18:31 / 07.10.2018
3 869

Xabibdan kamar olib qoʻyilishi va unga jang uchun gonorar ham berilmasligi mumkin

Xabibdan kamar olib qoʻyilishi va unga jang uchun gonorar ham berilmasligi mumkin
AQSHning Nevada shtatida, Las-Vegas shahrida UFC 229 turniri doirasida irlandiyalik Konor Makgregor va rossiyalik Xabib Nurmagomedov oʻrtasida jang boʻlib oʻtdi. Dogʻistonlik jangchi jang davomida ustunlik qildi va 4-raundda raqibini boʻgʻish usuli orqali taslim qildi.

“T-Mobile Arena” arenasida kechgan jang yakunida ommaviy mushtlashuv kelib chiqdi, bu janjalni Xabib Nurmagomedov boshladi. U raqib magʻlubiyatini tan olgach, uni haqoratladi, uning qafas tashqarisidagi tarafdorlari tomon ogʻzidagi kapasini tupurdi va qafasdan chiqib, ularga tashlandi. Keyin oktagonga Nurmagomedov jamoasi vakillari (Nurmagomedovning menejeri Rizvan Magomedov, chechenistonlik UFC jangchisi Zubayr Tuxugov hamda sambo boʻyicha Rossiyaning sobiq chempioni Esedulla Emirgayev) chiqib kelishib, Makgregorni doʻpposlay boshlashdi.

Vaziyatga politsiya va qoʻriqchilar aralashib, janjalni toʻxtatdi. UFC prezidenti Deyn Uayt arenaga yigʻilgan minglab irlandiyalik muxlislar qarshisida Xabibga kamarni bera olmasligini maʼlum qildi, lekin u jang gʻolibi sifatida eʼlon qilindi.

Deyn Uaytning aytishicha, bu mojaro tufayli Xabib Nurmagomedov diskvalifikatsiya qilinishi, buning ortidan tituldan mahrum qilinishi, shuningdek, jang uchun gonorardan mahrum etilishi mumkin. Janjal yuzasidan Nevada shtati atletlar komissiyasi tekshiruv olib boradi.

Hozirda komissiya Nurmagomedovga jang uchun toʻlanishi koʻzda tutilgan 2 million dollarlik gonorarni toʻxtatib qoʻygan. Avvaliga komissiya Makgregor uchun ham toʻlovni (3 million dollar) toʻxtatmoqchi edi, ammo voqea tasvirlari oʻrganib chiqilgach, toʻlov amalga oshirilishiga rozilik berilgan.

Endilikda Makgregorning gonorari maʼqullangan, Nurmagomedovning gonorari tekshiruv tugaguncha muzlatib qoʻyilgan. Bundan tashqari, sportchilarga teletranslyatsiyalardan tushgan mablagʻdan ulush vaʼda qilingandi.

«Yuzaga kelgan janjal tufayli Xabibdan chempionlik kamari tortib olinmasligiga kafolat bera olmayman. Biz Nevada sport komissiyasi qaroriga boʻysunamiz. Menimcha, komissiya keskin qaror qabul qiladi.

Bugun hukumat aʼzolari tomoshaga kelishgandi, mojaro boshlangach, ular zudlik bilan hududni tark etishdi. Bu juda xunuk holat. Endi Xabibda muammolar yuzaga keladi.

Men Konor jamoasi jangchilaridan biri Xabibni oʻziga chorlaganini koʻrdim. Xabib oʻzini tutib tura olmadi. Xabib jamoasidagi ikki yigit esa oktagonga chiqdi va Konorga ortdan hujum qilishdi. Men koʻrganlar shu.

Nevada atlet komissiyasi voqea tafsilotlarini oʻrganadi. Konorni hech narsada ayblashmayapti. Xabib va uning jamoasi aʼzolari esa shubha ostida. Xabib jamoasidagi uch yigitni qoʻlga olishdi, ammo Konor Makgregor politsiyaga bu shaxslar ustidan daʼvosi yoʻqligini bildirgach, ularni qoʻyib yuborishdi.

Revanshmi? Komissiya qarorini kutishimiz kerak: Xabibga yana viza beriladimi yoki uni deportatsiya qilishadimi? Men hozircha nima boʻlishini bilmayman.

Agar Xabibni uzoq muddatga chetlatishsa, biz uni tituldan mahrum qilishga majbur boʻlamiz. Xabib oktagondan haqiqiy gʻolib boʻlib chiqishi ham mumkin edi. Unda bunday oqshom boʻlmasligi kerak edi. U notoʻgʻri harakatlar qildi», – degan Uayt jangdan keyin oʻtkazilgan matbuot anjumanida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xabibdan kamar olib qoʻyilishi va unga jang uchun gonorar ham berilmasligi mumkin