07:30 / 27.09.2018
4 478

“Navbahor”da hammasi zoʻr! Roʻzimboy Ahmedov uzr soʻradi (foto)

“Navbahor”da hammasi zoʻr! Roʻzimboy Ahmedov uzr soʻradi (foto)
Soʻnggi kunlarda “Navbahor” jamoasi OAV va futbol jamoatchiligining asosiy mavzusiga aylandi desak xato boʻlmaydi. Barchaga maʼlumki, joriy yilgi mavsumda “Navbahor” jamoasi katta maqsadlarni koʻzlagan holda Superligadagi ishtirokini boshlagandi. Chempionlik uchun kurashishni maqsad qilgan jamoaning natijalari ijobiy koʻrinish olib, Namanganga yana katta futbol qaytdi. Bunga misol tariqasida Namangandagi oʻyingohni har bir turda deyarli muxlislar bilan toʻlib toshganligini keltirib oʻtish joiz. Superliga ikkinchi bosqichi oldidan “Navbahor”ni peshqadamlikni qoʻlga olganligi jamoaning niyatlarini yanada ulkan ekanligini koʻrsatib berdi.

Yuqori oʻrinlar uchun kurashadigan jamoalarni esa doimo futbol jamoatchiligi diqqat markazida turishi ham tabiiy hol. Aynan shunday sharoitda har qanday OAV nashri yoki internet saytlari jamoaga oid boʻlgan har qanday kichik xabarni ham omma eʼtiboriga katta mavzu sifatida tarqatishga urinadi. Bundan bir necha kun oldin jamoa futbolchisi Roʻzimboy Ahmedovning yaqin insonlaridan biriga aytgan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketdi. Shundan soʻng Ahmedovning aytgan gaplari rasmiy internet saytlarida omma eʼtiboriga havola etildi. Shu bahona Ahmedov va “Navbahor” katta mavzuga aylandi.

Klub atrofidagi gap-soʻzlar koʻpayib ketgach, Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasida jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilar oʻrtasida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrulla Hayitbayevich Bozarov, viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Shamshod Ergashevich Sarikovlar ham ishtirok etishdi. Yigʻilishda jamoa haqida tarqatilayotgan maʼlumot va xabarlar muhokama qilindi. Superligada yuqori oʻrinlar uchun kurashayotgan jamoa uchun chetdan turli xil axborot xurujlarini amalga oshirilishiga eʼtibor qaratmaslik kerakligi taʼkidlandi. Turli darajadagi boʻxton va yolgʻon xabarlar futbolchilarning maydondagi harakatlarini salbiy taʼsir koʻrsatishi tufayli bu kabi axborot xurujlariga uchmaslik muhim ekanligi eʼtirof etildi.

Yigʻilishda soʻz olgan jamoa bosh murabbiyi Ilhom Moʻminjonov ham OAVga bergan interyusiga ham oydinlik kiritib oʻtdi. Yaʼni Moʻminjonov klub rahbariyati bilan yaxshi munosabatda ekanligini, xususan klub prezidenti Shavkat Shokirdjanovich Abdurazzoqov va viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Shamshod Ergashevich Sarikovlar bilan ham yaxshi munosabatda ekanligini aytib oʻtdi. Aytgan gaplarini esa ehtirosga berilib ketganligi bilan izohladi.

Yigʻilish davomida jamoa futbolchisi Roʻzimboy Ahmedov ham soʻzga chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gaplari yuzasidan izoh berib oʻtdi. Futbolchi oʻziga yaqin boʻlgan kishilardan biriga murabbiy uni maydonga tushirmayotganligi sababli alam ustida aytganligini gapirib, yigʻilish qatnashchilaridan uzr soʻradi. Shu bilan birgalikda Roʻzimboy Ahmedov bosh murabbiy Ilhom Moʻminjonovni har qanday oʻyindan oldin jamoani faqat gʻalabalar sari chorlaganligini eʼtirof etib, yolgʻon maʼlumotlar uchun bosh murabbiydan ham uzr soʻradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Navbahor”da hammasi zoʻr! Roʻzimboy Ahmedov uzr soʻradi (foto)