11:37 / 09.10.2018
1 924

Ikki murabbiy – ikki xil tajriba

Ikki murabbiy – ikki xil tajriba
Pepsi Superliga bahslari ayni avj pallasiga kirdi. Har bir ochkoning qadri baland. Toʻgʻrisini aytsam, bunday shiddatga toʻla markaziy uchrashuvlarga avvalgi yillarda ikki-uch marta guvoh boʻlardik.

Endi esa joriy mavsumning oʻzida toʻrt, besh marotaba koʻrib turibmiz. Buning uchun PFLga rahmat aytsak arziydi. Hozir milliy chempionatimizda roʻy berayotgan voqealar xususida fikr yuritmoqchi emasman, zero bu haqda matbuotda oʻz ishining ustalari koʻp va xoʻp yozishmoqda.
Keling, bugungi kunda moliyaviy va boshqa qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan “Bunyodkor” va “Nasaf” klublariga toʻxtalsak. Superliga haqida gap borar ekan, bu jamoalarga befarq boʻlolmaymiz.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: har ikkisida vaziyat deyarli bir xil, moliyaviy yoki tarkib bilan bogʻliq muammolar mavjud. Shunday ekan, nima uchun “Bunyodkor” chempionlik uchun kurashmoqda-yu, “Nasaf” “jon” saqlash hududida yuribdi?

Mavridi kelganda mazkur klublarning bosh murrabiylariga toʻxtalsam. Mirjalol Qosimov va Roʻziqul Berdiyev yurtimizdagi eng yetuk mutaxassislardan. Vaqtida futbolchi sifatida qator yutuqlarga erishgan va buni murrabiylik sohasida ham isbotlagan kamsonli murabbiylar.

Qosimov oʻzi uchun begona boʻlmagan “Bunyodkor”ni oʻtgan mavsum oʻrtasida qabul qilib olgan vaqtda jamoa tarkibida qariyb tajribali futbolchilar yoʻq, borlari ham jarohat olgandi. Klub oʻzining rivojlanish strategiyasini oʻzgartirgan, asosan akademiyasiga tayanib ish koʻrayotgandi va bu jarayon hamon davom etmoqda.

Aksariyat muxlislarda “Qosimov asosan tajribali futbolchilar bilan ishlagan boʻlsa, yoshlarni shugʻullantirishda muammolarga yoʻliqmasmikan?” qabilidagi gumon paydo boʻldi.

Mirjalol Qoʻshoqovich matbuot anjumanida bu mavzuda quyidagicha fikr bildirdi: “Futbolchi 20 yoshdan oʻtdimi, demak u yosh bola emas. Axir hammasi uylanadigan yoshga toʻldi”. Xullas, katta tajriba, bilim va psixologik mahorat evaziga “Bunyodkor”ni 13-oʻrindan 4-pogʻonaga, shuningdek, kubok finaliga olib chiqdi.

Joriy mavsum boshida jamoani sakkiz nafar futbolchi tark etishi murrabiyni aslo tashvishlantirmadi. Chunki oʻtgan yili barchasini inobatga olib, kelajakka zamin hozirlab ulgurgan, shogirdlarini ham shunga yarasha tayyorlagandi. Qayd etilayotgan natijalar koʻrsatib turibdi. Yomon emas.

Endi Qosimovdan kam boʻlmagan sharoitlarda ishlayotgan, OCHL-2918da Osiyo klublariga qarshi shogirdlarini munosib tayyorlagan Roʻziqul Berdiyev haqida. Klubdagi muammolar oʻtgan mavsum boshlangandi. Shunga qaramay, jamoa chempionatni yuqori saviyada tugatdi.

Berdiyev yoshlar bilan ishlash orqali barchaga oʻrnak boʻla oladigan murrabiy. Uning “Nasaf” jamoasi uchun qilgan xizmatlari tahsinga loyiq. Lekin u mavjud qiyinchiliklarga jamoani va oʻzini ruhan tayyorlay bilmadi. Golban, Cheran, Lukich kabi yetakchilar tarkibni tark etishi ortiqchalik qildi.

Hozirgi “Nasaf” oʻtgan mavsum Lushan boshqargan “Bunyodkor”ni eslatyapti. Bu bilan Berdiyevni ranjitmoqchi emasman. “Ajdarlar” u bilan bir qator yutuqlarga erishishdi, sovrinli oʻrinlarni egallashdi. Lekin Qosimovdagi boy tajriba Berdiyevga yetishmadi, chogʻi.

Toʻgʻri, u bir necha mavsum Anatoliy Demyanenkoning oldida tajriba toʻpladi, buni ham tan olish kerak. Menimcha, “Nasaf”dagi shuncha yillik yorqin faoliyatdan soʻng klubni tark etish vaqti yetdi. Bir kun kelib qaytar balki, xuddi Qosimov singari.

Taklifim - birorta yosh toifasidagi termani Roʻziqul Berdiyevga topshirish kerak. Zero u yoshlar bilan ishlash boʻyicha Oʻzbekistonning yetakchi murabbiylaridan biri hisoblanadi. Kelajakdagi faoliyati uchun ham unga xalqaro tajriba zarur.

Nima boʻlgan taqdirda ham, har ikki murrabiyning faoliyatiga omad tilagan holda aytamanki, ular qaysi jamoada ishlashmasin, hali koʻp yillar davomida oʻzbek futboli rivojiga oʻzlarining beminnat hissalarini qoʻshib, muxlislar qalbida chuqur iz qoldirishadi.
Abdulaziz ISKANDAROV

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ikki murabbiy – ikki xil tajriba