10:57 / 12.09.2018
2 513

Karlush Keyrush: “Oʻzbekiston terma jamoasida ish boshlashim mumkinmidi? Buni izohsiz qoldiraman”

Карлуш Кейруш: "Ўзбекистон терма жамоасида иш бошлашим мумкинмиди? Буни изоҳсиз қолдираман"​
Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrush saytimiz uchun alohida intervyu berishga rozi boʻldi.

Faqat vaqti kamligi bois 10 daqiqacha ajrata olishini aytdi. Natijada biz ham imkoniyatni boy bermay tezda savollarga oʻtdik.

- Jahon chempionatidan soʻng hayotingizda nima oʻzgardi?
- Katta oʻzgarish boʻlgani yoʻq. Men har doim yaxshi murabbiy boʻlishni xohlaganman. Jahon chempionatidan oldinmi yo keyinmi buning farqi yoʻq. Men oxirgi yillarda faqat eng yaxshi murabbiy boʻlishga harakat qilyapman.

- Eron garchi jahon chempionatida guruhdan chiqa olmagan boʻlsa-da, musobaqada yaxshi ishtirok etdi. Muvaffaqiyatning asosiy siri nimada?
- Oddiy qilib aytganda, qattiq mehnat va toʻgʻri ishlashda. Biz vaqtdan unumli foydalandik va deyarli har kuni dam olishsiz mashgʻulot oʻtkazdik.

- Jahon chempionatidan oldin qanday xayolda edingiz?
- Koʻpchilik bizga ishonmagandi. Chunki mundial paytida odamlarning xayoli boshqa jamoalarda boʻladi. Lekin biz ishlashda davom etdik. Kishini xursand qilgan jihati, jahon chempionati biz uchun muvaffaqiyatli kechdi va endi bemalol Osiyo Kubogi haqida oʻylasak boʻladi.

- JCHdan oldin natija qanday boʻlishidan qatʼiy nazar Eronni tark etaman degandingiz.
- Yoʻq, men bunday demaganman. Balki jurnalistlarning oʻzi toʻqib yozgan boʻlishlari mumkin.

- Osiyo Kubogi-2019da gʻolib chiqish asosiy maqsadingizmi?
- Ha. Biz bu musobaqaga faqat gʻalaba uchun boramiz. Eron oldida bundan boshqa yoʻl yoʻq.

- Qishda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati bilan uchrashganmisiz?
- Bu savolni izohsiz qoldiraman.

- Oʻzbekiston terma jamoasini boshqarish boʻyicha rasmiy taklif boʻlganmi?
- Matbuot anjumanida aytib oʻtganimdek, bu kabi savollarni ochiq qoldiraman.

- Mayli, boshqa savolga oʻtamiz. Shu paytgacha Oʻzbekistonga qarshi oltita oʻyin oʻtkazgansiz. Shundan toʻrttasi rasmiy va ikkita oʻrtoqlik. Qaysi uchrashuv koʻproq yodingizda qolgan?
- Menda Oʻzbekiston bilan har doim iliq xotiralar qolgan. Lekin eng katta darsni 2012 yil Tehronda boʻlib oʻtgan oʻyindan olganman. Oʻshanda biz 0:1 hisobida yutqazib qoʻygandik.

- Qaysi gʻalabani koʻproq eslab turasiz?
- Barchasini. Chunki gʻalaba kishiga zavq bagʻishlaydi, muxlislar ham xursand boʻladi.

- Eronning navbatdagi raqibi Oʻzbekiston terma jamoasi deyilganda xayolingizga nimalar keladi?
- Men xoh Oʻzbekiston, xoh boshqa jamoa boʻlsin raqib deganda faqat rasmiy oʻyinlarni tushunaman. Qolgan payt bizlar oʻrtoqlarmiz. Toshkentga ham raqib sifatida emas, balki oʻrtoqlik uchrashuvi oʻynash uchun kelganmiz.

- Oʻzbekistonda qaysi futbolchilarni alohida koʻrsa olasiz?
- Sizlarda yaxshi futbolchilar koʻp. Masalan, Odil Ahmedov, Server Jeparov, Sardor Rashidov... Terma jamoangizga qarshi oʻynash oson emas. Oʻzbekiston - Osiyoda men eng yaxshi koʻrgan jamoalardan biri.

- Terma jamoamizga qanday taʼrif bergan boʻlardingiz?
- Birinchi navbatda jiddiy va hurmatga sazovor raqib. Chunki sizlarda yaxshi oʻyinchilar bor, shuningdek jamoa futbol oʻynashni biladi. Oʻzbekistonni tartibli futbol oʻynaydigan jamoa deb hisoblayman.

- Hayotda va futbolda siz uchun eng muhim narsa nima?
- Hurmat. Nima ish qilishingdan qatʼiy nazar hammani hurmat qilishing kerak.

- Nima deb oʻylaysiz, Sardor Azmun Osiyo Kubogiga qadar terma jamoaga qaytadimi?
- Ishonchim komilki, agar oʻsha paytgacha terma jamoa bosh murabbiyi boʻlsam, Azmun albatta qaytadi. Men uni qaytarish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.

- 2012 yil Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston - Eron uchrashuvi yodingizdami? Oʻshanda jamoangiz 90+4-daqiqada gol urib yutib ketgandi. Yaponiyalik hakam bizning golimizni hisoblamagandi.
- Koʻp oʻyinlar doim esimda qoladi. Men hatto kichik epizodlargacha eslashga harakat qilaman.

- Oʻsha oʻyinda terma jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan biroz tortishib qolgandingiz.
- Oʻyin payti hamma narsa boʻlishi mumkin. Lekin men har doim oʻz hamkasblarimni hurmat qilaman. Futbolda ikkala jamoa ham yutish uchun oʻynaydi. Biz faqat oʻyin payti raqiblarmiz, bahs yakuniga yetgach yana doʻst boʻlib qolaveramiz.

- Oxirgi savol. Bu yilgi jahon chempionatida tarixda birinchi marta Osiyodan beshta jamoa qatnashdi. Lekin faqat Yaponiya guruhdan chiqa oldi. Osiyoda futbol sekin oʻsyaptimi?
- Buni bir soʻz bilan harakatsizlik, yaʼni bir joyda turib qolish degan boʻlardim. Osiyoda futbol na koʻtarilyapti, na pastga tushyapti. Biz doim bir xil xatolarni takrorlash biland bandmiz. Yevropa ancha yuqorilab ketdi, lekin Osiyo bilan Afrika futboli hamon uyquda.
X.Xoliqov suhbatlashdi.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Karlush Keyrush: “Oʻzbekiston terma jamoasida ish boshlashim mumkinmidi? Buni izohsiz qoldiraman”