13:53 / 05.09.2018
3 334

Ravshan Haydarov: “Oʻz xatolarimiz qimmatga tushdi”

Равшан Ҳайдаров: "Ўз хатоларимиз қимматга тушди"
Bilasiz, Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi oldiga 18-Osiyo oʻyinlari oltin medalini yutish vazifasi qoʻyilgandi. Biroq Ravshan Haydarov boshqaruvidagi jamoamiz musobaqadagi ishtirokini ertaroq yakunlashga majbur boʻldi.

Olimpiyachilarimiz 1|4 final uchrashuvida ortiqcha taʼrifga ehtiyoj sezmaydigan Janubiy Koreya termasiga imkoniyatni boy berishdi - 3:4. Chiroyli oʻyin, alamli natija...

Magʻlubiyat sababini kimlardir hakamdan qidirishdi, boshqa birovlar futbolchilarimizdan oʻpkalashdi, yana baʼzilar murabbiyni bosh aybdor sifatida koʻrsatishdi.

Osiyo oʻyinlarini Jakarta va Palembang shaharlarida bevosita kuzatib borgan maxsus muxbirimiz Kamoliddin Alimov omadsiz bahsdan keyin Ravshan Akmalovichni alohida suhbatga chorlab, olimpiya termasi ishtiroki yuzasidan batafsil intervyu oldi.

- Ravshan aka, Janubiy Koreya termasiga qarshi kechgan oʻyinga toʻxtalishdan avval Osiyo oʻyinlariga tanlangan tarkib haqida soʻramoqchiman. Aytingchi, jamoa safiga oʻzingiz xohlagan barcha futbolchilarni qoʻsha oldingizmi? Albatta, Aziz Gʻaniyevdan tashqari...

- Ha, turnir uchun shakllantirilgan tarkibdan koʻnglim toʻq edi. Zero, yakuniy roʻyxatga ayni paytdagi eng munosib yigitlarni kiritdik, menimcha. Qisqasi, tarkib masalasida hech qanday eʼtiroz yoʻq. Oʻzingiz aytgandek, birgina “Nasaf” yarim himoyachisi Aziz Gʻaniyev xizmatidan foydalanolmadik.

Uning “Navbahor”ga qarshi kechgan uchrashuvda kutilmaganda, jarohatlangani qimmatga tushdi. Bundan tashqari, Indoneziyaga joʻnash oldidan Aziz Turgʻunboyev va Jasur Yaxshiboyevda ham kichik muammo bor edi. Lekin ularni yakuniy tarkibga kiritdik. Turnir davomida shifokorlarimiz har ikkisini safga qaytarish uchun katta hajmda ish olib borishdi.

Ammo Yaxshiboyevni maydonga tushirolmadik, baribir. Yaʼni u talab darajasida tiklanishga ulgurmadi. Qolaversa, Zabihillo Oʻrinboyev ham kichik jarohat bilan oʻynadi. U shu tufayli Toshkentdagi oxirgi yigʻinimizda yakka tartibda shugʻullangandi. Muhimi, Zabihillo oʻzimiz kutgandan ham faolroq toʻp surdi. Har holda, oʻyinlarda sira tinmadi, bir necha gol urdi va jamoaga yordam berdi.

- Tarkibga yana Otabek Shukurov va Eldor Shomurodovni qoʻshish mumkin edi, lekin bilishimizcha, ularga klublari ruxsat bermagan...

- Afsuski shunday. Aslida Shukurov va Shomurodov masalasida ularning klublari bilan uzoq muzokara olib bordik. Lekin BAA va Rossiya chempionatlari davom etayotgani sabab, jamoalar futbolchilarni qoʻyib yubormadi. Chunki Osiyo oʻyinlari dasturidan oʻrin olgan futbol turniri FIFA taqvimiga kiritilmagan.

Bu holatda futbolchiga ruxsat berish-bermaslik klub rahbariyati ixtiyorida boʻladi. Qisqasi, har ikki futbolchining klubi taklifimizga rad javobi berdi. Birgina “Anji” rahbariyati Doston Hamdamovni terma jamoa ixtiyoriga qoʻyib yuborishga rozi boʻldi. Buning uchun maxachqalʼaliklarga minnatdorchilik bildirdik.

Mana, Doston faolligi bilan jamoamizga sezilarli naf keltirdi. Agar Shomurodov va Shukurovni ham tarkibga qoʻsha olganimizda, ehtimolki, hammasi bosh-qacha kecharmidi? Ishonchim komil, ushbu tajribali legionerlarimiz jamoa oʻyinini yaqqol kuchaytirishardi.

- “Zayavka”ga 3 nafar yoshi katta futbolchi kiritish borasida ancha bosh qotirishingizga toʻgʻri kelgani aniq. Bunda koʻproq nimaga eʼtibor qaratdingiz?

- Hech ikkilanishsiz aytishim mumkin, yoshi katta futbolchilarni tanlash bobida xatolikka yoʻl qoʻymadik. Ularni bitta yigʻin - Turkiyadagi mashgʻulotlar vositasida tanladim. Tabiiyki, avvalo, yigitlarning jamoaga kirishib ketish potensialini inobatga oldim.

Muhimi, ular bu borada muammo sezishmadi. Hamma koʻrdi, Jaloliddin Masharipov ham, Ikrom Aliboyev ham oʻyinlarda jamoa yetakchisi sifatida gavdalanib, yigitlarni olgʻa boshladi. Shuning barobarida ular muhim gollarga mualliflik qilishdi. Qisqasi, Jaloliddin va Ikrom yetakchilik xususiyatiga tayanib, futbolchilarni oʻz ortlaridan ergashtirishdi.

Yana bir yoshi katta futbolchimiz - Aziz Turgʻunboyevga esa jarohat pand berdi. Umumiy xulosa shuki, tarkib masalasida jiddiy eʼtirozga oʻrin qoldirmadik, yaʼni futbolchilar tanlovida adashganim yoʻq, menimcha.

- Endi tashkilotchilik xususida: asosiy va mashgʻulot maydonlari talabga muvofiq ekanmi?

- Turnir davomida 3ta shaharchada yashashimizga toʻgʻri keldi, tabiiyki, 3ta mehmonxonada turdik. Stadionlar va mashgʻulot maydonlari chimi sifati oʻrtasida katta farq bor. Har holda, mashgʻulot maydonlari ideal holatda emasdi.

Bagor shaharchasidan Begasiga koʻchib oʻtishda esa, yoʻl muammosiga duch keldik - avtomobillar tiqilinchi. Hattoki, baʼzi kunlar stadionga yetib olish uchun 2 soatlab vaqt sarfladik. Yoʻq, buni katta muammo sifatida koʻrsatmoqchi emasman. Chunki hamma deyarli bir xil sharoitda yashadi, shugʻullandi, oʻyinlarda ishtirok etdi.

- Janubiy Koreya termasi final yoʻlidagi asosiy raqib edi. Oʻyinga munosib taktika tanlashda ikkilanmadingizmi?

- Ha, Janubiy Koreya termasi Osiyo oʻyinlarining asosiy favoriti ekanligi oldindan maʼlum edi. Koreyslarning guruh bosqichi hamda nimchorak finaldagi oʻyinlarini sinchkovlik bilan oʻrganib chiqdik. Guruh raundidan oʻrin olgan Malayziya termasiga qarshi kechgan bahslari bundan mustasno.

Chunki jamoa murabbiylari oʻsha uchrashuvda ikkinchi tarkibni maydonga tushirishdi. Bunday holatda jamoa oʻyiniga toʻlaqonli baho berish mushkul. Qolaversa, koreyslar malayziyaliklarga imkoniyatni boy berishgandi. Umuman, guruh bosqichida 3ta raqib ham koreyslar bilan uchrashuvda himoyaviy taktika qoʻlladi.

Nimchorak finalda esa Eron termasi ancha murosasiz kurash taqdim etdi. Aynan shu bahsni alohida tahlil qildik. Bizga himoyaga asoslangan oʻyin uslubi yarashmasdi. Chunki tarkibimizda hujumni xush koʻradigan futbolchilar juda koʻp. Shuning barobarida ehtiyotkorlik zarar qilmasligini bilardik. Shulardan kelib chiqib, taktika tanladik, oʻyin rejasini tuzdik.

Oddiy aytganda, yigitlarga himoyani aslo unutib qoʻymaslikni alohida uqtirdik. Asosiysi, toʻp nazoratini qoʻldan chiqarmaslik edi. Sir emas, Janubiy Koreya terma jamoasi juda tez harakatlanadi, qarshi hujumlardan unumli foydalanadi. Shularni inobatga olib, futbolchilarni avvalgi oʻyinlarga qaraganda, yanada ildamroq boʻlish, tezroq fikrlashga chorladim.

Hujumda toʻp yoʻqotilsa, zudlik bilan oʻz pozitsiyalariga qaytishlarini tayinladim. Yigitlar bu koʻrsatmalarni qayerdadir toʻgʻri bajarishdi, ayrim vaziyatlarda esa raqiblarga imkoniyatni boy berishdi. Umuman olganda, oddiy xatolarimiz oqibatida alamli magʻlubiyatga uchradik.

Ehtimolki, boshqa jamoa boʻlganida, bu xatolar bilinmasdi, ammo koreyslar raqibni kechiradiganlar toifasiga kirishmaydi. Ayniqsa, Son Xyun Min kabi hujumchilar uchun bu kabi xatolar ayni muddao.

Demoqchimanki, raqib tarkibida yarimta imkoniyatdan ham unumli foydalanadigan futbolchilar bor. Eng alamlisi, hujumkor futbol namoyish etib, yakunda magʻlubiyatni tan oldik. Bunga oʻzimiz sababchimiz. Nazarimda, yigitlar oʻyindan oldingi hayajon va bosimdan toʻliq xalos boʻlolmadilar.

- Koʻproq Son Xyun Mindan xavf kutganmidingiz yoki butun jamoadan?

- Son Xyunga alohida taʼrif berish shart emas. Yuqori saviyali hujumchi, u bejiz Angliyaning grand klubida oʻynamayapti. Tabiiyki, bu hujumchiga alohida eʼtibor qaratdik. Qolaversa, Xvan hamda 10, 11, 30-raqamlarda oʻynagan futbolchilar tezligi va mahoratini alohida taʼkidlashni istardim.

Yigitlarga ularni imkon qadar maydon markazida zararsizlantirish xususida koʻrsatma bergandim. Afsuski, oʻyin boshida tezkor gol qoʻyib yubordik. Natijada hujumga tashlanib, raqibga ochiq futbol taklif qildik. Oʻz oʻrnida tan olish kerak, koreyslar ham hujumkor oʻyin koʻrsatishdi. Bunday futbolda esa omadliroq va kamroq xatoga yoʻl qoʻygan tomon gʻalaba qozonadi.

Afsuski, omad biz tarafda emasdi. Biror futbolchi atayin xato qilmasligi oʻz-oʻzidan tushunarli. Demoqchimanki, koreyaliklar shiddatli va tezkor hujumlari bilan futbolchilarimizni shoshirib qoʻyishdi. Tezkor futbolda ikki jamoadan birining xato qilishi muqarrar. Chunki oʻyinga berilib ketish natijasida sovuqqonlik esdan chiqadi.

Qisqasi, baʼzi vaziyatlarda maydonda boʻsh zonalar qoldirildi. Lekin murabbiy sifatida hech bir futbolchini ayblamoqchi emasman. Zero, yigitlar astoydil harakat qilishdi. Raqib kuchiga hurmat bilan qarab, barchasini toʻgʻri baholash kerak.

Qolaversa, maydonda bir kishi kam boʻlib qolganimiz ham ogʻirlik yukladi. Teng kuchli jamoalar oʻrtasidagi bunday oʻyinlarda son ustunligi bir tomonga foyda keltiradi, baribir.

- Oʻzi J.Koreya termasi siz kutgan darajada oʻynadimi yoki kuchliroq...?

- Tan olishim kerak, raqib men kutgandan ham kuchliroq oʻyin koʻrsatdi. Avvalgi uchrashuvlarda Son Xyun Min ham, Xvan ham bunday kuchli ishtiyoq bilan toʻp surishmagandi. Oʻyinlarni koʻrib chiqqanimda, Son Xyun 60 foiz imkoniyatini ishga solganiga eʼtibor qaratgandim. Biz bilan uchrashuvda esa u umuman boshqa futbolchiga aylandi.

Yaʼni Angliya chempionatida oʻynaydigan haqiqiy Son Xyunni koʻrdik. Umuman, koreyalik barcha futbolchilar maydonga oʻzgacha ishtiyoq bilan tushishdi. Ular bizni asosiy raqib sifatida bilib, alohida tayyorgarlik koʻrishgani yaqqol sezildi. Stadiondan ketayotganimizda, Son Xyun Min avtobusimizga chiqib, futbolchilarga dalda berdi, kayfiyatlarini koʻtarishga urindi.

U shu bilan haqiqiy professionallarga xos ish tutdi. Juda murakkab, qiyin bahsda gʻalaba qozonishganidan benihoya xursandligi shundoq yuz-koʻzidan sezilib turdi. Endi bu tabiiy holat. Yanvar oyida boʻlgan Osiyo chempionatida koreyslarni yenggandik. Ular oʻsha magʻlubiyat uchun revansh olish ilinjida yurishgandi.

Ha, bizning futbolchilarda ham ishtiyoq, intilish yuqori edi. Lekin qaytaraman, oʻz xatolarimiz qimmatga tushdi. Har qanday holatda ham, yigitlarni ayblamayman. Ular imkon darajasida harakat qilishdi, intilishdi.

- Magʻlubiyat sabablarini tahlil qilish jarayonida qaysi omillar salmoqliroq koʻrindi? Bunda xususan, hakamlar “hissa”si ham bormi?

- Afsuski, magʻlubiyatda hakamlik taʼsiri ham yoʻq emas. Aslida finalga xos bunday oʻyinlarga saviyali referi qoʻyilishi kerak. Saudiyalik hakam esa ikki kuchli jamoa oʻyinini boshqarishga munosib emasligini bilintirib qoʻydi.

Axir uning brigadasi koʻplab vaziyatlarda adashdi, ayniqsa, bizning zararimizga keraksiz hushtak tez-tez yangradi. Xullas, referi oʻyin borishi va natijaga salbiy taʼsir oʻtkazdi.

- Oxirgi savol: jamoamiz chorak finalda toʻxtadi. Xoʻsh, Osiyo oʻyinlaridagi ishtirokka qanday baho berasiz?

- Aslida kamida finalda oʻynashni koʻzlagandik, maqsadimiz shu edi. Afsuski, chorak final yakuniy marra boʻldi. Oʻzi futbol shunaqa - gʻalaba va magʻlubiyat hamisha yonma-yon. Uzluksiz ravishda gʻalaba qozonadigan jamoaning oʻzi yoʻq. Menga taskin beradigan jihat shuki, bu jamoaning kelajagi porloq.

Tarkibda oʻzbek futbolining yaqin kelajagini belgilab berish salohiyatiga ega yigitlar bor. Asosiysi, futbolchilar odobi va muomalasi ham juda yaxshi. Aytmoqchimanki, tarbiyali, xushfeʼl yigitlar yigʻilishgan. 4 yildan buyon bu jamoa bilan birgaman. Yigitlarni yaqindan bilganim uchun shunday dadil gapiryapman.

Biz bunga qadar jahon chempionatida munosib ishtirok etdik. Bilasiz, Yangi Zelandiyada boʻlib oʻtgan mundialda dunyoning kuchli 8ta jamoasi qatoriga kirgandik. Shu yil yanvar oyida esa Osiyo chempionatida gʻalaba qozondik. Umumiy baho berganda, Osiyo oʻyinlarida ham yomon oʻyin koʻrsatmadik, menimcha.

Bir soʻz bilan aytganda, jamoa tarkibidagi aksariyat futbolchilarni yorqin kelajak kutmoqda. Mana, hozirning oʻzida bir qator yigitlarimiz milliy jamoada ham oʻynashyapti. Uchrashuvdan keyin ularga shu haqda gapirib, tushkunlikka berilmay, yoʻl qoʻyilgan xatolardan toʻgʻri xulosa chiqarishlarini soʻradim.

Oʻylaymanki, futbolchilar tegishli saboq olishadi. Oʻz oʻrnida men ham murabbiy sifatida Osiyo oʻyinlaridagi ishtirokimizni oʻzim uchun obdon tahlil qilaman hali...
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov: “Oʻz xatolarimiz qimmatga tushdi”