10:25 / 14.09.2018
3 103

Yetakchi futbolchilarimiz va Iniliyeev Ektor Kuperning debyuti haqida

Yetakchi futbolchilarimiz va Iniliyeev Ektor Kuperning debyuti haqida
Oʻzbekiston - Suriya (1:1) uchrashuvidan soʻng terma jamoamizning yetakchi futbolchilari hamda tajribali murabbiy Rauf Inileyev taassurotlari bilan oʻrtoqlashishdi. Xoʻsh, kim qanday fikrda?

Otabek Shukurov: “Hammasi yangicha usulda”

- Uchrashuv ham murabbiylar shtabi, ham biz - futbolchilar uchun muhim edi. Ektor Kuper jamoamiz bosh murabbiyi sifatidagi ilk oʻyinini oʻtkazdi. Biz esa muxlislar koʻz oʻngida imtihon topshirdik. Oʻyinning oson kechmasligini oldindan bilgandik. Odatda yangi murabbiy qoʻl ostidagi birinchi bahs ogʻir oʻtadi.

Murabbiylar maydonga tushishdan oldin asosiy eʼtiborni himoyaga qaratishimizni uqtirishgani rost. Lekin orqa chiziqqa butunlay yopishib olmay, vaziyat yuzaga kelishi hamono hujumga oʻtishimizni taʼkidlashdi. Terma jamoa ixtiyoriga yetib kelganimga 3 kun boʻldi.

Muhimi, shu qisqa fursat ichida Kuperdan koʻp narsa oʻrgandim. Mashgʻulotlar, oʻyinga mutlaqo yangicha yondashuv. Oʻylaymanki, vaqt oʻtgani sayin kuchayib boramiz va keyingi uchrashuvlarda muxlislarni gʻalabalar bilan quvontiramiz.

Eldor Shomurodov: “Bizga ishonishda davom eting!”

- Ektor Kuperning mashgʻulot olib borish jarayoni, oʻyin uchun tanlagan taktikasi, umuman, futbol falsafasi boshqacha. Tabiiyki, bu yangiliklarga toʻliq moslashish uchun maʼlum vaqt kerak. 1-2ta mashgʻulot bilan koʻzlangan maqsadga erishishning imkoni yoʻq. Oʻylaymanki, muxlislar ham buni toʻgʻri tushunishadi va terma jamoamizga oxirigacha ishonishadi.

Oʻz oʻrnida, biz - futbolchilar ham murabbiy koʻrsatmalarini imkon darajasida sifatli bajarishga harakat qilamiz. Oldinda Osiyo kubogi bor. Menimcha, yanvar oyiga qadar jamoamiz oʻyini ancha izga tushadi. Muhimi, ishtiyoqni yoʻqotmasak, bas.

Sardor Rashidov: “Forslar bilan umuman boshqacha oʻynaymiz”

- Suriya termasiga qarshi uchrashuv biz uchun oson kechmasligi kundek ravshan edi. Zero, har ikki jamoada yangi murabbiylar ish boshlashdi. Demakki, oʻyin nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar uchun ham oʻziga xos ilk imtihon boʻldi. Qayd etilgan durang natijaga kelsak, menimcha, oʻrtoqlik oʻyinlari hisobi katta ahamiyatga ega emas.

Har holda, natijani birinchi oʻringa qoʻyish nooʻrin. Mana, murabbiylar oʻz taktikalarini sinovdan oʻtkazib oldilar. Deylik, bir qator yangi futbolchilarga ham imkoniyat berildi. Qolaversa, suriyaliklarga past nazar bilan qarash nooʻrin. Yaxshi shakllangan jamoa. Umuman olganda, oʻyin ikki tomon uchun ham foydali boʻldi.

Muhimi, Ektor Kuper taktikasiga tezroq moslashishimiz kerak. Uning oʻyin uslubi shaxsan menga maʼqul keldi. Qolaversa, Janubiy Koreya va Eron terma jamoalari oʻyiniga ham moslashyapmiz. Menimcha, jamoamizda oʻsish kuzatiladi. Koʻrdinglar, uchrashuvda hujumchi ortida harakatlandim.

Anchadan buyon bu pozitsiyada toʻp surmagandim. Bosh murabbiy ishonch bildirganidan xursandman, albatta. Endi Eron terma jamoasiga qarshi “oʻrtoqlik”da mazmunliroq futbol koʻrsatamiz. Ishonchim komil, forslar bilan umuman boshqacha oʻynaymiz.

Marat Bikmayev: “Hamma ham ideal sport formasida emasdi”

- Superligada yuzaga kelgan tanaffus uchrashuvga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Hamma ham ideal sport formasida emasdi. Boz ustiga, terma jamoada yangi murabbiylar ish boshlashdi. Tabiiyki, talablar va oʻyin uslubi ham oʻzgargan.

Koʻpchilik penalti tepilgan vaziyatga eʼtibor qaratdi. Yoʻq, jarima zarbasini amalga oshirish masalasida Sardor Rashidov bilan bahslashmadik. Oʻzi “Lokomotiv”da ham galma-gal penalti tepamiz. Menimcha, bu normal va odatiy holat. Toʻpni qizgʻanish odatim yoʻq.

Rauf Inileyev: “Kuperni qoʻllab-quvvatlash kerak”

- Murabbiy sifatida oʻyindan oʻzim uchun kerakli jihatlarni oldim. Oʻziga xos yangi jihatlar yoʻq emas. Futbolchilar ham oʻzgacha ishtiyoq bilan toʻp surishdi. Shaxsan menga Sardor Rashidovning harakati yoqdi. Aksariyat xavfli hujumlar aynan u orqali rivojlantirildi.

Oʻzi gol urishi ham mumkin edi. Yana bir tomoni, futbolchilar standart vaziyatlarni yaxshi bajarishdi. Gol ham shunday vaziyat samarasi boʻldi. Himoyachilardan Anzur Ismoilovni alohida taʼkidlashni istayman.

Shuningdek, Ignatiy Nesterov yubiley uchrashuviga mos harakatlandi. Shu oʻrinda barchadan Ektor Kuperni qoʻllab-quvvatlashni soʻragan boʻlardim. Axir u bizga yordam berish uchun kelgan...
K.ALIMOV yozib oldi

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yetakchi futbolchilarimiz va Iniliyeev Ektor Kuperning debyuti haqida