19:07 / 05.11.2018
3 364

Milliy terma jamoaga nomzod legionerlarimiz o‘z klublarida qanday o‘yin namoyish qilishmoqda?

Milliy terma jamoaga nomzod legionerlarimiz o‘z klublarida qanday o‘yin namoyish qilishmoqda?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi noyabr oyidagi FIFA kunlarida Avstraliyada navbatdagi yig‘inni o‘tkazadi. Ushbu yig‘inda milliy chempionatimizda ishtirok etayotgan futbolchilar bilan bir qatorda legionerlar ham qatnashishi kutilmoqda.

Legionerlarimiz o‘z klublarida qanday o‘yin namoyish qilishmoqda? Bu savol navbatdagi yig‘in oldidan muxlislarni qiziqtirayotgan bo‘lishi tabiiy. Quyida milliy terma jamoamizga nomzod futbolchilarning dam olish kunlari o‘z klublari tarkibida qanday o‘yin o‘tkazishgani haqida ma’lumot keltirib o‘tilgan.

Milliy terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov Xitoyning "Shanxay SIPG" klubi tarkibida Xitoy Superligasining 28-tur uchrashuvida eng yaqin ta’qibchisi "Guanchjou Evergrand" klubiga qarshi maydonga tushdi. O‘yin 5:4 hisobida Odil Ahmedov jamoasining g‘alabasi bilan yakuniga yetdi. Hamyurtimiz uchrashuvda to‘liq harakat qildi va 90+3 daqiqaga kelib sariq kartochka bilan jazolandi. Ushbu g‘alabadan keyin "Shanxay SIPG" jamoasining ochkolari soni 65taga yetdi. Ayni paytda "Shanxay SIPG" musobaqa jadvalini boshqarib bormoqda.

BAAning "Sharja" klubida to‘p surayotgan Otabek Shukurov o‘z klubi tarkibida 9-turda "Al-Ittihod Kalba" jamoasiga qarshi maydonga tushdi. 2:2 hisobidagi durang bilan tugagan o‘yinda hamyurtimiz to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. Ushbu durangdan keyin "Sharja" klubining to‘plagan ochkolari soni 21taga yetdi. Ayni paytda Otabek Shukurov jamoasi musobaqa jadvalining 1-pog‘onasida bormoqda.

Rossiya chempionatida qatnashayotgan "Rostov" klubi hujumchisi, hamyurtimiz Eldor Shomurodov uchun 13-tur muvaffaqiyatli keldi. U "Krasnodar" jamoasiga qarshi kechgan bahsda 7-daqiqada gol kiritib, hisobni ochishga erishdi. O‘yin 2:2 hisobidagi durang bilan yakuniga yetdi. Shomurodov 77-daqiqada maydondagi o‘rnini islandiyalik futbolchi Vidar Ern Kyartanssonga bo‘shatib berdi. Ayni paytda "Rostov" 22 ochko to‘plagan holda musobaqa jadvalining 4-pog‘onasida bormoqda.

Rossiya chempionatidagi yana bir hamyurtimiz Doston Hamdamov "Anji" tarkibida Rossiya Kubogi bahsida maydonga tushdi. "Anji" Moskvaning "Spartak" jamoasiga qarshi to‘p surdi. Uchrashuvda moskvaliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Hamdamov mazkur o‘yinda zaxiradan maydonga tushdi. U 83-daqiqada Danil Glebovni almashtirdi. Bugun "Anji" jamoasi Rossiya chempionati 13-turida "Yenisey"ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00da boshlanadi. Hozirda "Anji" jamoasi 12ta o‘yindan keyin 10 ochko jamg‘argan holda musobaqa jadvalining 15-pog‘onasida bormoqda.

Rossiyaning "Krilya Sovetov" sharafini himoya qilayotgan terma jamoamiz himoyachisi Vitaliy Denisov ham Kubok bahsida maydonga tushdi. "Krilya Sovetov" Rossiya Kubogi 1/8 finalida "Krasnodar" jamoasini o‘z maydonida qabul qildi. Uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobidagi durang bilan yakuniga yetdi. Ekstra taymlarda "Krasnodar" yana bitta gol kiritib, g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi va Kubok musobaqasining chorak finaliga yo‘l oldi. Vitaliy Denisov mazkur o‘yinni asosiy tarkibda boshlab, 104-daqiqada zaxiraga olindi.Bugun "Krilya Sovetov" safarda "Ufa" jamoasiga qarshi 13-tur uchrashuvini o‘tkazadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 18:30da boshlanadi. Vitaliy Denisov jamoasi ayni paytda musobaqa jadvalining 13-pog‘onasida bormoqda.

Manba: www.ufa.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Milliy terma jamoaga nomzod legionerlarimiz o‘z klublarida qanday o‘yin namoyish qilishmoqda?