12:43 / 24.09.2018
4 325

Bugun FIFA 2018 yilning eng yaxshilarini taqdirlaydi (foto, video)

Bugun FIFA 2018 yilning eng yaxshilarini taqdirlaydi (foto, video)

Bugun Londondagi Royal Festival Hallʻda FIFA tasnifi boʻyicha yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi. Tantanali tadbir Toshkent vaqti bilan soat 22:30 da (mahalliy vaqt bilan 16:30) boshlanadi.

Dastlabki maʼlumot sifatida aytish oʻrinliki, marosim jahon boʻyicha hech qaysi telekanal orqali jonli efirda namoyish etilmasligi mumkin.

Bugun FIFA quyidagi 9 ta yoʻnalishda eng yaxshilarni eʼlon qiladi:

1. Eng yaxshi futbolchi (erkaklar futbolida)

Krishtianu Ronaldu (Portugaliya, “Yuventus”)
Luka Modrich (Xorvatiya, “Real”)
Muhammad Saloh (Misr, “Liverpul”)

2. Eng yaxshi futbolchi (ayollar futbolida)
Ada Hegerberg (Norvegiya, “Lion”)
Jenifer Marozsan (Germaniya, “Lion”)
Marta (Braziliya, “Orlando Prayd”)

3. Eng yaxshi murabbiy (e)
Zlatko Dalich (Xorvatiya)
Didye Desham (Fransiya)
Zinedin Zidan (“Real”)

4. Eng yaxshi murabbiy (a)
Reynald Pedros (“Lion”)
Asako Takakura (Yaponiya)
Sarina Uigman (Niderlandiya)

5. Eng yaxshi darvozabon
Tibo Kurtua (Belgiya, “Real”)
Kasper Shmeyxel (Daniya, “Lester”)
Ugo Loris (Fransiya, “Tottenhem”)

6. Halol oʻyin sovrini

7. Eng yaxshi muxlislar

Sebastyan Karrera – Chilining “Deportes Puerto-Mont” klubi muxlisi. “Kokimbo Unido” klubiga qarshi safar oʻyinida sevimli jamoasini qoʻllab-quvvatlash uchun 3000 km yoʻl bosib, mehmon jamoa muxlislariga ajratilgan sektorda yakka oʻzi ishqibozlik qilgani uchun;
Yaponiya va Senegal terma jamoalari muxlislari – JCH-2018dagi ishqibozlik madaniyati uchun;
Peru terma jamoasi muxlislari – JCH-2018ga 40 mingdan koʻproq kishi boʻlib tashrif buyurgani va 36 yil ichida ilk marta mundialga chiqqan jamoani juda yuqori darajada qoʻllab-quvvatlagani uchun.

8. Yilning ramziy terma jamoasi
Jami 55 nafar futbolchi. Shundan darvozabonlar - 5, himoyachilar – 20, yarimhimoyachilar – 15, hujumchilar – 15 nafar.

9. Eng chiroyli gol uchun beriladigan Ferens Pushkash nomidagi mukofot
Garet Beyl (“Real” - “Liverpul” oʻyinidagi gol)
Denis Cherishev (Rossiya – Xorvatiya)
Krishtianu Ronaldu (“Real” - “Yuventus”)
Lazaros Xristodulopulos (AYEK - “Olimpiakos”)
Jorjian de Arraskaeta (“Kruzeyro” - “Amerika”)
Rayli Makgri (“Nyukasl” - “Melburn Siti”)
Lionel Messi (Argentina – Nigeriya)
Benjamen Pavar (Fransiya – Argentina)
Rikardo Kuarejma (Portugaliya – Eron)
Muhammad Saloh (“Liverpul” - “Everton”)

Sovrinlar orasida eng koʻp diqqatga sazovori, shubhasiz, yilning eng yaxshi futbolchisi uchun beriladigan “The Best” mukofotidir. FIFA 1991 yildan buyon yilning eng yaxshi futbolchisini eʼlon qilib keladi. 2010-2016 yillarda FIFAning eng yaxshi oʻyinchi sovrini va Fransiyaning nufuzli France Football nashri tomonidan taʼsis etilgan “Oltin toʻp” mukofoti birlashtirib kelingan, ammo 2016 yil yakunidan boshlab ular yana alohida-alohida topshiriladigan boʻlgandi.

France Footballʻning “Oltin toʻp”idan farqli oʻlaroq, FIFAning “Eng yaxshi” sovrinlari ovoz berish orqali aniqlanadi. 25 foiz ovoz muxlislar va jamoatchilik fikri, yana 25 foiz jahon ommaviy axborot vositalari bergan ovozga asoslanadi. Qolgan 50 foizlik ovoz berish huquqi barcha terma jamoalar bosh murabbiylari (25%) va ularning sardorlariga (25%) berilgan.

Oʻtgan yili FIFA Portugaliya terma jamoasi va oʻsha vaqtda “Real” hujumchisi boʻlgan Krishtianu Ronalduni eng yaxshi deya eʼtirof etgandi. Bu safar ham nomzodlar orasidan joy olgan Ronaldu bugungi taqdirlash marosimiga kelmaydi. Bunga futbolchi “Yuventus”ning tigʻiz taqvimini sabab qilib keltirgan. Yaqinda boʻlib oʻtgan Yevropaning oʻtgan mavsumdagi eng yaxshilarini taqdirlash marosimidan farqli ravishda, bu safar Ronaldu tashkilotchilarni kela olmasligi haqida oldindan xabardor qilgan.

Shu bilan birga, 2006 yildan buyon ilk marta yilning eng yaxshi futbolchisi boʻlish uchun daʼvogarlar uchligiga kiritilmagan “Barselona” hujumchisi Lionel Messi Londondagi tadbir ishtirokchisi boʻlishi kutilmoqda. U eng yaxshi oʻyinchi boʻlish uchun daʼvogarlar uchligida boʻlmasa-da, yilning ramziy terma jamoasidan joy olishi va eng chiroyli gol muallifi sifatida eʼtirof etilishi mumkin. Uning JCH-2018dagi Nigeriya termasi darvozasiga kiritgan goli Pushkash sovriniga nomzod qilib koʻrsatilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bugun FIFA 2018 yilning eng yaxshilarini taqdirlaydi (foto, video)