21:55 / 13.09.2018
2 497

Oraliq marradagi oʻylar yoxud birinchi bosqichda chempionatimizda nimalar roʻy berdi?

Oraliq marradagi oʻylar yoxud birinchi bosqichda chempionatimizda nimalar roʻy berdi?
Bilasiz, ayni paytda Superliganing ikkinchi bosqichi start olmoqda. Biz esa ortda qolgan bosqich borasida fikr-mulohaza yuritamiz.

RЕGLAMЕNT

Ortda qolgan bosqichni “Paxtakor” birinchi oʻrinda yakunladi. Ammo yangi davrani peshqadam sifatida “Navbahor” boshlaydi. Chunki “lochinlar” chempionlik uchun kurashadigan raqiblarini koʻproq magʻlub etishdi. Oxirgi turlarga kelib Ilhom Moʻminjonov jamoasiga kerak boʻlmagan bellashuvlarda ochkolarni “ulashdi”. Bu esa turnir jadvalida namanganliklarning egallab turgan oʻrinlariga hech qanday taʼsir qilmadi. Oʻsha Fargʻona va Navoiydagi magʻlubiyatlardan fojea yasalmadi. Qaytanga, asosiy futbolchilarga dam, zaxiradagilarga imkoniyat berildi.

Shota Arveladze esa soʻnggi uchrashuvlarda ham iloji boricha zafar quchib, davrani yaxshi kayfiyatda tamomlamoqchimiz dedi. Ammo bu shunchaki yupanch soʻzlar edi. Buni uning oʻzi ham juda yaxshi bilardi.

Oʻtgan mavsumning eng yaxshi xorijlik murabbiyi uchun sinov endi boshlanadi. Futbolchilik paytida yaqin oʻtmishning yorqin yulduzlaridan biri boʻlgan afsonaviy hujumchining murabbiylikdagi bilimlarini chempionlik yoʻlida kurashadigan jamoalarga qarshi “jang”larda koʻramiz. Turning barcha bahslari muhim ahamiyat kasb etadi. Shotaga bir narsa foyda berishi mumkin. U ham boʻlsa, “Metallurg”ning kuchli oltilikda qolgani. Chunki “sherlar” bekobodliklarni ikki oʻyinda magʻlubiyatga uchratib, olti ochko ishlashgandi. Boz ustiga, “Paxtakor”dan ijaraga olinganlar Arveladze jamoasiga qarshi maydonga tushmaydi.

Koʻrib turganingizdek, ikki bosqichli tizimning ham salbiy tomonlari bor. Peshqadamlarga qarshi oʻyinlarni oʻtkazib boʻlgan jamoalar quyi oltilikdagilar bilan rasmiyatchilik uchun maydonga tushishdi. Chunki yetakchilarga ulardan olingan ochkolardan foyda yoʻq edi. Bu amalda ham koʻrinib qoldi. Yakunda Superligada gʻalaba nimaligini bilmayotgan “Neftchi” grandlar kushandasi “Navbahor”ni Fargʻonada yengdi va oʻzining noxush anʼanasiga barham berdi.

Bunday natijalar uchun murabbiylar aybdor emas. Har qanday reglamentda ham mutaxassislar oʻzlari uchun qulay holatlarni topib olishadi.

Ammo bir narsa hanuzgacha koʻpchilikni oʻylantirib keladi: “Sementchi”ning “Neftchi”ga aylantirilishi! Birinchi liga gʻolibi boʻlib, oʻz muxlislari va homiysi bor jamoa taqdiridagi bunday burilish quyi liga vakillarining Superligaga intilishini kamaytiradi. Chunki shuncha mehnat qilsang-da, boshqa klub nomi bilan boshqa shaharda toʻp tepishingga toʻgʻri kelsa. Quvasoyliklar gʻalaba qozonishganida OʻFA birinchi vitse-prezidenti borib tabriklab kelgandi va ularga Superligada ham mana shunday uchrashuvlarni oʻtkazishlarini tilagandi. Ammo oradan vaqt oʻtib, oʻsha bildirilgan fikrlar klubga nasib etmadi. Toʻgʻri, futbolchilar mamlakat birinchiligida toʻp tepishmoqda. Ammo quvasoylik muxlislarda nima ayb?

TAQVIMDAGI OʻZGARISHLAR

PFL yangi mavsumga qurʼa tashlash marosimidan oldin taqvim oʻzgarmasligi haqida vaʼdalar bergandi. Bu yilgi taqvim terma jamoaning oʻrtoqlik oʻyinlari inobatga olingan holda tuzib chiqilgani eʼtirof etildi. Ammo mavsum boshidan beri hozirgi kungacha joriy taqvim PFLning avvalgi rahbarlari shuncha yil oʻzgartirgandan ham koʻp almashdi. Qolaversa, Superliganing ikkinchi bosqichida ham bu ishlar boʻlmasligiga ishonish qiyin.

Darvoqe, “Napoli” muxlislari Gonsalo Iguain “Milan”ga koʻchib oʻtganidan soʻng unga atab banner koʻtarishdi. Unda shunday soʻzlar yozilgandi: “Sen futbolkangni ichki kiyimingdan ham koʻproq almashtirasan”.

STADIONLAR

Yil boshida PFL stadioni talablarga javob bermaydigan jamoalar chempionatda qatnashmasligini maʼlum qilgandi. Shu bois Muborakning “Mashʼal” klubi Superligadan chetlatildi. Vaholanki, Bekobodning “Metallurg” va Qoʻqonning “Qoʻqon-1912” klublarining uy maydonlari dastlabki tur uchrashuvlariga tayyor boʻlmadi. Natijada, ushbu ikki jamoa dastlabki oʻyinlarini safarda oʻtkazdi. Ularga hech qanday chora ham koʻrilmadi.

Boz ustiga, yaqinda PFL koʻplab stadionlarda maysaning ahvoli yomonligini tan oldi, yaʼni ayrim oʻyingohlar mutasaddilari ogohlantirildi.

HOMIYLAR

Mamlakatimizdagi koʻplab klublarga “Oʻzbekneftegaz” va “Oʻztransgaz” homiylik qiladi. Bu kompaniyalarning futboldan boshqa sohalarda ham amalga oshiriladigan ishlari juda koʻp. Boshqa kompaniyalar nega futbolga eʼtibor qaratmayapti. Masalan, Samarqandda “Man” zavodi bor. Lekin “Dinamo”ning oʻzi bir ahvol. Asakada avtomobil zavodi mavjud, biroq “Andijon” birinchi liganing yetakchisi, xolos. Qoraqalpogʻistonda ham kamida bitta klubni bemalol koʻtara oladigan imkoniyat bor, ammo u yerda Superligada ishtirok etadigan jamoaning oʻzi yoʻq. Boshqa viloyatlarda ham shu kabi vaziyatni koʻrish mumkin.

Aytgancha, bu yildan chempionatimizning titul homiysi bor deb baralla, ogʻzimizni koʻpirtirib maqtanyapmiz. Pepsi Superliga deb. Ammo oʻsha “Pepsi” kompaniyasi bilan imzolangan shartnomadan jamoalarga foyda bormi? Kelishuvdan soʻng klub­larimizga vaʼda qilingan mavsum yakunida oladigan mukofot pullari koʻpaydimi? Bu borada hech qanday maʼlumotlar yoʻq. Shaffoflikni taʼminlaymiz degandik. Ammo...

LЕGIONЕRLAR LIMITI

Ushbu masalaga toʻxtalmaslikning iloji yoʻq. Chunki doim bu bizning ogʻriqli nuqtamiz deymiz. Ammo har safar yana xorijlik futbolchilarni olib kelishda adashamiz. Yanglishishimizni bilsak ham ularni klubga qoʻshib olamiz. Zoʻr tasodif. Ustiga-­ustak, legionerlar limitini oshirib, 4+1 qilib qoʻydik (maʼlumot oʻrnida, Osiyoda 3+1). Bundan oʻzbek futboliga nima naf? Olib kelingan qaysi legionerni “zoʻr” emas, balki hech boʻlmaganda “yaxshi” deb atash mumkin? Ushbu savollarga murabbiylarning oʻzi ham javob bera olmasa kerak. Boisi legionerlarning koʻpi zaxira oʻrindigʻini isitishdan boshqasiga yaramayapti. Yoki sizga maʼqul kelgan chet ellik oʻyinchi bormi? Menimcha, “Paxtakor”ning Tiago Bezerrasi pichoqqa ilinadi, xolos.

Mavqsum boshida “Qizilqum” hujumchisi Elguja Grigalashvilini maqtagandik. Ammo u ham klubning natijalariga oʻxshab soʻnib qoldi. Boshqalar borasida gapirishni oʻzimizga ep koʻrmadik.

MURABBIYLAR TANQISLIGI

Yaxshi murabbiy oʻz ish joyida koʻp yillar mehnat qiladi. Afsuski, bundaylar bizda kam. Oldin bor edi. Lekin hozir ular ham boshqa joylarda faoliyat yuritishmoqda.

Mutaxassislarning futbolchilarimiz kabi “koʻchib yurishlari” yetarlicha uchraydi. Masalan, “Neftchi”ni Sergey Kovshov boshqarayotgandi. Oradan oz vaqt oʻtib, uning oʻrnini Bahrom Haydarov egalladi. “Soʻgʻdiyona”ga Aleksandr Mochinov olib kelindi. Jizzaxda ham fargʻonaliklardagi kabi oʻzgarish boʻldi. Mochinov nima maqsadda olib kelingani bizga qorongʻu, lekin hozir “Soʻgʻdiyona”ni Sergey Lushchan boshqarmoqda.

Bu kabi misollarni yana davom ettirishimiz mumkin. Ertaga shu murabbiylar boshqa jamoalarda paydo boʻlishsa ham ajablanmang. Chunki bizda yaxshi murabbiylar juda kam.

MARKЕTING

Marketing borasida ham yil boshida xorijiy davlatlar bilan koʻplab kelishuvlar imzolandi. Ayrim klublarimizning marketingidagi xodimlari chet elga borib, ularning ish uslubini oʻrganib kelishdi. Ammo biror klubimizda marketing tizimining ishi yaqqol koʻzga tashlanmayapti.

Bu borada “Navbahor” istisno deyish mumkin. Namanganliklar klubning atributikasi sotuvidan daromad koʻrmoqda. Jamoaning natijalari yaxshilanishi bilan muxlislar tashrifidan biletlarni yaxshigina pullamoqda. Klub oʻzini-oʻzi boqishga harakat qilmoqda. Boshqalarda-chi?

Klublar oʻzlari pul ishlab topsin deyilmoqda. Ammo oʻyin­gohlarga ishqibozlarning kirishini tekin qilib qoʻyildi. Shunda ham tomoshabinlar tashrifi kamaydi. Demak, futbolchilarimiz taqdim etayotgan maxsulot sifatsiz, degan fikrni bildirishimizga turtki boʻlmoqda.

Shuningdek, stadionlarda maydon chetidagi bannerlarning narxi qancha? U yerda katta tashkilot yoki kichik tadbirkorning reklamasi tushirilgan yozuvlar mavjud. Hoʻsh, katta mablagʻi boʻlmagan OAV qanchaga banner qoʻyishi mumkin? Bu borada na klub, na PFL narxlarni oshkor qilmagan.

MUXLISLAR

Mavsum boshida stadionlarimizga koʻplab ishqibozlar tashrif buyurayotgandi. Hamma Superligaga qiziqmoqda degan xayolga bordi. Vaqt oʻtgani sari bular oʻtkinchi ekanligi koʻrinib qoldi.

Ayrim hududlarimizdagi klub­lar stadionga tashrif buyurgan muxlislar sonini qoʻshib yozish holatlari kuzatildi. Jumladan, bu kabi holatlar Fargʻona va Qoʻqondagi stadionlarda uchrab turdi. Ushbu vaziyat OAV uchun mavzu boʻldi. Yuqoridagi gapni takrorlashdan boshqa choramiz yoʻq. Agar oʻyinlarimiz yaxshi boʻlganida muxlislar stadionlarga oʻz-oʻzidan oqib kelardi.

HAKAMLAR

Oʻtgan yili oʻyinlarda xato qilgan hakamlar yoppasiga futboldan butunlay yoki nomaʼlum muddatga chetlashtirildi. Bu yil ham referilar ishida kamchilik­lar kuzatildi. Faqat jazolar oʻtgan yilgi kabi boʻlmadi. Yoki avvalgi yili butunlay futboldan chetlatilganlarga ham bu mavsumdagi kabi yengilroq choralar koʻrilmadi.

Hasan Roʻziyev “Qizilqum” ishtirokidagi bellashuvda oʻyin natijasiga taʼsir qiladigan xatolarga yoʻl qoʻydi. Agar “Paxtakor” yoki “Qoʻqon-1912” klublarining oʻyinlarida shu kabi holatlar boʻlganida oʻsha kuni kechqurun yigʻilish oʻtkazilib, jazolar eʼlon qilinardi. Nima Umid Ahmadjonovni Jakartadan qaytib kelib, chora koʻrishini kutish shartmi?

Navoiyliklarning oʻsha paytdagi ahvoli turnir jadvalida unchalik ham katta oʻzgarishlarga sababchi boʻlmasdir. Lekin Hasan Roʻziyev matbuotda Hamidjon Aktamovdan mensimagandek kechirim soʻradi. PFL esa bunga hanuzgacha eʼtibor qaratmayapti.

Balki klublarga, futbolchilarga qoʻllanilayotgan moddiy jarimalar hakamlarga ham qoʻllanilgani yaxshidir.

Hullas, birinchi bosqichda mana shunday kamchiliklar koʻzga tashlandi. Endi keyingi bosqichni kutib qolamiz. Bu kabi tushunmovchiliklar, reglament va taqvimlar oʻzgaradi degan gaplar boʻlmaydi, deb chin childan xohlaymiz. Ammo ishonish juda qiyin...

Biz kamchiliklarga koʻproq eʼtibor berganimiz bejiz emas, chunki yutuqlarimiz oʻzimizniki, vaziyatni yaxshilash uchun esa yoʻl qoʻyilgan xatolarni tahlil qilish va ularni tuzatish choralarini koʻrish zarur.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oraliq marradagi oʻylar yoxud birinchi bosqichda chempionatimizda nimalar roʻy berdi?