08:02 / 02.09.2018
4 113

Osiyo oʻyinlari yakunlari. Rekordlar, boks va kurashdagi gegemonlik

Osiyo oʻyinlari yakunlari. Rekordlar, boks va kurashdagi gegemonlik
Bugun, 1 sentyabr kuni Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida Osiyo oʻyinlarining yakuniy bahslari oʻtkazildi. 2 sentyabr kuni tongida triatlon boʻyicha jamoaviy bahslardan keyin turnirning yopilish marosimi tashkillashtiriladi.

Oʻzbekiston bu safargi Osiyo oʻyinlarida barcha natijalarni yaxshiladi.

Turnirga Oʻzbekistondan 331 nafar sportchi yoʻl olib, ular sportning 30 turi boʻyicha mamlakat sharafini himoya qilishdi.

Yakunda Oʻzbekiston delegatsiyasi 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza, jami 70 medal qoʻlga kiritdi. Bu esa medallarning umumiy soni boʻyicha ham, oltin medallar soni boʻyicha ham, kumush va bronza medallar soni boʻyicha ham natijalar yaxshilanishi boʻldi.

Xususan, shu vaqtgacha medal jamgʻarish boʻyicha Guangjou—2010 oʻyinlari eng yaxshi natija qayd etilgan turnir boʻlib turgandi — jami 56ta medal (11 oltin, 22 kumush, 23 bronza). Eng koʻp oltin va bronza olish boʻyicha koʻrsatkich esa Pusan—2002 turnirida qayd etilgan. 2002 yilgi Osiyo oʻyinlaridan oʻzbekistonlik sportchilar 15ta oltin va 24ta bronza medal bilan qaytishgandi (15-12-24). Eng koʻp kumush Bangkok—1998 turnirida olingan - 12ta (11-12-19).

Shu bilan birgalikda Oʻzbekiston umumiy reytingda yuqori oʻrin egallash boʻyicha natijani yaxshilay olmadi, Hirosima—1994 va Pusan—2002 turnirlaridagi natijalar takrorlandi.

Oʻzbekiston shu vaqtga qadar 6 marta Osiyo oʻyinlarida qatnashgandi. Guangjou—2010: 11 ta oltin, 22 ta kumush, 23 ta bronza. Jami 56 ta medal. Umumjamoa hisobida 8-oʻrin.

1. Hirosima—1994: 11ta oltin, 12ta kumush, 19ta bronza. Jami 42ta medal. Umumjamoa hisobida 5-oʻrin.

2. Bangkok—1998: 6ta oltin, 22ta kumush, 12ta bronza. Jami 40ta medal. Umumjamoa hisobida 10-oʻrin.

3. Pusan—2002: 15ta oltin, 12ta kumush, 24ta bronza. Jami 51ta medal. Umumjamoa hisobida 5-oʻrin.

4. Doha—2006: 11ta oltin, 14ta kumush, 15ta bronza. Jami 40ta medal. Umumjamoa hisobida 7-oʻrin.

5. Guangjou—2010: 11ta oltin, 22ta kumush, 23ta bronza. Jami 56ta medal. Umumjamoa hisobida 8-oʻrin.

6. Incheon—2014: 9ta oltin, 14ta kumush, 22ta bronza. Jami 45ta medal. Umumjamoa hisobida 11-oʻrin.

7. Jakarta-Palembang—2018: 21ta oltin, 24ta kumush, 25ta bronza. Jami 70ta medal. Umumjamoa hisobida 5-oʻrin.

Oʻzbekiston delegatsiyasiga eng koʻp medalni Osiyo oʻyinlariga ilk bor kiritilgan oʻzbek milliy kurashi vakillari keltirishdi - 6ta oltin, 2ta kumush va 4ta bronza. Shuningdek, boksda 5ta oltin va 2ta kumush medal qoʻlga kiritildi. Qayd etish kerakki, turnirga borgan barcha bokschilar finalga chiqib, medallarga ega boʻlishdi.

Shuningdek, erkin kurashchilar 2ta oltin, 1ta kumush va 3ta bronza medalni delegatsiya hisobiga qoʻshib qoʻyishgan boʻlsa, kanoeda 8ta (1-3-4), taekvondoda 6ta (1-3-2), tosh koʻtarishda 5ta (1-2-2), yengil atletikada 4ta (1-2-1), baydarkada eshkak eshishda 4ta (1-2-1), samboda 4ta (1-1-2), dzyudoda 4ta (1-0-3), tennisda bitta oltin, badiiy gimnastikada 2ta kumush, karateda 1 kumush va 2 bronza, velosport, u-shu va sport gimnastikasida bittadan kumush, penchak silatda bitta bronza qoʻlga kiritildi.

Qayd etish kerakki, turnirga 45 mamlakatdan 9704 nafar sportchi tashrif buyurdi. Sportning 42 turi boʻyicha 476 komlekt medallar jamlanmasi oʻynaldi.

Yakuniy reytingda xitoylik sportchilar jami 289 medal olgan holda boshqa raqiblardan yaqqol ustunlik qilishdi - 132ta oltin, 92ta kumush va 65 bronza. Uchlikni Yaponiya (74-56-74) va Janubiy Koreya (49-57-7) toʻldirdi. Mezbon Indoneziya esa 31 oltin olib, toʻrtinchi oʻrinni band etdi, mezbonlarning 15 oltini milliy sport turi penchak silatdan olindi.

Beshinchi oʻrin uchun oxirgi kunlarda Eron, Xitoy Taypeyi Hindiston, Qozogʻiston, KXDR va Oʻzbekiston oʻrtasida kurash kechdi. Oʻzbekiston turnirning ikkinchi haftasida ham oʻnlikdan tashqarida edi va faqat oxirgi kunlardagi medallar, ayniqsa bokschilarning muvaffaqiyatli ishtiroki evaziga beshinchi oʻringa koʻtarilib oldi. Oxirgi kunda Eron va Oʻzbekiston oʻrtasida oʻziga xos intriga yuzaga keldi. Kun avvalida Eron 19ta medal bilan beshinchi oʻrinda turgandi, yettinchi oʻrindagi Oʻzbekistonda esa 15ta oltin medal bor edi. Oʻzbekistonlik bokschilardan 5 nafari oltin medalga ega chiqqanidan keyin ham beshinchi oʻrin kafolatlanmagandi, Eronning basketbol va voleybol jamoalari finalga chiqqan va ikkita oltin medal olish orqali yana beshinchi oʻrinni qaytarib olishi mumkin edi. Ammo oʻzbekistonlik sambochilar bitta oltin medal qoʻlga kiritish orqali, eronliklarning imkoniyatlarini yoʻqqa chiqardi, endi Eron jamoviy bahslarda ikkita oltin medal qoʻlga kiritsa ham, kumush medallar kamligi evaziga (bu vaqtda Eronda 19ta, Oʻzbekistonda 24ta kumush medal bor edi). Yakunda eronlik voleybolchilar gʻalaba qozonib, medallar sonini 20taga yetkazishdi, ammo basketbol jamoasi kumush medal bilan kifoyalandi.

Turnirda yuqoriroq natija koʻrsatishi kutilgan Qozogʻiston delegatsiyasi esa 76 medal bilan (15-17-44), 9-oʻringa joylashdi.

Umuman, turnirga kelgan 45 delegatsiyadan 37tasi kamida bitta medal bilan qaytadigan boʻldi. Bu delegatsiyalar qatorida 22-oʻrindagi Qirgʻiziston (2-6-12), 27-oʻrindagi Iroq (1-2), 28-oʻrindagi Birlashgan Koreya jamoasi (1-1-2), 30-oʻrindagi Tojikiston (0-4-3), 32-oʻrindagi Turkmaniston (0-1-2), 34-oʻrindagi Pokiston (0-0-4), 35-Afgʻoniston (0-0-2), 37-oʻrindagi Suriya (0-0-1) ham bor.

Musobaqa davomida oʻzbekistonliklar Osiyo oʻyinlari rekordlarini yangilashdi. Svetlana Radzivil balandlikka sakrash boʻyicha uch karra Osiyo oʻyinlari gʻolibiga aylanish bilan bir qatorda, 2010 yilda oʻzi oʻrnatgan rekordni yangilay oldi. Shuningdek, Ruslan Nuriddinov ogʻir atletika boʻyicha Osiyo oʻyinlarining yangi rekordchisiga aylandi. Vadim Menkov baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha toʻrt karra Osiyo oʻyinlari gʻolibiga aylangan ilk sportchi boʻldi.

Oʻzbekiston boks jamoasi esa turnirda yaqqol gegemonlik qildi va katta farq bilan birinchi oʻrinni egalladi. Jasurbek Latipov (-52 kg), Miraziz Mirzaxalilov (-56 kg), Iqboljon Xoldorov (-64 kg), Bobousmon Boturov (-69kg) va Oʻzbekiston delegatsiyasi bayroqdori Isroil Madrimov (-75 kg) oltin medallarni qoʻlga kiritishgandi. Hasanboy Doʻsmatov (-49 kg) va Shunqor Abdurasulov (-60 kg) esa finalda yutqazib, kumush medal bilan kifoyalanishdi.

1. Oʻzbekiston — 5-2-0
2. Moʻgʻuliston — 1-1-0
3. Hindiston — 1-0-1
4. Qozogʻiston — 0-2-0
5. Filippin — 0-1-2.
6. KXDR — 0-1-1
7. Tailand — 0-0-4
8. Xitoy — 0-0-3
9. Indoneziya — 0-0-1
10. Iordaniya — 0-0-1
11. Qirgʻiziston — 0-0-1
12. Yaponiya — 0-0-1

Oʻzbekistonlik kurashchilar ham boshqa raqiblardan yaqqol ustunlik koʻrsatishdi. Kurash boʻyicha musobaqalar ham 7 vazn toifasida tashkil etildi va unda ishtirok etgan 14 nafar oʻzbekistonlik kurashchidan 12 nafari medal oldi - 6 oltin, 2 kumush va 4 bronza. Eʼtiborli jihati, ikki marta finalda oʻzbekistonlik kurashchilar oltin uchun oʻzaro bahs olib borishdi. -90 kg vazn toifasida Yahyo Imomov va Shermuhammad Jandriyev hamda -66 kg vazn toifasida Maʼruf Gʻaybulloyev va Ruslan Boʻriyev finalda oʻzaro gilamga chiqishdi. Shuningdek, oʻzbekistonlik yengil atletikachilar, Svetlana Radzivil va Nadiya Dusanova balandlikka sakrash boʻyicha oltin va kumush medallarni oʻzaro boʻlib olishdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi 2 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00da Toshkentga qaytib keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo oʻyinlari yakunlari. Rekordlar, boks va kurashdagi gegemonlik