18:20 / 19.09.2018
3 423

PFL futbol muxlislariga gʻalati murojaatnoma yoʻlladi

PFL futbol muxlislariga gʻalati murojaatnoma yoʻlladi
Professional futbol ligasi futbol uchrashuvlarida sogʻlom raqobat boʻlishidan manfaatdor. Jamoalarning oʻzaro kelishuvi, hakamlarning u yoki bu jamoaga yon bosishi, futbolga totalizatorning aralashishi oqlab boʻladigan jihat emas. Bunday holatlar aniqlangan taqdirda, uning ishtirokchilari nafaqat futboldan chetlashtiriladi, balki ularga qonuniy jazo tayinlanishi uchun ish tegishli organlarga ham taqdim etiladi.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bunday holatlarga qarshi kurashish maqsadida boʻlim tashkil qilgan. Uning xodimlari yuqoridagi kabi masalalar yuzasidan ish olib bormoqda. Shunga qaramay, hakamlik masalasida va boshqa mavzular yuzasidan qator eʼtirozlar doimiy ravishda kelib turadi.

Umuman olganda, bu normal holat. Hakamlikda inson faktori yotadi, ular ham xato qiladi. Xatolar qasddan boʻlmagani holida referilarni oqlash mumkin. Biroq ularning qarorida qandaydir manfaat yotgani aniqlansa, oʻsha hakam futbolga qaytib yaqinlashtirilmaydi.

Ayni vaqtda OʻFA rahbariyati futboldagi illatlarga qarshi quruq kurashibgina qolmay, ularning oldini olish yuzasidan ham choralar koʻrmoqda. Professional futbol ligasi ishchi guruhi alohida baza ishlab chiqayotgan boʻlib, 2019 yildan boshlab Superliga, Pro-Liga, 2-liga, bolalar futbol maktablari, futbol akademiyalari tarbiyalanuvchilari unga bosqichma-bosqich kiritib boriladi. Bazada futbolchilar, murabbiylar, hakamlarga tegishli barcha maʼlumotlar boʻladi. Shu tariqa OʻFA hamda PFL futbolchilarni maktab davridan buyon nazorat qilib boradi. Ularda yoshni kichiklashtirish yoki boshqa turdagi illatlar boʻlmasligida mazkur baza muhim oʻrin tutadi. Futbolchining maktabga qachon qabul qilingani, futbol saboqlarini oʻrganishni kimdan boshlagani, keyinchalik qaysi klublarda va qanday toʻp surgani borasidagi maʼlumotlar sekin-astalik bilan kiritib chiqiladi.

Hakamlik masalasidagi muammolarga qarshi ham quruq gap-soʻz bilan kurashishning oʻzi kamlik qiladi. FIFA bu masala yuzasidan yillar davomida izlanish olib, VAR tizimini yaqindagina sinovdan oʻtkazganini hamma koʻrdi. Angliya Premyer-ligasi esa bir necha yillardan buyon golni aniqlaydigan texnologiyalardan foydalanib keladi.

Oʻzbekiston futboli ham yaqin kelajakda mana shunday texnologiyalarni oʻziga singdiradi. Hozircha esa birinchi oʻrinda futbol maydonlarini yaxshilash, akademiyalar tashkil qilish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, futbolning yagona bazasini yaratish, klublar saviyasini hamda infratuzilmasini yaxshilash kabi qator masalalar turibdi. Yaʼni, yuqoridagi qimmat texnologiyalar kirib kelguniga qadar amalga oshirish kerak boʻlgan ishlar talaygina.

Professional futbol ligasi millionlar oʻyini muxlislarini qadrlaydi. Joriy yilning oʻzida stadionlarda ichimliklar va yeguliklar sotilishi, Ramazon kunlarida farz amallarini bajarish uchun sharoitlar, Jahon chempionati vaqtida ichki chempionatda tanaffus boʻlishi, uchrashuvlarning ish vaqtida start olmasligi, futbol uchrashuvlari oldidan konsert dasturlari, koʻngilochish uchun maydonlar kabi masalalar amalga oshdi. PFL bular bilan toʻxtab qolmaydi. Boisi, muxlislarsiz futbol oʻz jozibasini yoʻqotadi, futbol muxlislar uchun oʻynalmasa, unga shuncha mablagʻ ajratishdan maʼni yoʻq.

Shu oʻrinda biz futbol muxlislaridan ham sabr va toqatni soʻraymiz. Hakamlik, futbol klublaridagi, stadionlardagi muammolar sekin-asta bartaraf etib boriladi. Yuqorida aytilganidek, kimnidir quruq ayblash bilan ish bitmaydi. Zamonaviy texnologiyalarning futbolga kirib kelishi har qanday aybni fakt bilan koʻrsatib berilishiga sabab boʻladi, shuningdek, kasbi ogʻir boʻlgan hakamlar ishini ham yengillashtiradi. Buning uchun esa moddiy-texnik baza talab darajasida boʻlishi shart.

Muxlislar tomonidan beriladigan takliflar albatta oʻrganib chiqiladi. Ular oʻzlarining fikr-mulohazalari yozilgan maktublarni bemalol [email protected] pochta manziliga joʻnatishlari mumkin. Umid qilamizki, futbol uchrashuvlari vaqtida muxlislar oʻzini yaxshi tomondan tutadi. Maydonga turli buyumlarning uloqtirilishi koʻngilsiz voqealarga sabab boʻladi, tarbiyali odam bunday ishga yoʻl qoʻymaydi. Uchib kelayotgan qandaydir jism stadionga qadamlari endigina boshlangan sizning farzandingizga tegishi, uni zararlashi mumkin ekanini doim yodda saqlashingizdan umidvormiz.

Sizga cheksiz hurmat bilan Professional futbol ligasi rahbariyati.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » PFL futbol muxlislariga gʻalati murojaatnoma yoʻlladi