14:30 / 01.11.2018
3 555

To‘xtamirzayev “Navbahor”dagi o‘zgarishlar, Kanchelskis va Mo‘minjonov haqida (video)

To‘xtamirzayev “Navbahor”dagi o‘zgarishlar, Kanchelskis va Mo‘minjonov haqida (video)
“Navbahor” klubi jamoani Superliga yetakchilari safiga olib chiqqan Ilhom Mo‘injonov o‘rniga, hozirga qadar murabbiy sifatida birorta sezilarli g‘alabaga erishmagan Andrey Kanchelskisni taklif etdi. Yangi murabbiy “lochinlar”ni chempionlik sari yetaklay oladimi?

- Namanganliklar futbolni sevish nuqtai nazaridan olib qaraladigan bo‘lsa O‘zbekistonda tenggi yo‘q. Bu narsa azal azaldan barchamizga ma’lum. Yana bir o‘ziga xos an’ana, Namanganda ishlaydigan murabbiy uzoqqa bormasligiga ham ko‘nikib ketgandik. Ilhom Mo‘minjonov sal kam ikki yil “Navbahor”ga boshchilik qildi va klub Superliga peshqadamlari safidan joy oldi. Hattoki, ikkinchi bosqichni yetakchi sifatida boshladi.

Murabbiylar jamoa bilan xayrlashishi odatiy bir xol. Lekin yangi kelgan murabbiy ishqibozlarni o‘ylantirgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi. Nazarimda Ilhom Mo‘minjonov mavsumni oxiriga yetkazib qo‘ygani maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ammo klub rahbariyati yetakchini almashtirish kerak degan qarorga keldi. Demak, bunga qandaydir o‘ziga xos jiddiy sabablar bo‘lgan.

Endi Andrey Kanchelskis haqida. Ajoyib futbolchi. O‘yinlaridan juda ko‘p marotaba bahramand bo‘lganmiz. Ko‘plab nufuzli musobaqalarda zafar quchgan va shuhsupaga ko‘tarilgan. O‘zining juda ko‘plab muxlislariga ega. Lekin bu hammasi biz bilgan futbolchi Andrey Kanchelskis.

Murabbiy Andrey Kanchelkis qayerda va qanday yirik zafarlarga erishdi degan savol hozircha ochiq qolyapti. Yaxshi niyat bilan namanganliklar uni vodiyga taklif etishdi. Balki, Andrey Kanchelskis murabbiylikdagi zafarlarga aynan avvaliga “Navbahor”da erishar. Faqat bitta narsa shaxsan meni o‘ylantirib turibdi. Rossiyalik hamkasblarimizga bergan intervyusida Andrey Kanchelskis Xitoyda ishlash niyati borligini e’tirof etgan. Demak “Navbahor” uning uchun bir o‘tginchi oraliq punkt.

Nazarimda ko‘p yillar mobaynida mana shu joyda ishlab, obro‘ orttirib, klub shani uchun ishlashni xohlagan murabbiy kelgani yaxshiroq bo‘lardi. Andrey Kancheslkisgacha “Navbahor” uyda g‘alaba qozonardi. Safarda zafar quchishga qiynalardi. Hozirda kuzatganlarimiz, uyda va mehmondagi bittadan uchrashuvda avvalgi an’ana saqlanib qoldi. Jamoa uyda g‘alaba qozondi, poytaxtda “Lokomotiv”ga imkoniyatni boy berdi.

Nima bo‘lganda ham Andrey Kanchelskis “Navbahor” bilan birga O‘zbekiston Superligasi shohsupasiga ko‘tarilsa, ushba mavsumga qo‘yilgan vazifa, keling ochig‘ini tan olaylik amalda uddalangan deb hisoblash mumkin. “Navbahor” chempion bo‘lishini xohlovchilar juda ko‘p. Ammo hozircha chempionlik emas, medallar haqida o‘ylagan haqiqatga tik boqqan bilan teng bo‘lsa kerak.

Kelgusi mavsum agar “Navbahor” Osiyo chempionlar ligasiga yo‘llanma sohibiga aylansa jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirish zarur bo‘ladi. O‘shanda biz Andrey Kanchelskis va uning “Navbahor”i nimalarga qodir ekanligini ko‘ramiz. Har qanday sharoitda “Navbahor”ga omad va g‘alabalar yor bo‘lishini tilaymiz. Rossiyalik murabbiy bunga hissasini qo‘shsa yana ham yaxshi bo‘lardi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » To‘xtamirzayev “Navbahor”dagi o‘zgarishlar, Kanchelskis va Mo‘minjonov haqida (video)