14:26 / 09.10.2018
3 789

Oʻzbekistonlik ikki yengil atletikachi Paraosiyo oʻyinlari rekordini oʻrnatdi

Oʻzbekistonlik ikki yengil atletikachi Paraosiyo oʻyinlari rekordini oʻrnatdi
Jakartada Paraosiyo oʻyinlarining uchinchi kun bahslari boʻlib oʻtmoqda. 9 oktyabrda Oʻzbekiston vakillari yengil atletika, suzish, dzyudo va oʻq otish musobaqalarida ishtirok etadi.

Yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari kechagi bahslarda jami 6 ta medal (5 ta oltin va 1 ta bronza) qoʻlga kiritgan edi. Bugungi bahslarda ham ushbu sport turida muvaffaqiyatli ishtirok davom ettirilmoqda.

Xususan, Elbek Sultonov yadro uloqtirish bahslarida 15,67 m natija koʻrsatdi va oltin medalni qoʻlga kiritdi. Elbek ushbu yoʻnalishda Rio-2016 chempioni, eronlik atlet Saman Pakbazni ortda qoldirish bilan birga Paraosiyo oʻyinlari rekordini ham yangiladi.

Eslatib oʻtamiz, yadro uloqtirish boʻyicha kechagi bahslarda oʻzbekistonlik Husniddin Norbekov 16,35 m natija koʻrsatib, jahon rekordini oʻrnatgan edi.

Bugun, shuningdek, 100 metrga yugurish bahslarida ham oʻzbekistonlik sportchi rekord oʻrnatishga muvaffaq boʻldi. Mansur Abdurashidov saralashda 11,21 soniya natija koʻrsatib, marraga birinchi boʻlib yetib keldi va Paraosiyo oʻyinlari tarixidagi eng yaxshi koʻrsatkichni qayd etdi. Bundan avvalgi rekord – 11,27 soniya natija 2014 yili Incheonda qayd etilgan edi. Mansur ertaga boʻlib oʻtadigan final bahsida medal uchun startga chiqadi.

Abdurashidovdan tashqari, 100 metrga yugurishda bugun Doniyor Ahmedov ham startga chiqdi. U finalga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi va bugun Toshkent vaqti bilan soat 15:45 da gʻoliblik uchun bahsga chiqadi.

Qayd etish joiz, musobaqalarning birinchi va ikkinchi kunlarida suzish boʻyicha bahslarda ham bir qator oʻzbekistonlik sportchilar rekord muallifiga aylanishgan edi. 400 m masofaga erkin usulda suzish bahslarida Dmitriy Xorlin Osiyo rekordini qayd etgan boʻlsa, xuddi shu usulda 100 metrga suzish musobaqalarida Islom Aslanov va Fotimaxon Amilova Paraosiyo oʻyinlari rekordini yangilagan edi.

Shu tariqa, hozircha yengil atletika va suzish Oʻzbekiston delegatsiyasiga eng koʻp medal keltirayotgan sport turlari boʻlib turibdi. Ushbu har ikki yoʻnalishda uch nafardan oʻzbekistonlik atlet rekord muallifi boʻlishga erishdi.

Bugun Elbek Sultonovning muvaffaqiyatidan soʻng Oʻzbekiston hisobidagi oltin medallar soni 14 taga yetdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oʻzbekistonlik ikki yengil atletikachi Paraosiyo oʻyinlari rekordini oʻrnatdi