07:01 / 28.10.2018
2 863

"Finalda ko‘p omillar AGMKga qarshi" - Baxtiyor Ashurmatov ishtirokidagi qiziqarli matbuot anjumani

"Finalda ko‘p omillar AGMKga qarshi" - Baxtiyor Ashurmatov ishtirokidagi qiziqarli matbuot anjumani
O‘zbekiston kubogi finalidan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida AGMK vakillari ishtirok etishdi.
- "AGMK ertaga yil o‘yinida maydonga tushadi. Mazkur final biz uchun yil o‘yiniga teng. Jamoamiz katta mehnati orqali finalga qadar yetib keldi. Finalda syurprizlar bo‘lib turadi. AGMKda hayajon bor, ammo qo‘rquv yo‘q. Afsuski oxirgi ikkita o‘yinda mag‘lubiyatga uchradik. Finaldagi g‘alaba orqali ushbu noxush seriyaga chek qo‘yishni istaymiz. AGMK tarixida yangi sahifa ochish imkoniyatiga egamiz. Buni yigitlar juda yaxshi tushunib turishibdi. "Paxtakor" juda kuchli futbolchilarga ega jiddiy raqib.

To‘g‘ri, ertangi final har ikkala murabbiy uchun ilk final. Futbolchi sifatida juda ko‘plab finallarda o‘ynaganman. Ammo murabbiy sifatida bu dastlabkisi bo‘ladi. Bu yerda tafovut juda katta. Futbolchi sifatida o‘ynash osonroq. Murabbiy esa butun jamoa natijasiga javobgar shaxs. Bu yerdagi mas’uliyat nihoyatda katta ekanligin his etib turibman.

Finalda g‘alaba qozonishimiz uchun futbolchilar ertaga faoliyatlaridagi eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatishlari lozim. Muhimi, g‘alaba bo‘lgan ishonch yuqori bo‘lmog‘i zarur. Shundagina biz o‘zimiz uchun kerakli natijani qo‘lga kiritishimiz mumkin bo‘ladi.

Tan olish kerak, mahorat bobida "Paxtakor" ustunroq. Biz esa yuqori ishtiyoq va g‘alabaga bo‘lgan chanqoqlikni ko‘rsatmog‘imiz kerak. Ko‘p narsa ertaga biz "Paxtakor"ga qanchalik jangovor kurash taqdim etishimizga bog‘liq bo‘ladi. Shuningdek, muhim omil, omad degan tushuncha biz tarafda bo‘lishi eng katta ko‘makchiga aylanishi mumkin.

Syurpriz? Albatta, biz aynan o‘sha syurprizni ertaga taqdim etish uchun kurashamiz. Finalga nihoyatda jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Ertaga ko‘p omillar bizga qarshi ishlaydi. Birinchi navbatda qarshimizda jiddiy raqib. Shuningdek, "Navbahor" va "Bunyodkor" jamoalari muxlislari ham "Paxtakor" yutishidan manfaatdor bo‘lishadi. Chunki o‘shanda chempionatdagi uchinchi o‘rin sohibi OChLga yo‘llanma beradi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bizda ham OChLga chiqish uchun final ajoyib imkoniyat mavjud. AGMK syurpriz taqdim etishga qodir. Chempionatdagi mag‘lubiyatlar kubok o‘yiniga ta’siri yo‘q. Bu umuman boshqa-boshqa turnirlar. Ketma-ket ikkita mag‘lubiyatdan so‘ng jamoamiz qo‘shimcha kuch topishiga ishonaman. Agar kubokni biz olsak, bu hamma uchun o‘ziga xos syurprizga aylanadi. Chunki finaldan oldin barcha kubokni "Paxtakor"ga "topshirib" qo‘ymoqda. AGMK ertaga rahbariyat va muxlislarni ishonchini oqlashga va ko‘pchilikni chin ma’noda hayron qoldirishga harakat qiladi.

Bitta o‘q bilan ikkita quyonni urish? To‘g‘ri, kubok olish orqali klub tarixidagi yangi sahifa ochiladi. Qo‘shimchasiga bu OChL yo‘llanmasini ham taqdim etadi. Hozircha rahbariyat bilan uchrashuv bo‘lgani yo‘q. Ertaga finaldan oldin biz rahbariyat bilan uchrashamiz va o‘shanda finaldagi muvaffaqiyat uchun qo‘shimcha bonus va mukofotlar haqida ma’lum qilishadi. Rahbariyat bizga OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiz uchun maksimal kuchni sarflashni vazifa qilib belgilagan. Final kuni klub rahbariyat Farg‘onaga yetib keladi va ertaga o‘yindan oldin jamoa bilan uchrashuv belgilangan. Aynan rahbariyatning ishonch va ularning daldasi yigitlarga qo‘shimcha kuch beradi, deb o‘ylayman.

"Paxtakor"ning eng xavfli nuqtasi? Raqibning har bir nuqtasida mahoratli futbolchilar jamlanishgan. Bezerra juda mehnatkash va golga chanqoq futbolchi. Cherannig benazir paslari himoyani kesib qo‘yadi. Masharipov yakkama-yakka holatda xavfli futbolchi. Farruh Sayfiyevning samaradorligi borasida ortiqcha gapirishga hojat yo‘q. Yoki Akmal Shorahmedovning boy tajribasi. Azim Ahmedovning uzoqdan beradigan zarbalari nihoyatda yaxshi chiqmoqda. Umuman, har bir futbolchi borasida iliq fikrlarni aytish mumkin. Shu boisdan ham hech kimni yoki aniq bir nuqtani emas, balki butun jamoani e’tirof etgan bo‘lardim.

Shota Arveladze juda kuchli mutaxassis ekanligini alohida ta’kidlamoqchiman. Men ozgina bo‘lsada "Paxtakor" murabbiylar shtabining ishlash uslubidan tanishman. Shuni aytishim mumkinki, bu umuman boshqa daraja. O‘zbek jamoalarining barchasi intilishi kerak bo‘lgan daraja. Oziq-ovqat taraflama, diyetolog, futbolchilarni jismoniy taraflama nazorat qilib borish va hokazo. Umuman barcha taraflama yangicha darajada ishlaydigan shtab. Shota Arveladze esa juda teran fikrlaydigan va o‘z g‘oyalariga ega mutaxassis. Arveladze o‘z g‘oyalarini, tajriba va bilimlarini hamkasblari bilan bo‘lishadigan kam sonli murabbiylardan biri. Ko‘pchilik odatda o‘z g‘oyalari bilan boshqa mutaxassislarga tavsiya yoki maslahat berishni istamaydi. Arveladze esa aksincha, undan maslahat so‘raganda doimo ochiq. Shota Arveladze o‘zbek futbolida yorqin iz qoldirmoqchi. Arveladze "Paxtakor"ni butkul yangi pog‘ona va darajaga ko‘tarmoqda. Ayni paytda "Paxtakor" qolgan jamoalardan har jabhada ustunligi haqiqat.

O‘ylashimcha, ertaga stadionda "Paxtakor"ga nisbatan AGMKning qo‘llab-quvvatlovchilari ko‘proq bo‘ladi. Chunki men o‘zim vodiy farzandi, ya’ni qo‘qonlikman. Qo‘qondan ham ko‘plab muxlislar meni va AGMKni qo‘llab-quvvatlash uchun tashrif buyurishadi. Shuningdek, AGMKka ishonayotgan muxlislar ham yo‘q emas. Biz esa ularni ishonchini oqlashga harakat qilamiz. Namangandan ham ko‘plab muxlislar qo‘ng‘iroq qilib, menga dalda berishmoqda. Garchi "Navbahor" uchun "Paxtakor"ning g‘alabasi yaxshiroq bo‘lsada, Namangandagi faoliyatim orqali men bilan do‘st bo‘lgan muxlislar o‘z daldasini hozirdan bildirishdi. Bizga ishonayotgan va qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘layotgan ishqibozlarga oldindan rahmat aytmoqchiman", - dedi Baxtiyor Ashurmatov.

Matbuot anjumanida AGMK ustoziga hamroxlik qilgan Vladislav Kasminin ham final oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.

- "Juda katta ishtiyoq bilan finalga taraddud ko‘ryapmiz. Finalda O‘zbekistonning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi tushamiz. "Paxtakor"ga jiddiy qarshilik taqdim etamiz. Qo‘limizdan kelgan barcha ishni amalga oshiramiz. Kubok musobaqasi kutilmagan syurprizlarga ega bo‘ladi. Biz ertaga aynan shu ishni amalda ko‘rsatishga harakat qilamiz", - dedi Vladislav Kasminin.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Finalda ko‘p omillar AGMKga qarshi" - Baxtiyor Ashurmatov ishtirokidagi qiziqarli matbuot anjumani