kerak. Chunki, bu inson yangi davlat haqidagi muhit haqidagi tasavvurga ega boʻlmaydi. Futbolda ham xuddi shunday. Toʻgʻrisini aytaman, men hech bir futbolchi bilan tanish emasman, hattoki ularning ism sharifini ham bilmayman. Tarkib tuzishda menga koʻplab odamlar yordam berdi. Alohida bir insonni ajratib koʻrsata olmayman. Bundan avval oʻzim superliga oʻyinlarini koʻrib, tahlil qilib chiqdim. Avvaldan oʻzimga yoqqan futbolchilarning roʻyxati bor edi. Shunday boʻlsa ham oʻzbek futbolida azaldan ishlab kelayotgan mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda yigʻinga jalb qilingan futbolchilarning roʻyxatini tuzib chiqqanmiz. Shuni aytmoqchimanki hozir biz shoshilmasligimiz kerak. Tarkibni shakllantirib olish uchun bizda yetarlicha vaqt bor. Bizdan hozirdanoq natija talab qilishmayapti. Futbolchilar bilan yaxshilab tanishib ularning salohiyatini koʻrib olganimdan soʻng, keyingi yigʻinlarda tarkib shakllantirib boriladi.

Ikkinchi yigʻinda umuman boshqa futbolchilar qatnashishi mumkin. Hozirgi holatda biroz sabr qilishlarini soʻragan boʻlardim. Bu birinchi yigʻin va birinchi tuzilgan tarkib. Bu doimiy boʻlib qolmaydi. Oʻz tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, butun dunyoda har doim tarkibdan norozi boʻlgan odamlar boʻladi. Shu kungacha 3-4 ta mashgʻulot oʻtkazdim. Men sizlarga aniq bir optimal tarkibni ayta olmayman. Superliga oʻyinlarini, xorijdagi legioner futbolchilarni kuzatib boraman. Men koʻrib chiqqan futbolchilar mening taktik sxemamga tushadimi yoʻqmi shu tomonlarini koʻrib chiqaman. Terma jamoada koʻplab katta oʻzgarishlar boʻladi. Oldin umuman terma jamoaga chaqirilmagan futbolchilarni ham yigʻinlarga jalb qilishim mumkin. Hozir birinchi yigʻin boʻlgani sababli kengroq roʻyxat tuzdik. Birinchi yigʻinga jalb qilingan futbolchilardan faqat eng munosiblari olib qolinadi. Balki ushbu tarkibdan 70-80 foiz futbolchiga ruxsat berib yuborilishi ham mumkin. Biz keyinroq optimal tarkibni shakllantirishga harakat qilamiz.

- Bizda avvaldan bir holat takrorlanib kelingan. Murabbiylar terma jamoaga asosan “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv”jamoalaridan optimal tarkibni shakllantirishgan.“Navbahor”, “Buxoro”, “Qoʻqon-1912” jamoalaridan ham futbolchilarni terma jamoa yigʻiniga jalb qilishga, ularni ham sinab koʻrishga harakat qilasizmi?
- Yana oʻsha holat takrorlanmoqda demagan boʻlardim. Chunki men Toshkentda boʻlib turganimga bor yoʻgʻi bir hafta boʻldi. Yana oʻsha tendensiyada ishlayapman demagan boʻlardim. Misol uchun Ispaniya terma jamoasining oʻzagini “Atletiko Madrid”, “Real Madrid”, “Valensiya” va “Barselona”jamoasi tashkil etadi. Terma jamoalarga ushbu jamoalar koʻp futbolchi yetkazib beradi. Bu yerda ham shunday holat yuz bermoqda. Shuni aytishim mumkinki, tarkibdagi baʼzi bir futbolchilarni yuzini ham taniy olmayman. Husniddin Gʻofurov oldimga kelsa uni taniy olmay qolishim ham mumkin. Shuning uchun hozirdan xulosa chiqarish kerak emas, deb aytgan boʻlardim. Bizning vaqtimiz yetarlicha. Undan unumli foydalanamiz. Barchaga birdek yoqadigan tarkib hech qachon boʻlmagan. Shunga yaqinroq tarkib shakllantiramiz. “Lokomotiv” jamoasidan taklif qilingan 10 nafar futbolchidan bor yoʻgʻi 2 nafari qolishi mumkin. Albatta oldinda oʻzgarishlar boʻladi.

- Oʻtkazilgan mashgʻulotlardan soʻng qanday fikrdasiz?
- Barcha futbolchilarni shijoat bilan oʻzlarini koʻrsatishga harakat qilishmoqda. Bunday holat oxirigacha shunday boʻlib qoladi, deb umid qilaman. Men ushbu futbolchilarda kamtarlikni koʻrdim. Bu juda ham muhim jihat. Zamonaviy futbolda kamtarlik odatiy hol emas. Koʻplab futbolchilar oʻzlarini barcha narsani biladigandek tutishadi. Bu yerda unday narsa yoʻq ekan. Hozircha barchasi aʼlo darajada ketmoqda. Futbolchilarning holatini keyinchalik bilib olamiz.

- Terma jamoaga yangi murabbiy tayinlanganda unga barcha narsa tayyor boʻlishi kerak. Sizdan hozircha hech qanday muammo yoʻqmi? Oʻzbekiston futbol assosiatsiyasi sizga barcha narsalarni tayyorlab berdimi?
- Hozir hech narsadan shikoyat qila olmayman, barchasi joyida. Albatta, qiyinchiliklar bor. Lekin men uchun hozir eng muhim boʻlgan narsa, men bilan ishlayotgan Oʻzbekiston futbol assosiatsiyasi xodimlarining sharoitlarni yaxshilashga harakat qilayotgani. Hozir barchasi yetarli deyishim mumkin. Har bir inson baribir koʻprogʻini xohlaydi.
Jahongir Sotvoldiyev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper: “Toʻgʻrisini aytaman, men hech bir futbolchi bilan tanish emasman”