08:25 / 10.10.2018
1 882

Otabek Gʻulomxoʻjayev: “Oʻynaganga yarasha kuchliroq jamoalar bilan oʻynaymiz”

Отабек Ғуломхўжаев: "Ўйнаганга яраша кучлироқ жамоалар билан ўйнаймиз"
Otabek Gʻulomxoʻjayev boshchiligidagi Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Ispaniyaning Malaga shahrida oʻtkaziladigan xalqaro musobaqaga joʻnab ketdi. 3-7 oktyabr kunlari terma jamoamiz “Chigʻatoy” sport bazasida shugʻullanishdi. Shundan keyin Malaga shahriga joʻnab ketishdi. Vakillarimiz u yerda uchta oʻyinda ishtirok etishadi. Dastlab 10 oktyabr kuni Fransiya U-18, 13 oktyabrda esa Belgiya U-18 va 15 oktyabrda Shotlandiya U-18 terma jamoalari bilan kuch sinashadi.

Shu sababli bu vakillarimiz uchun muhim musobaqa hisoblanadi. Otabek Gʻulomxoʻjayev esa ayni paytda oʻz futbolchilarini mazkur turnir uchun har jihatdan puxta tayyorlashga bel bogʻlagan. Oʻz navbatida shuni alohida aytish kerakki, murabbiyning taʼkidlashicha, ushbu yoshdagi terma jamoamiz vaqti kelib futbolimizning oltin avlodiga aylanishi kutilmoqda. Aynan Gʻulomxoʻjayev uchun ham Malagadi musobaqa katta ahamiyat kasb etadi. Belgiya, Fransiya hamda Shotlandiyadek kuchli raqiblarga qarshi oʻyinlar albatta futbolchilarimiz uchun asqotishi turgan gap. Quyida Otabek Gʻulomxoʻjayev ushbu musobaqa oldidan oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Chigʻatoydagi tayyorgarlik

- Biz Ispaniya safariga ketadigan tarkibni aniqlashtirib olganmiz. Bundan 20 kun oldin ham yigʻin oʻtkazgandik. Shu bois tarkibimizning asosiy oʻzagini hal qilib olganmiz. Terma jamoamizga turli klublardan futbolchilar kelishgan boʻlib, ularning hozirgi paytdagi jismoniy holatiga qaramaymiz. Asosiysi, ularning hammasi yaxshi sport formasida. Bu yerga kelishganidan soʻng ularni oʻz nazoratimizga olganmiz. Yaʼni, mashgʻulotlarda bizning uch xil toifadagi yoʻnalishlarimiz bor. Ammo bitta urinishdayoq barchasini futbolchilarga oʻrgatib boʻlmaydi.

Chigʻatoydagi besh kunlik yigʻinimizda asosan taktik uslublar ustida ishladik. Hujumdan keyin himoyalanishga kelganda bizda ayrim kamchiliklar bor. Hozirgi kunda himoyaga ham jiddiy eʼtibor qaratish davr talabi boʻlib qolgan. Shuningdek, standartlardan ham samarali foydalanish ustida ishlayapmiz.

Ispaniyadagi musobaqa

- Xorijdagi yigʻinimiz davomida futbolchilarimizning qanday imkoniyatlarga ega ekanligi yanada yaxshiroq koʻrinadi. Masalan, individual tomondan kuchlimizmi yoki taktik jihatdanmi? Jismoniy holatimiz qandayligini esa oʻyin koʻrsatadi. Shu bilan birga raqib bizga qanday oʻyinni taklif qiladi va biz ularga qanday oʻyinni taklif qila olamiz? Safar davomida ushbu jihatlarga ham eʼtibor qaratamiz. Menda raqiblarimiz haqida maʼlumotlar bor. Lekin ularda xuddi shu yosh toifasida 2-3 ta tarkiblari bor. Shu bois bizga nisbatan raqiblarimizning qaysi jamoalari oʻynashlarini esa bilmaymiz. Masalan, Belgiyaning U-19 jamoasining ikkita shakllangan tarkibi bor.

Belgiya termasini oʻyinini disk orqali koʻrganimda, tarkibida juda kuchli futbolchilar borligiga guvoh boʻldim. Oradan 20 kun oʻtib Belgiya boshqa turnirda qatnashdi. Ammo bu safar umuman boshqa tarkib bilan oʻynashdi. Lekin umumiy maʼnoda ularning oʻyin sifati koʻrinib turibdi. Aytmoqchimanki, yoʻnalishi bitta. Biroq hali raqiblarimizning kuchli yoki kuchsiz tomonlari haqida yetarli darajada maʼlumotlarga ega emasman. Asosiy maqsadimiz oʻzimizning futbolchilarimizni shakllantirishdir. Shunchaki, men oʻz yigitlarimizni kuchli raqiblarga qarshi oʻzlarini qanday his qilishlarini, qanday oʻyin koʻrsatishlarini koʻrmoqchiman. Chunki ushbu yoshdagi futbolchilarimiz birinchi marta bunday musobaqada qatnashishadi. Biz Osiyo jamoalarini tanlaganimiz yoʻq. Oʻynaganga yarasha Yevropaning kuchli raqiblari bilan oʻynaydigan boʻldik.

Yigitlarimiz oʻz klublarida yoki Toshkentdagi yigʻinlarimizda zoʻr oʻynashadi. Lekin xalqaro maydonda qanday toʻp surishadi? Belgiya, Fransiya, Shotlandiyaga qarshi uchrashuvlarda futbolchilarimiz sarosimaga tushib qolishmaydimi? Buning uchun avvalo ularning ruhiyatini koʻrib olamiz. Albatta, bu borada ular bilan ishlayapmiz. Eng muhimi, ruhiy holati joyida boʻlishi kerak. Qolgan kamchiliklarni esa toʻgʻrilasa boʻladi. U yerga borgandan keyin oyoqlari qaltirib tursa, u ming iqtidorli boʻlmasin qiladigan ishini bajara olmay qoladi. Biz bu yigitlardan natijani soʻramaymiz.

Maqsad oʻz darvozamizdan gol oʻtkazmaslik yoki toʻpni oʻzimizda saqlab koʻproq gol urish emas. Shunchaki, bizning oʻz oʻyin falsafamiz bor. Yevropa termalariga qarshi uchrashuvlarda ham faqat oʻz oʻyinimizni koʻrsatishimiz kerak xolos. Balki oʻz darvozamizdan 2-3 ta gol oʻtkazib yuborarmiz. Biroq bundan fojea yasamaymiz. Bizga bu oʻyinlar nima uchun kerak? Asosiysi, yigitlarimizning ruhiyatini koʻtarish va aynan qanday yoʻnalishda ulardan orqada qolib ketyapmiz, shu kabi masalalarni koʻrib olamiz. Agar raqiblarimizdan qaysidir jihatimiz boʻyicha ustunroq boʻlsak, unda toʻgʻri yoʻldan ketayotganimiz bilinadi. Nima boʻlganda ham Madriddagi musobaqa biz uchun katta maktab boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, yaxshi yigʻinga ketyapmiz. Buning uchun futbolimiz rahbarlariga rahmat aytaman. Ular biz uchun ajoyib yigʻinlar tashkil qilib berishyapti.

Futbolchilarning tanlovi

- Bizda futbolchilar tanlovi va ularni tanlab olish imkoniyati koʻp. Hali bu yoshda biz bilan ketishi kerak boʻlgan yana bir qancha oʻyinchilarimiz qolib ketishyapti. Ammo ular bizning zaxira variantlarimiz hisoblanishadi. Keyingi xalqaro yigʻinlarimizda ham boshqalarni sinab koʻramiz. Bilasizmi, oʻzimiz oʻynab, mahalliy jamoalarni yutib yuraveramiz, biroq chetga chiqqanimizda qayerga yugurishni, qanday oʻynashni bilmay qolamiz. Baribir xalqaro tajriba boshqacha. Biz boshqa viloyat terma jamoalarini ham koʻrib oldik va ularning orasidan ham tanlab olganlarimiz bor. Men hozirdan maqtanmoqchi emasman-u, ammo hozirgi futbolchilarimizga yaxshilab eʼtibor qaratsak, 2001 va 2002 yillarda tugʻilgan yigitlarimiz orasida iqtidorlilari koʻp. Shu bois ular bizning oltin avlodimizga aylanishlari mumkin.
Shuhratbek Joʻrayev suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek Gʻulomxoʻjayev: “Oʻynaganga yarasha kuchliroq jamoalar bilan oʻynaymiz”