20:25 / 01.09.2018
4 010

Umid Ahmadjonov Shavkat Mirziyoyevga tashakkurnoma yoʻlladi

Umid Ahmadjonov Shavkat Mirziyoyevga tashakkurnoma yoʻlladi
Oʻzbekiston delegatsiyasi 2 haftadan buyon davom etayotgan turnirda 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza, jami 70 medal oldi va umumiy reytingda beshinchi oʻrinni band etdi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Umid Ahmadjonov Osiyo oʻyinlaridagi yuqori natijalardan keyin mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tashakkurnoma yoʻlladi.

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida Osiyo oʻyinlari nihoyasiga yetib bormoqda. Ushbu musobaqa Oʻzbekiston sporti uchun har tomonlama muvaffaqiyatli oʻtdi. Biz barcha jabhalarda rekordlarni yangiladik. Medallar soni boʻyicha ham, sifati boʻyicha ham oʻzbek sporti tarixidagi eng yaxshi Osiyo oʻyinlari boʻldi. Qolaversa, musobaqa davomida sizning farzandlaringiz Osiyo oʻyinlari rekordlarini ham yangilashdi. Svetlana Radzivil balandlikka sakrash boʻyicha uch karra Osiyo oʻyinlari gʻolibiga aylanish bilan bir qatorda, 2010 yilda oʻzi oʻrnatgan rekordni yangilay oldi. Shuningdek, Ruslan Nurutdinov ogʻir atletika boʻyicha Osiyo oʻyinlarining yangi rekordchisiga aylandi. Qolaversa, Vadim Menkov baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha toʻrt karra Osiyo oʻyinlari gʻolibiga aylandi. Bu borada Vadim oʻzbekistonlik sportchilar ichida ushbu natijaga erishgan birinchi sportchi boʻldi.

Jakarta va Palembang shaharlarida farzandlaringiz sharafiga 21 marotaba Ona vatanimiz madhiyasi yangrab, bayrogʻimiz sarbaland koʻtarildi. Osiyo oʻyinlari davomida 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, umumiy hisobda 70ta medalga ega chiqdik va Osiyo oʻyinlari tarixida oʻzbek sporti uchun yangi sahifa ochdik.

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Ushbu yutuqlar zamirida Sizning sportchilarga boʻlgan gʻamxoʻrligingiz, yaratib bergan sharoitingiz, biz sport ahliga koʻrsatgan yuksak eʼtiboringiz yotibdi. Biz bundan juda ham minnatdormiz. Jakarta va Palembangda vatan shaʼni uchun kurashga chiqqan har bir farzandingiz qalbida chuqur iftixor tuygʻularini his qilgan holda jangga kirishdi va yakunda Oʻzbekiston Osiyo oʻyinlaridagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Shu orqali oʻzbek sportchilari Eng ulugʻ, Eng aziz bayramimiz – Mustaqilligimizning 27 yillik tantanalariga xalqimiz va shaxsan Siz uchun ajoyib sovgʻa tayyorlashdi.

Kuni kecha bayram nutqida sportchi yoshlarimiz va ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylari tomoniga yoʻllagan iliq va samimiy fikrlaringiz sportchilarimizni shu qadar ruhlantirdiki, ular musobaqaning soʻnggi kunida matonat va mardlik namunasini namoyish etib, bir kunda 6ta oltin, 5ta kumush va 2ta bronza medaliga ega chiqa olishdi va medallarimiz sonini umumiy hisobda 70taga yetkazishdi. Bu natija orqali biz oʻzbek sporti tarixida yangi sahifa ochdik.

Fursatdan foydalanib, Osiyo oʻyinlarida ishtirok etgan barcha farzandlaringiz, butun mamlakatimiz sport oilasi, Olimpiya harakati ishtirokchilari nomidan Sizga chuqur minnatdorchilik izhor etishga ijozat bergaysiz.

Bizga koʻrsatilgan yuksak eʼtibor, yaratib berilgan sharoitlardan behad minnatdormiz. Bu yutuqlar eng avvalo Sizniki, xalqimizniki, har bir yurtdoshimizniki! Biz buni juda ham qadrlaymiz va hurmat qilamiz. Nasib qilsa, Tokio 2020 Olimpiya oʻyinlarida ham qaddimizni baland tutishga, millionlab yurtdoshlarimizni oltin va kumush medallar bilan xursand qilishga, jonajon diyorimizni butun dunyoga yanada mashhurroq qilishga soʻz beramiz. Barchasi uchun rahmat Sizga, Shavkat Miromonovich!
Hurmat bilan,
Umid Ahmadjonov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov Shavkat Mirziyoyevga tashakkurnoma yoʻlladi