23:08 / 11.09.2018
3 036

Ektor Kuper: “Oktyabr oyidagi yigʻinda terma jamoaga umuman chaqirilmagan futbolchilar ham boʻladi”

Эктор Купер: "Октябрь ойидаги йиғинда терма жамоага умуман чақирилмаган футболчилар ҳам бўлади"
Oʻzbekiston - Eron (0:1) oʻrtoqlik uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mezbonl bosh murabbiyi Ektor Kuper qatnashdi.

- Birinchi navbatda ikkita turli xil taymlar guvohiga aylandik. Shuni unutmaslik kerakki raqib anoyilardan emasdi. Ikkinchi taymda charchoq alomatlari sezildi. Balki bunda mening aybim bordir, mashgʻulotlar vaqtida jismoniy tayyorgarlikka koʻproq eʼtibor bermagandirmiz. Himoya chizigʻi bugun oldingi bahsga nisbatan yaxshiroq oʻynadi. Hujumda esa hali qiladigan ishlarimiz koʻp. Eron ham koʻp hujum qildi demagan boʻlardim. Toʻgʻri natija boʻlmadi, ammo oʻrtoqlik uchrashuvi boʻlgani uchun yangi futbolchilarni tushirib ularni sinab koʻrishga qaror qildim. Ikkita oʻyin orqali xulosa qilib aytadigan boʻlsam qaysi pozitsiyani kuchaytirishim kerakligini bilib oldim. Keyingi yigʻinga yangi futbolchilar chaqiriladi", - deydi Kuper.

- Sizning uslubingiz himoyaviy. Bunday vaziyatda hujumda imkoniyat kam boʻladi va oʻsha kam imkoniyatdan foydalanish kerak. Hujum chizigʻida uch futbolchi Temurxoʻja Abduxoliqov, Igor Sergeyev va Ivan Nagayevni sinab koʻrdingiz. Ular sizning talabingizga javob beradimi yoki yoʻqmi?
- Oldingi matbuot anjumanlarida aytganman. Asosiy urgʻuni himoyaga qaratganman. Hujumchilarning soni bilan hujumkorlikni bogʻlamagan boʻlardim. Bugun 4 nafar hujumkor oʻyinchi harakat qildi. Bugun Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi oʻynadik. Keyrush 7 yildan buyon ishlamoqda, men esa 14 yoki 15 kundan buyon bu jamoa bilan ishlayapman. Eng asosiysi qayerda xatolar qilganimizni koʻrib oldim. Qaysi oʻyinchilar mening talablarimga javob bermayotganini aniqlab olaman. Ikkinchi taymda yomon oʻynadik, bunda mening ham aybim bor.

- Oldinda oktyabr va noyabr oyidagi FIFA kunlari bor. Bundan tashqari Superliga tugaganidan soʻng, taxminan dekabr oyining ikkinchi yarmidan yigʻin oʻtkazish imkoniyati bor. Shu vaqt sizga Osiyo Kubogiga tayyorgarlik uchun yetarli boʻladimi? Yoki Superligani ertaroq tugatish borasida taklif bilan chiqasizmi?
- Vaqt yetarli darajada. Oʻylaymanki hech qanday muammo boʻlmaydi. Indinga men Oʻzbekiston chempionati oʻyinlarini kuzatishni boshlayman. Terma jamoani kuchaytirishi mumkin boʻlgan futbolchilarni kuzataman.

- Yaponiya va Janubiy Koreya terma jamoalarining oʻzagini yosh futbolchilar tashkil qiladi. Bizning terma jamoada yoshi katta futbolchilar koʻp. Siz yosh futbolchilarga eʼtibor qaratasizmi?
- Albatta toʻgʻri gapni aytdingiz. Oʻzbekiston U-23 terma jamoasida koʻz ostimga olib qoʻygan futbolchilar bor. Ular terma jamoani kuchaytira olishiga shubham yoʻq. Indoneziyadagi musobqada ishtirok etishgani uchun ularni sentyabr oyidagi yigʻinga chaqirmadik. Oktyabr oyidagi yigʻinda hali terma jamoaga umuman chaqirilmagan oʻyinchilar boʻladi. Shu oʻrinda jurnalistlarga rahmat aytmoqchiman. Boshqa davlatda boʻlganida hozirdanoq tanqidiy qarashlar va keskin savollar berishgan boʻlardi. Sabr uchun barchaga rahmat aytaman.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper: “Oktyabr oyidagi yigʻinda terma jamoaga umuman chaqirilmagan futbolchilar ham boʻladi”