22:16 / 02.11.2018
2 172

Solari va Lopetegi o‘rtasidagi 7 asosiy farq (foto)

Solari va Lopetegi o‘rtasidagi 7 asosiy farq (foto)
Santiago Solari Madridning «Real» klubidagi murabbiylik lavozimiga kelganiga hali bir hafta bo‘lishiga qaramay ispan matbuoti allaqachon argentinalik mutaxassisning ishini muhokama qilishni va uni Xulen Lopetegi bilan solishtirishni boshladi.

«Real» futbolchilarining murabbiydan noroziligi bir oy oldin barchamizga ma’lum edi. Albatta, ma’lumotda ismlar keltirilmadi. Ammo Serxio Ramos va jamoaning bir qator boshqa faxriylari Xulen Lopetegiga ijtimoiy tarmoqlar orqali uni qo‘llashlari haqidagi xabarlarni qoldirishdi. Murabbiyning iste’fosiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bu yordam bermadi. Endi navbat Solariga. U ham futbolchilar bilan murosa yo‘lini tutishiga to‘g‘ri keladi. Keling, Solari va Lopetegi o‘rtasidagi 7ta farq haqida gaplashamiz

E’tiborga molik jihati Solari hali Qirollik kubogida bittagina o‘yin o‘tkazdi, ammo ekspertlar uchun shuning o‘zi yetarli ko‘rinmoqda.

Antonio Pintus – yana jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy

Xulen Lopetegi «Real» bosh murabbiyligiga o‘z jamoasi bilan tashrif buyurgan va jamoadagi ko‘plab murabbiylarni almashtirgan edi. Aynan Pintus Zidan davrida ishlagan va Lopetegi davriga kelib ishsiz qolgan edi. Solari o‘z vazifasini bajarishga kirishishi bilan Pintusni darhol o‘rniga qaytardi.

«Ichkaridagilarning» fikriga ko‘ra, «Real» ning o‘yinchilari Pintus bilan yaqin va juda iliq munosabatlarga ega, shuning uchun uning qaytishi Solariga futbolchilar bilan til topishish uchun yaxshi qadamdir. Mutaxassisni «Real»ga Zinedin Zidanning shaxsan o‘zi taklif qilgan. Endi Pintusning vazifasi o‘yinchilarning jismoniy holatini yaxshilash, ularda tezkorlikni kuchaytirishdir.

Vinisius Junior yana birinchi jamoa tarkibiga kiradi

45 million yevroga sotib olingan yuksak qobiliyat egasi Xulen Lopetegi rejalariga kiritilmagan. Murabbiy braziliyalik futbolchiga 13 daqiqa o‘ynashga imkoniyat berdi. "Kastilya" bilan o‘yinda berilgan qisqa vaqt davomida futbolchi muvaffaqiyatli harakat qildi. Ammo Lopetegi gollar bilan katta muammolarga qaramasdan Juniorni birinchi jamoaga qaytarmadi.

Florentino Peresga braziliyalik futbolchi bilan sodir bo‘lgan bu holat yoqmayotgan edi. Ahir zahiraga «mixlangan» futbolchi uchun 45 million sarflash kimga yoqadi?!

Santyago Solari zudlik bilan Vinisiusni asosiy jamoaga qaytardi va hatto unga to‘liq kubok o‘yinini ishonib topshirdi. Junior gol urmadi, hech bo‘lmaganda o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, uning qaytishi Solari va futbolchilar munosabatiga ijobiy ta’sir o‘tkazdi.

Navasning joyi aniq

Keylor Navas Lopetegining «bosh og‘rig‘i»ga aylangan edi. Kurtua “Chelsi”dan o‘tgach avvaliga zahiradan o‘rin oldi, ammo tezlik bilan asosiyga o‘tgan futbolchi tanqidlar girdobiga uchrashga ham ulgurdi.

"Real" jamoasi muntazam gollar o‘tkazib yubordi, ko‘p muvaffaqiyatsiz o‘yinlar o‘tkazdi. Belgiya darvozaboni esa faqat bayramlarda qutqardi. O‘shanda ham Chempionlar Ligasida ham Navas o‘ynashni davom ettirdi.

Oktyabr oyida kiyinish xonasida futbolchilar Navasning zahirada qolishiga norozi bo‘lib, ular Zidanning misolida bo‘lgani kabi 1-raqamni ko‘rishni xohlashliklarini aytishdi. Lopetegi esa hali bir qarorga kela olmayotganini aytgan edi. Solari bu tanqidlarni qabul qilmadi. Kurtua so‘zsiz asosiy darvozabon. Navas esa faqat Qirollik kubogida o‘ynaydi. Ammo qachongacha..

Tajriba

Bu jihatda Solari ojiz. Albatta, ko‘pchilik Zeniddin Zidan va uning Chempionlar Ligasidagi sehrli yutuqlari haqida gapirishmoqda, biroq Madrid matbuotiga qarashli matbuotda aytilishicha, fransuz muvaffaqiyati ko‘proq ungagina tegishli. Lopetegi uzoq vaqt davomida turli yoshdagi ispan jamoalari bilan hamkorlik qilgan, shuningdek, “Porto”da ishlab ko‘rgan. Uning klubdagi tajribasi ajoyib emas, ammo yo‘q ham emas.

Solari o‘zining futbolchilik faoliyatini 2011 yilda Urugvayning «Penyarole», klubida tugatib, 2013 yilda «Real»ga murabbiy sifatida qaytdi. Solarining tajribasi 19 yoshgacha bo‘lgan jamoa va 2 yillik «Kastilya» bilan faoliyat. Solari endi o‘zini ko‘rsata olishi uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘ldi.

O‘yin uslubi

Lopetegi Ispaniyaning barcha yoshdagi milliy termasida ham «Porto» da ham to‘pni nazorat qilish asosida o‘yinini qurgan - bu uning asosiy qonuni. «Real» da u faqat bir marotaba bu uslubidan voz kechdi, ammo buni noto‘g‘ri vaqtda amalga oshirdi. «El Klasiko»da Xulen va murabbiylar shtabi o‘yinda ikkinchi raqamda ishtirok etishga qaror qildi, ammo «qaymoqranglilar» bunga tayyor emas edi - «Barselona» faqatgina Lopetegi «vabank»ka borganidan keyingina muammoga duch keldi, ammo afsuski o‘yin Xulen uchun omadsiz yakun topdi.

Santiago Solari ham to‘p nazoratini xush ko‘radi, lekin «Real» ning ehtiros bilan harakat qilishini xohlaydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, argentinalik mudofaa ham, hujumda ham tajovuzkor harakatlanishni taklif qilmoqda. Buni so‘zlar bilan aytish oson, ko‘pchilik holatda bu raqibga bog‘liq bo‘ladi. Solari tezkor futbol uchun ba’zida to‘p nazoratini ham qurbon qilishga tayyor ekanligini yashirmayapti. «Real» uchun bu uslub yangi emas, tezlikda hujum Zidan komandasining deyarli asosiy quroli bo‘lgan, ammo hozir «qirollik klubi»da Krishtianuning yo‘qligini unutmaslik kerak.

Kiyinish xonasidagi nazorat

Lopetegi Ispaniya terma jamoasining kiyinish xonasida ajoyib muhitni yaratdi, ammo u «Real» da bunday narsalarni takrorlay olmadi - ehtimol bu yomon natijalar bilan bog‘ liqdir, biroq bir narsa aniq-Xulen kiyinish xonasidagi holatni nazoratdan chiqargani aniq. Shu jihatdan, Solari murabbiylik tajribasining etishmasligiga qaramay, bu jihatdan Lopetegiga o‘rnak bo‘ la olishi mumkin. "Kiyinish xonasini nazorat qilish qobiliyati murabbiylik ko‘nikmalariga qaraganda muhimroq bo‘lishi mumkin", degan edi Ramos «Kamp Nou» dagi mag‘lubiyatdan so‘ng.

Santyago «Real»da Zinedin Zidan, Devid Bekxem, Luis Figo, Ronaldo va boshqa ko‘plab yulduz futbolchilar bilan birga o‘ynagan. O‘sha paytda jamoa yulduzlarga ishonib qolmadi, butun bir jamoa bo‘lib shakllandi. O‘shanda «Real»ni boshqargan Visente Del Boske Solarini hayratda qoldirgan. Argentinalik murabbiyning ta’kidlashicha, Del Boskaning asosiy kuchi jamoani boshqarish qobiliyati edi.

O‘yinchilar joylashuvi

Lopetegi raqibni batafsil o‘rganib chiqadigan va shuning uchun, u bir qator qarorlarni tayyorlaydigan kuchli taktik murabbiy sifatida tanilgan. Xulenning mashg‘ulotlarda va o‘yinlarda ko‘plab taktik ishlanmalar mavjud bo‘ladi, ammo afsuski Madridda bu ishlanmalar oxiriga yetmay qoldi. Lopetegi o‘yinchilarga o‘z fikrlarini yetkaza olmaganini aytishmoqda, balki futbolchilar unga quloq solishni xohlamagandir.

Solarining oldida eng birinchi vazifa futbolchilarga o‘z fikrini to‘g‘ri tushuntira olish. Agar buni uddalasa, natijalar yaxshilanishi uchun «Real»da boshqa muammolar ko‘rinish bermaydi.

Ispan jurnalistlarining fikrlariga tayanidan bo‘lsak, Solari taktik jihatlarga asosiy e’tiborni qaratmayapti.U nazariy vazifalar yuklamasdan, o‘yinchilarga motivatsiya berishga hamda tezkor o‘yin g‘oyasini singdirishga harakat qilmoqda. Bunday yondashuv uzoq muddat ijobiy samara berishiga hech kim kafolat bermaydi, ammo jamoa natijalarni yaxshilashga harakat qilmoqchi bo‘layotgan bir paytda Solarining ish uslubi natija berishi mumkin.
Erkinjon G‘aybullayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Solari va Lopetegi o‘rtasidagi 7 asosiy farq (foto)