14:55 / 08.09.2018
2 953

Server Jeparov: “Terma jamoadagi faoliyatimni yakunlash niyatim yoʻq”

Сервер Жепаров: "Терма жамоадаги фаолиятимни якунлаш ниятим йўқ"
Oʻzbek futbolining hozirgi kundagi taniqli shaxslaridan biri – Server Jeparovning hali ham muxlislari koʻp. Xabaringiz boʻlsa, tajribali yarim himoyachi hozirgi paytda faoliyatini Qozogʻistonning “Jetisu” klubida davom ettiryapti. Oʻtgan yili Eron chempionatida toʻp surib yaxshi taassurot qoldirgan oʻyinchi endilikda qoʻshni qozogʻistonlik muxlislarning ham mehrini qozonishni maqsad qilgan koʻrinadi. Ammo u 35 yoshda ekanligini ham unutmaslik kerak. Yana bir eʼtiborga molik tomoni shundaki, Oʻzbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi Ektor Kuper uni dastlabki yigʻinga taklif qilmadi. Suhbatimiz esa asosan yangi klubga oʻtishi, terma jamoa va oʻzi haqida kechdi.

- Server, faoliyatingizni qanday sabablarga koʻra Qozogʻistonning “Jetisu” jamoasida davom ettirshga qaror qildingiz?

- Albatta, menda ikkita variant bor edi. Eronda qolib toʻp surish yoki Qozogʻistonda faoliyatni davom ettirish. Eron chempionati nihoyasiga yetganidan soʻng “Istiqlol” bilan imzolangan kelishuv ham oʻz kuchini yoʻqotgandi. Shu bois tanish-bilishlarni ishga solgan holda oʻzimga mos keladigan jamoani qidirishda yordam soʻradim. Koʻp oʻtmay hammasi oydinlashib, “Jetisu” varianti yuzaga keldi. Ikki kun davom etgan muzokaralardan keyin ushbu jamoa bilan kelishuvga erishdim. Bosh murabbiy, sport direktori va mening ishtirokimda oʻtgan yakuniy muzokarada hammasini oʻzaro hal qilishga muvaffaq boʻldik.

- Siz hozirda 35 yoshdasiz va bu yoshda legioner boʻlib oʻynash qiyin. Shu bois taklifni tanlashda ikkilanmadingizmi?

- Mening nazarimda, legioner boʻlish juda qiyin ish. 2010 yildan beri legionerman. Aytish mumkin boʻlsa, bunga koʻnikib ketdim. Shu sabab “Jetisu” bilan kelishuvga erishish unchalik murakkab boʻlmadi. Qolaversa, sakkiz yildan beri chetda yuraverganim tufayli yangicha shart-sharoit va muhitga koʻnikma hosil qilishim oson kechmoqda. Xususan, “Jetisu” varianti borasida uzoq oʻylanishimga toʻgʻri kelmadi. Men munosib taklif kelib tushishini kutgandim xolos.

- Milliy terma jamoamiz yangi bosh murabbiy – Ektor Kuper boshchiligida yigʻinni boshlagan. Ammo u sizni boʻlajak oʻyinlar uchun chaqirmadi. Ayting-chi, termadagi faoliyatingizni yakunlash haqida oʻylayapsizmi?

- Milliy terma jamoamizni tajribali murabbiy qabul qilib olganidan juda xursandman. Uning terma jamoaga meni chaqirmaganiga kelsak, hammasini toʻgʻri qabul qilish kerak. Axir bosh murabbiy jamoaga kimlarni chaqirishni oʻzi hal qiladi. Chunki har bir mutaxassisning oʻyinni tashkil etish borasida oʻz gʻoyalari boʻladi. Bevosita oʻzimga kelsak, terma jamoadagi faoliyatimni tugatish niyatim yoʻq. Bu oʻz navbatida klub miqyosidagi faoliyatimga ham taalluqlidir. Sababi, oʻzimni juda yaxshi his qilyapman. Shuning evaziga toʻp suradigan klubim oldiga qoʻyiladigan vazifalarni bajarishda foydam tegishi mumkinligiga ishonaman. Men buni “Istiqlol”da toʻp surib yurgan chogʻimda ham isbotladim. Ushbu jamoa bilan Osiyo Chempionlar ligasi chorak finaliga chiqdim.

- Umuman olganda, sizning Kuper haqidagi fikringiz qanday? U bizni jahon chempionati sari yetaklab bora oladimi?

- U koʻplab mamlakatlarda ishlagan va katta tajriba toʻplagan murabbiydir. Kuper haqidagi fikrim ijobiy. Nazarimda, terma jamoamizda uning ishlari koʻngildagidek chiqadi.

- Qozogʻistondagi hayotingiz qanday kechyapti? U yerda yaqin doʻstlaringiz – Aleksandr Geynrix, Timur Kapadze, Marat Bikmayevda keyin siz ham u yerga yoʻl oldingiz. Bu faoliyatingizning oxirgi qismlarimi?

- Qozogʻistondagi ishlarim qanday? Yaxshi yashayapman. Oʻzimni xuddi uydagidek his qilmoqdaman. Hamma rus tilida soʻzlashadi. Shu sabab til borasida hech qanday muammo yuzaga kelmaydi. Faoliyatimni yakunlash haqidagi fikr esa umuman xayolimga kelmayapti.

- Umuman olganda, Server Jeparov yana necha yil futbol oʻynamoqchi?

- Negadir siz savollaringizda faoliyatingizni qachon yakunlamoqchisiz, deya bunga koʻp urgʻu beryapsiz. Jahonda koʻplab futbolchilar 40 yoshga toʻlguncha toʻp surishga erishganlar. Hozircha muayyan maqsadlarga egaman, boz ustiga kuch-gʻayrat va sogʻlik masalasida menda hech qanday muammo yoʻq. Shunday boʻlgach, sogʻligim imkon berguncha futbol oʻynashda davom etmoqchiman.

- Yangilangan Oʻzbekiston chempionatini kuzatyapsizmi? Sizga qanchalik yoqyapti?

- Albatta, milliy chempionatimiz doirasidagi oʻyinlarni kuzatib boryapman. Internetda onlayn orqali uchrashuvlarni tomosha qilmoqdaman. Ammo birinchilikning formati haqida biror narsa deyishim qiyin. Chunki turnirni istalgan format asosida oʻtkazish mumkin. Qolaversa, yuqoridagilar ham oʻz-oʻzidan bunday toʻxtamga kelmaganlar.

- Siz futbol agentligiga qiziqadi deb eshitgandim. Oʻzingizni keyinchalik murabbiylik rolida ham koʻryapsizmi?

- Hozircha futbol oʻynashda davom etayotgan ekanman, oʻzimni chalgʻitadigan narsalarga eʼtibor bermaslikka intilaman. Menda murabbiylik uchun “V” toifali litsenziya bor. Keyinchalik nima boʻlishini vaqt koʻrsatadi. Biroq shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, oʻyinchilik faoliyatimni yakunlagan taqdirimda ham oʻzimni futboldan boshqa sohada tasavvur qila olmayman.

- Sizningcha, qaysi klub Oʻzbekiston chempioni boʻladi?

- Amalga tatbiq qilingan yangi formatga koʻra kuchli oltilikdan joy olgan har bir klub chempionga aylanishi mumkin. Ammo holatga real koʻz bilan boqadigan boʻlsak, chempionga aylanish imkoniyati “Lokomotiv” bilan “Paxtakor”da koʻproq. Yana shuni ilova qilishim kerakki, bu mening shaxsiy fikrim.

- Faoliyatingizni Oʻzbekistonda yakunlash rejangiz ham bormi?

- Agar faoliyatimni Oʻzbekistonda yakunlamoqchi boʻlsam, buni imkon qadar yuqori notada tamomlashga harakat qilaman.
Shuhratbek Joʻrayev suhbatlashdi.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Server Jeparov: “Terma jamoadagi faoliyatimni yakunlash niyatim yoʻq”