21:06 / 25.10.2018
3 826

Superliga klublari soni o‘zgarmaydi, Pro-liga bilan birga 2-liga ham tashkil qilinadi

Superliga klublari soni o‘zgarmaydi, Pro-liga bilan birga 2-liga ham tashkil qilinadi
Kelasi mavsumdan boshlab Pro-liga klublariga qo‘yiladigan talablar oshiriladi va uning ishtirokchilaridan Superliga klublari bilan raqobat olib borish imkonini beruvchi moddiy-texnik baza talab qilinadi, deb xabar beradi PFL.

Ayni vaqtda Pro-liganing “B” guruhidagi jamoalardan litsenziyalash talablarini bajara olmaganlari, shuningdek, yangi klublar uchun 2-liga musobaqasi tashkil etiladi.

PFL komissiyasi 2019 yilgi mavsum uchun litsenziyalash talablarini ishlab chiqmoqda. Dekabrga qadar O‘zbekistonning barcha futbol klublari litsenziyalash talablaridan xabardor qilinadi. Futbol klub tashkil etish istagida bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar litsenziyalash reglamentini bajarishi kerak bo‘ladi.

Endi noprofessional klublardan futbol maktabi, akademiyasi, ayollar futboli, futzal kabi masalalar talab ham qilmaydi. Ular litsenziyalashning 2-liga klublari uchun qo‘yiladigan shartlarini bajarganlari holda faoliyatini davom ettirishlari mumkin. Superliga va Pro-liga jamoalari esa bosqichma-bosqich teng ko‘rinishga keltiriladi. Ular orasidagi tafovut yildan-yilga qisqarib borishi bunda asosiy omil bo‘ladi.

Hozircha aniq bo‘lgani, kelasi mavsumda ham O‘zbekiston Superligasida 12 ta klub chempionlik uchun kurash olib boradi. Pro-ligadagi klublar sonini PFL aniq ko‘rsatib o‘tmaydi. Jamoalar soni litsenziyalash talablari asosida belgilanadi. Ungacha esa Pro-liganing ayrim klublari mavsumni yakunlab olishlari uchun, futbolchilar, murabbiylar shtabi ishsiz qolib ketmasligi uchun imkoniyat taqdim etilmoqda.

Kelasi mavsumda tuman yoki shahar hokimliklarining shunchaki kafilligi hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Barcha futbol klublari o‘zlarining ayni vaqtdagi holatidan kelib chiqib litsenziyalash talablaridan o‘tkaziladi va saralanadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, PFL jamoalar soni, format masalasi, klublardan talab qilinadigan masalalar yuzasidan o‘z prinsiplarini himoya qilishga harakat qiladi. Shuningdek, davlat korxonalari tomonidan moliyalashtiriladigan klublarning futbolchi hamda murabbiylar bilan tuziladigan shartnomasi, yilda ikki bor hisobot beruvchi moliyaviy va yuridik xujjatlari kabi masalalarni bir xil ko‘rinishga keltiradi. Ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi shartnomalar tuzish, ularni bekor qilish kabi masalalardagi yillar davomida yechimini topmay kelgan masalalarni jiddiy nazoratga oladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superliga klublari soni o‘zgarmaydi, Pro-liga bilan birga 2-liga ham tashkil qilinadi