09:21 / 13.10.2018
3 214

KXDR termasi bosh murabbiyi: “Osiyo kubogida chorak finalga chiqishni maqsad qilganmiz”

KXDR termasi bosh murabbiyi: “Osiyo kubogida chorak finalga chiqishni maqsad qilganmiz”
KXDR – Oʻzbekiston oʻrtoqlik uchrashuvi oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida mehmonlar murabbiyi Kim Yong Jun va hujumchi Jong Il Gvan ishtirok etdi.

«Ertangi bahs Osiyo kubogiga tayyorgarlik doirasidagi ilk oʻyin boʻladi. Terma jamoamiz bu yil hisobidan faqat bitta uchrashuv oʻtkazdi – mart oyida Osiyo chempionati saralashi oʻyinida Hongkongga qarshi maydonga tushgan edik.

Yil davomida kam oʻyin oʻtkazganimizning sababi – futbolchilar oʻz klublarida ham xalqaro darajada yetarlicha oʻyin amaliyotiga ega boʻlishyapti. Klublarimiz OFK kubogida ishtirok etishdi. Qolaversa, noyabr oyida boʻlib oʻtadigan Sharqiy Osiyo kubogi ham bor.

Raqibni imkon qadar oʻrganishga harakat qildik. Oʻzbekiston termasining FIFA reytingidagi oʻrni bizdan ancha yuqori. Bu jamoa bilan oxirgi ikki oʻyinimiz Jahon chempionati saralashi doirasida boʻlgan edi. Oʻshanda oʻz maydonimizda gʻalaba qozonib, Toshkentda magʻlubiyatga uchragan edik.

Natijani muhim emas, deya olmayman. Chunki u jamoa ruhiyatiga taʼsir koʻrsatadi. Ertangi gʻalaba Osiyo kubogini yaxshi kayfiyatda boshlashimizga yordam berishi mumkin.

Osiyo chempionatida qitʼamizning eng kuchli jamoalari qatnashadi. Biz oʻz imkoniyatimizni chamalagan holda chorak finalga chiqishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz», - deya fikr bildirdi Kim Yong Jun.

KXDR terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi toʻpurar, Shveysariya Superligasining “Lyutsern” klubi aʼzosi Jong Il Gvan oʻyin oldi fikrlari va qanday qilib Yevropa klubiga oʻtishni uddalagani haqida gapirib oʻtdi.

«Jamoamiz nomidan shuni taʼkidlay olamanki, oldindagi bahsda biz yakdil jamoa sifatida imkon qadar yaxshi oʻyin koʻrsatishga harakat qilamiz.

Shveysariya klubiga yoʻl olishim terma jamoada koʻrsatgan oʻyinlarim bilan bogʻliq. Men turli yoshdagi termalarda toʻp surib keldim. Oʻtgan yili dekabrda Yaponiyada boʻlib oʻtgan Sharqiy Osiyo chempionatida uchta gol kiritganimdan soʻng bu klubdan taklif oldim. Menimcha, shveysariyaliklar shu oʻyindan keyin menga qiziqib qolishgan», - deya taʼkidladi Jong Il Gvan.

Maʼlumot uchun, 25 yoshli ushbu hujumchi 2010 yilda OFK tomonidan Osiyoda yilning eng yaxshi yosh futbolchisi deya eʼtirof etilgan. U Sharqiy Osiyo chempionatining saralash va final bosqichlarida 3 ta gol urgan. Xususan, KXDRning soʻnggi oʻyini – mart oyidagi Hongkongga qarshi bahsda jamoasining yagona goliga mualliflik qilgan edi. Umuman, uning terma jamoadagi gollari soni 18 tani tashkil etadi.

Eslatib oʻtamiz, JCH-2018 saralashining ikkinchi bosqichida Shimoliy Koreya va Oʻzbekiston terma jamoalari bir guruhdan oʻrin olgan edi. 2015 yil iyun oyida koreyslar maydoniga safar qilgan Oʻzbekiston 2:4 hisobida magʻlubiyatga uchragan, oʻsha yilning noyabrida Toshkentda oʻtgan javob bahsida mezbonlar 3:1 hisobida gʻolib chiqqan edi. Dastlabki oʻyinda KXDR 4-daqiqada, Toshkentda bahsda esa 2-daqiqadayoq hisobni ochishga muvaffaq boʻlgan.

Yakunda Oʻzbekiston guruh yetakchisi sifatida BAA-2019 yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan, Shimoliy Koreya esa ikkinchi oʻrin bilan saralashning uchinchi raundiga yoʻl olgan edi. Qoʻshimcha saralashdan soʻng jamoa Osiyo kubogi yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.

Mahalliy murabbiy Kim Yong Yun jamoasi kelasi yil boshida boʻlib oʻtadigan qitʼa chempionatida Saudiya Arabistoni, Qatar va Livan termalari bilan bir guruhdan oʻrin olgan.

Qoʻshimcha qilish joiz, KXDR FIFA reytingida 109-oʻrinda bormoqda. Oʻzbekiston terma jamoasi esa 96-oʻrinda qayd etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » KXDR termasi bosh murabbiyi: “Osiyo kubogida chorak finalga chiqishni maqsad qilganmiz”