21:57 / 12.09.2018
2 928

Ektor Kuper: Mening uslubimda oʻyin doim himoyadan quriladi (toʻliq matn)

Ektor Kuper: Mening uslubimda oʻyin doim himoyadan quriladi (toʻliq matn)
Eron terma jamoasiga qarshi kechgan oʻyindan soʻng Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi va jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

"Biz ikki xil boʻlimga guvoh boʻldik. Birinchi boʻlimda shogirdlarim yomon taassurot qoldirishmadi. Shuni ham aytish kerakki, raqib ham anoyilardan emasdi.

Ikkinchi boʻlimda futbolchilarda charchoq alomatlari koʻrindi. Balki bu mening ham aybimdir, mashgʻulotlarda jismoniy zoʻriqishga uncha eʼtibor qilmagandirmiz.

Umuman olganda, Suriyaga qarshi oʻyinga qaraganda bunisida oʻsishga erishdik deb hisoblayman. Himoyada avvalgi oʻyinga nisbatan yaxshiroq harakat qilindi. Yarim himoya ham ishonchli oʻynadi.

Hujumga kelsak: ushbu chiziqda ishlashda davom etamiz. Ikkinchi boʻlimda men koʻproq yangi futbolchilarni sinab koʻrdim. Siz yaxshi natija kutishingizni toʻgʻri tushunaman. Oʻrtoqlik oʻyini boʻlgani uchun hammaga imkon berishga harakat qildim va bundan kerakli xulosalarni chiqarib oldim.

Ayrim futbolchilar oʻyinga moslasha olishmadi. Xullas, qaysi nuqta boʻyicha ishlash kerkligi oydinlashmoqda. Keyingi yigʻinlarda bundan ham yaxshiroq natijalar qilishga harakat qilamiz".

– Jamoa himoyaga eʼtibor qaratgandan keyin, bilamizki, hujumda imkoniyatlar kam boʻladi. Oʻsha imkoniyatlardan unumli foydalana oladigan hujumchi yoʻqdek. Siz hujumda uchta futbolchini sinab koʻrdingiz, ular sizning talablaringizga javob berishdimi?

– Mening uslubimda oʻyin doim himoyadan quriladi. Shu sabab, biz hozirda asosiy eʼtiborni himoyaga qaratmoqdamiz. Toʻgʻri hujumda imkoniyatlarimiz kamroq boʻldi. Biroq shuni aytish joizki, hujumchilar soni bilan hujum qilish imkoniyatlarini bir-biriga bogʻlamagan boʻlar edim.

Baʼzida biz toʻrtta hujmkor oʻyinchi bilan oldinga oʻtgan vaziyatlarimiz boʻldi, yaʼni Abduholiqov, Bikmayev, Rashidov va Shomurodovlar orqali. Shunday ekan jamoaning oldindagi harakatlari hujumchilar soniga u qadar bogʻliq emas.

Shuni ham inobatga olish kerak, biz Osiyoning eng kuchli terma jamoasiga qarshi oʻyin olib bordik. Yana bir jihat, Keyrush Eron bilan yetti yildan buyon ishlab kelmoqda, men esa 14-15 kun. Bu borada ham katta farq bor, murabbiy jamoani tushunib olishi juda muhim.

Eng asosiysi men muammolarimizni koʻrib oldim. Qayerda nima qilish kerakligini tushunib oldik. Muammolar juda koʻp, ammo men endi nimalar ustida ishlash kerakligini bilaman.

– Osiyo Kubogigacha sizning oldingizda ikkita FIFA kuni va Superliga yakuniga yetgandan soʻng yana bir necha kun tayyorgarlik uchun qolmoqda. Aytingchi, bu vaqt yetarlimi? Yoki OʻFAdan Superligani ertaroq tugatishni soʻramoqchimisiz?

– Osiyo Kubogiga tayyorgarlik koʻrish uchun vaqt yetarli. Oʻylaymanki, bu borada hech qanday muammo boʻlmaydi va chempionat oʻyinlarini ertaroq tugatishning hojati yoʻq. Ertadan chempionat oʻyinlarini diqqat bilan kuzatishni boshlayman. Buning yordamida terma jamoani kuchaytira oladigan oʻyinchilarni jalb etaman.

Hozirdan belgilab qoʻyilgan rejalarimiz bor. Osiyo Kubogiga jamoamiz yetarlicha tayyorgarlikka ega boʻlib boradi.

– Ayni damda terma jamoamizda yetarli darajada yoshi katta futbolchilar bor. Siz olimpiya terma jamoasidan yoki yoshlardan MTJga futbolchi jalb qilish borasida oʻylab koʻrdingizmi?

– Haq gapni aytdingiz. Albatta, yoshlarga eʼtibor qaratish kerak. Olimpiya termasida allaqachon oʻz koʻz ostimga olib qoʻygan oʻyinchilarim bor. Ular yetarli darajada terma jamoani kuchaytira oladi.

Oktyabrdagi yigʻinlarga U-23 termasidagi yoshlar jalb qilinadi. Hatto shu kunga qadar terma jamoaga chaqirilmagan futbolchilarni ham koʻrishingiz mumkin boʻladi. Biz olimpiya termasining nafaqat Indoneziyadagi, balki undan oldingi oʻyinlarini ham koʻrib chiqdik. Bu terma jamoa haqida juda yaxshi bilimlarga egamiz. Osiyo oʻyinlarida qatnashgan jamoani oʻrtoqlik oʻyinlari uchun bezovta qilishni istamadim.

Soʻnggi gap oʻrnida, men jurnalistlarga rahmat aytmoqchiman. Sabringiz uchun tashakkur! Hozir boshqa davlatlardagi matbuot anjumanida tanqidlar yogʻilib ketgan boʻlardi. Sizlarga katta rahmat!

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper: Mening uslubimda oʻyin doim himoyadan quriladi (toʻliq matn)