06:00 / 03.10.2018
3 903

"Yevropani titratish uchun" A Seriyaga kelgan boʻlajak superyulduz haqida

A Seriyaga kelgan yulduz haqida gap ketganda koʻpchilik Kritshianu Ronalduni tushunishlari tabiiy.

Ammo bu qahramonimiz aynan Ronalduga tushadigan superyulduz statusi uchun kurashmoqchi boʻlayotgan boʻlajak yulduz - Kshishtof Pentek. Polshalik toʻpurar Kshishtof Pentekni “Jenoa” prezidenti hozirdanoq faoliyatidagi eng muhim xarid deya baholamoqda.

“Jenoa” prezidenti Enriko Pretsozi 2010 yili jamoaga Robert Levandovskini olib kelishga juda yaqin kelgan. Polshalik agent Sezariy Kuxarski bilan uchrashgan prezident yakunda Robertning narxi juda qimmatlik qilishini aytib, Levandovski transferidan voz kechgan.

Shundan soʻng Dortmundning “Borussiya” klubi Polsha chempionatida 58 oʻyinda 32ta gol urgan hujumchi uchun 4,5 million yevrodan voz kechishga rozi boʻlishdi. Yakunda esa ushbu xarid oʻzini toʻlaqonli oqladi. “Jenoa”ning sharoiti oʻsha paytda 4,5 million yevrolik transferni amalga oshirishga yoʻl qoʻymagan.

Eng qizigʻi, “Borussiya”ga 4,5 million yevro evaziga oʻtgan Levandovski 4 yillik faoliyatidan soʻng Myunxenga tekinga ketgan. Dortmund Levandovski transferidan hech qanday daromad koʻrmagan. Biroq Levaning “Borussiya” uchun urgan 103 goli ikki marotaba Germaniya chempionligini qoʻlga kiritishda va YECHL finaliga chiqishda muhim rol oʻynagan.

“Jenoa” prezidenti Enriko Pretsozi va polshalik agent Kuxarskining ilk uchrashuvidan keyin 8 yil oʻtdi. “Jenoa” prezidenti Enriko Pretsozi avvalgi xatosini takrorlashni istamadi va bu gal Kuxarski topgan polshalik toʻpurar Pentek uchun 4,5 million yevroni qizgʻonmadi. Natijada Polshada oʻz gollari bilan tanilgan, ammo yevropa futboli uchun notanish boʻlgan Pentek Genuyaga qoʻchib oʻtdi.

“Krakoviya” bosh murabbiyi Mixal Probej mazkur holatga quyidagicha izoh berdi: “Oʻz vaqtida men Robert Levandovski Yevropaning eng kuchli jamoasida oʻynaydi, deganimda koʻpchilik ustimdan kulgandi. Hozir esa oʻsha gaplarimni Pentek borasida ham bemalol ayta olaman”.

Pentek Polsha chempionatida “Krakoviya” safida toʻp tepgan va oʻtgan mavsum 23ta gol bilan toʻpurarlar poygasida ikkinchi boʻlgan. Undan oldingi oʻrinda esa Angulo (24) va Karlitos (23) boʻlishdi. Ammo Pentekning bu gollari Polsha terma jamoasidan chaqiruv olish uchun yetarli boʻlmadi. Natijada ushbu iqtidorli toʻpurar JCHdan quruq qoldi.

“Jenoa” prezidenti Enriko Pretsozi yaqin vaqt ichida Pentekning transfer qiymati tezlik bilan yuqorilashishiga ishonadi.

“Pentek faoliyatimdagi eng muhim transferlardan biriga aylandi, deya ishonch bilan ayta olaman. Bunga qadar Tiago Motta va Diyego Milito eng omadli xaridim boʻlgan. Ammo Pentek ulardan ham omadli boʻlishi mumkin”, - deydi Pretsozi.

“Jenoa” 2008 yili Diyego Militoni 13 million yevro evaziga xarid qilgan va bir yil oʻtib hujumchini “Inter”ga 25 million yevroga pullagan.

Kshishtof Pentek Polshada 68 oʻyinda raqiblar darvozasini 33 marotaba ishgʻol qildi. Joriy mavsumda esa Pentek hozircha A Seriyada 6 uchrashuvda 8 bor gol urishni uddaladi. Shuningdek Italiya Kubogida “Lechche”ga qarshi bahsda poker qayd etdi. Ayni paytda hujumchi yangi jamoasi “Jenoa” safida 12ta gol urishga ulgurdi.

Kshishtof Pentek yoshligida Pippogolga havas qilganini tan oldi.

“Filippo Inzagi toʻpni izlamasdi, aksincha, toʻp uni qidirib topardi. Yoshligimda aynan Inzagiga oʻxshashni istardim”, - deydi Pentek.

Genuyalik ishqibozlar Pentekning oʻyini va oʻzini tutishidan hayratda. Ular bu kabi gollar seriyasiga va kamtarin bolani koʻrishni hayollariga ham keltirishmagan. Ayni paytda nafaqat Genuya, balki butun Italiya Pentekning sermahsul oʻyinidan eyforiyada.

A Seriya endi start oldi. Pentek esa hali yangi jamoasiga butkul moslashib olmay turiboq koʻplab grandlar nazariga tushishga ulgurdi. Ayni paytda polshalik toʻpurarga “Yuventus”, “Bavariya”, “Barselona”, “Borussiya Dortmund”, “Chelsi” va “Manchester Yunayted” kabi grandlar koʻz tikishmoqda.

“Jenoa” prezidenti Enriko Pretsoziga “Napoli”dan qoʻngʻiroq boʻlgan, “Jenoa”ning oʻyinlarida esa “Barselona” vakillari boʻlishgani aytilmoqda. Hammaning diqqat-eʼtibori Pentekka qaratilgan.

“Jenoa” prezidenti qoʻldan chiqarilgan Levandovskidan soʻng Pentek borasida adashmaganidan juda xursand. Pretsozi Kshishtof uchun ishlatilgan 4,5 million yevroni kamida 50 barobar qilib chiqarib olishiga ishonmoqda.

A Seriyaga Ronalduning kelishi haqiqiy shov-shuvga aylanib, muxlislarni stadionga qaytargan boʻlsa, Pentekning “Jenoa”ga oʻtishi yevropalik mashhur skautlar qadamini keskin oshirib yubordi. Italiya matbuoti esa Ronaldu va Pentek mavzusi eng aktual mavzuga aylangan.

Toʻgʻri, Juzeppe Marottaning “Yuventus”dan ketishi koʻpchilikni shok holatiga tushirgani va oxirgi kunlarda matbuotning diqqat markazi Beppe tomonga burilgani haqiqat. Bu haqida sal keyinroq.

Ayni paytda esa A Seriya uchun yangi hisoblangan Pentek va Ronalduning oʻzaro raqobati nafaqat matbuotda, balki toʻpurarlar poygasida ham yaxshigina qizishi aniq. Hozircha Pentek yaqqol peshqadam. Toʻpurarlik poygasida Messi yoʻqligi uchun biroz tin olgan va hozircha koʻproq golli uzatmalarni berish bilan band boʻlgan Ronaldu uchun Pentekning porlashi yaxshigina motivatsiya beradi.

Shahboz Begʻamov


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Yevropani titratish uchun" A Seriyaga kelgan boʻlajak superyulduz haqida