10:21 / 15.11.2018
3 320

Alisher Aminov: «O‘FA shoshqaloqlik bilan ish ko‘rdi»

Alisher Aminov: «O‘FA shoshqaloqlik bilan ish ko‘rdi»
Kuala-Lumpur (Malayziya)da bo‘lib o‘tgan Osiyo futbol Konfederatsiyasi (OFK)ning 28-Kongressida qator muhim qarorlar qabul qilindi.

Jumladan, OFK prezidenti tashabbusi bilan Nizomga tuzatishlar kiritildi. E’tiborlisi, hozirgacha ushbu tashkilot ishlariga xayrixohlik bildirgan O‘zbekiston futboli vakillari bu safar amaldagi rahbarlarga qarshi ovoz berishdi.

Nega? Mashhur mutaxassis Alisher Aminov anhor.uz saytiga bergan intervyusida ushbu masalaga alohida to‘xtaldi.

- Alisher Anatolevich, ovoz berish jarayonida kamchilik tomonida bo‘lgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining pozitsiyasi haqida nima deysiz?

- Birinchi navbatda, Nizomga kiritilgan o‘zgarishlar nimalarga asoslangani, ularning mazmunini yaxshilab tushunib olish lozim. 2019 yilning 6 aprelida OFK prezidentligi va Ijroqo‘m vakilligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Ayni payt Osiyo futbol konfederatsiyasiga bahraynlik Salmon bin Xalifa rahbarlik qilmoqda. Ammo biroz avval unga jiddiy raqobatchi paydo bo‘lgani oydinlashdi - Odil Izzat (Saudiya Arabistoni).

Ushbu raqobatchining jiddiyligini ta’kidlash payti nomzodning shaxsiy sifatlarini nazarda tutmadim, balki uning ortida turgan kuchlar, ularning moliyaviy imkoniyatlari va siyosiy ta’sir kuchini inobatga oldim.

Shu o‘rinda, OFK saylov-oldi kampaniyasida qatnashish uchun yaqinda Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi prezidenti lavozimidan ketgan janob Izzat milliy miqyosda u qadar katta kuchga ega emasligini ta’kidlash joiz: Saudiya futboli rivoji yo‘lidagi hal qiluvchi qarorlarni mamlakat sport vaziri Turki al Shayx chiqaradi.

Demak, Saudiya Arabistoni o‘z nomzodini ko‘rsatish chog‘ida siyosiy «dastak»ni ishga solib, Bahrayn futbol assotsiatsiyasiga bosim o‘tkazish va shu tariqa Shayx Salmonni yangi muddatga nomzod sifatida ko‘rsatmasligini ta’minlash imkoniyatiga ega. Ya’ni begona qo‘llar bilan poygadagi asosiy favoritni chetlashtirishi mumkin.

OFK prezidenti buni yaxshi tushunib turgani uchun Nizomga o‘zgarishlar kiritish tashabbusi bilan chiqdi: unga ko‘ra, milliy federatsiya fikridan qat’i nazar, rahbarlikka uning nomzodi ham qo‘yilishiga ruxsat beriladi. Avvallari nomzod ko‘rsatishda bunday tavsiyanoma majburiy bo‘lgan, endi esa OFKga a’zo uchta federatsiyadan «rozilik» olishning o‘zi kifoya qiladi.

Ijroqo‘m vakilligiga saylovda esa amaldagi shartlar o‘z kuchida qoldi. Bundan ko‘rinadiki, OFK prezident tayinlashda milliy federatsiyalar fikriga ko‘z yumishga tayyor, nisbatan pastroq lavozimlarga nomzodlar tanlashda esa ularning roziligi ahamiyat kasb etadi.

Bu roziliksiz Ijroqo‘m a’zoligi u yoqda tursin, OFK shafeligidagi o‘yinlarda komissarlik ham qilolmaysiz. Aksariyat mutaxassislar aynan milliy federatsiya rahbarlari bilan chiqisha olishmagani tufayli Ijroqo‘mdan chetda qolib ketishganiga guvoh bo‘ldik. Bu gap nafaqat O‘zbekiston yoki Turkmaniston, balki Avstraliya va Hindiston singari davlatlarga ham taalluqli...

- Demak, prezident o‘zi kiritgan tashabbus orqali keyingi to‘rt yillikda ham lavozimida qolishni ko‘zlagan, bu yo‘lda mantiqni bir chetga surib qo‘yayotgan ekan-da?

- Shu bilan birga Kongressning to‘liq qo‘llab-quvvatlashiga erishdi. 46 ta davlatdan 42 tasi uni yoqladi. Agar demokratiya va oshkoralik prinsiplariga tayanilsa, har qanday shaffof saylov jarayonida mantiq xususida gap bo‘lmaydi. Boshqa tomondan, qanchalik g‘alati tuyulmasin, Shayx Salmon va uning tarafdorlari aynan demokratik tamoyillar tarafdori sifatida chiqish qilishdi.

Kimlar «qarshi» ovoz berdi? Saudiya Arabistoni - chunki Shayx Salmonning bu lavozimda qolishini xohlamaydi. BAA - chunki har jabhada Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatlaydi. Janubiya Koreya - chunki bu mamlakatning ham prezidentlik kursisi borasida o‘z qarashlari bor...

Ulardan qaysi biri demokratiya, mantiq, nomus va qadr-qimmatni birinchi o‘ringa qo‘ygan deysiz? Javob tushunarli! Vaziyat xuddi futbol singari oddiy va tushunarli: qanday bo‘lmasin, favoritni kurashdan chiqarish lozim.

- Yaxshi, u holda O‘zbekiston bu kompaniyaga qay tariqa qo‘shilib qoldi?

- Kongressdan so‘ng bu savol ko‘pchilikni o‘yga soldi, hech kim O‘zbekiston vakillarining amaldagi prezidentga qarshi ovoz berishlarini kutmagandi. Umid Ahmadjonov O‘zbekiston futboli mutasaddiligiga kelgan ilk davrlardanoq Shayx Salmon uni qo‘llab-quvvatlab keldi.

Eng asosiy voqea o‘tgan yilning sentyabr oyida kuzatilgan, o‘shanda O‘FF prezidentligiga saylovlar jarayonida mavjud nizom hujjatlarining ko‘plab bandlari buzilganiga qaramay, OFK bu «saylovlar»ni qonuniy tarzda o‘tgan, deb hisoblagandi. Ahmadjonovning ushbu lavozimga saylanmagani, balki tayinlanganidan Shayx Salmon bexabar bo‘lishi mumkin emasdi. Shunga qaramay, OFK rahbari mazkur holatni ma’qulladi.

Shayx Salmon O‘FAni Ahmadjonovga foydali bo‘lgan boshqa pozitsiyalarda ham qo‘llab-quvvatladi. Masalan, sentyabr oyi oxirida aynan Toshkentda OFK Ijroqo‘mi yig‘ilishi o‘tkazildi, garchi Toshkent, aytaylik, logistika nuqtai nazaridan bunday tadbirlar o‘tkazish uchun qulay joy emasdi.

Odatda, bu kabi yig‘ilishlar OFK shtab-kvartirasi joylashgan Kuala-Lumpurda o‘tkaziladi. Yoki yanada yirikroq tadbirlar bilan parallel ravishda tashkillanadi - FIFA yoki OFK Kongressi, Osiyo kubogi final musobaqasi shular jumlasidan.

Sentyabr oyi oxirida Ahmadjonov navbatdagi saylovlarda Shayx Salmon nomini yoqlashini ommaviy tarzda e’lon qildi. Ammo bir oydan so‘ng O‘zbekistonning pozitsiyasi keskin o‘zgardi. Ayni payt O‘FA birinchi vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritayotgan Ahmadjonov Kongress ishida qatnashmadi.

Biroq sir emaski, aynan u bugungi kunda o‘zbek futboli boshqaruvini qo‘lga olgan. Darvoqe, Kuala-Lumpurdagi ovoz berish jarayonida Ahmadjonovning yaqin yordamchisi ishtirok etdi.

OFKdagilar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining pozitsiyasidan bir xil ma’no chiqarishdi, ularning fikricha, mazkur holatda Shayx Salmonga xiyonat qilingan.

Ahmadjonovning «qarshi» ovoz berilgani haqida O‘FA prezidentiga hisobot berganiga shubham bor. Bunday darajadagi qarorlar O‘FA Ijroqo‘mi ijozati bilan chiqarilishi kerakligi haqida esa, o‘ylashimcha, Ahmadjonov o‘ylab ham ko‘rmagan.

- Bunga nima sabab bo‘lgan, deb o‘ylaysiz?

- Bilasizmi, rahbarlikka tayinlanish chog‘ida qonunni chetlab, turli «mayda-chuydalar»ga e’tibor qaratmay, mamlakat futbolini boshqarayotgan shaxs hech qachon qonunni tushunchadan yuqori qo‘ymaydi. Umuman, tushunchalarini ham, bilishimizcha, Ahmadjonov osongina qurbon qiladi.

Bu gaplarning siyqasi chiqqan: aftidan, saudiyaliklar qandaydir argument topishganki, bu narsa o‘zbekistonlik futbol funksionerlarining fikrini o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lgan. Bu qanday sabab bo‘lishi mumkinligini faqat taxmin qila olamiz, xolos.

Boz ustiga, bilishimcha, O‘FA rahbarlari Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari federatsiyalarini ham «qarshi» ovoz berishga undashga va’da berishgan. Ammo reja ish bermadi, nimadir o‘xshamadi. Ulardan hech biri kelishuv va va’dalarga rozi bo‘lmadi.

- Taxminingizcha, ushbu voqeaning oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin?

- Katta ehtimol bilan O‘FA endi OFK Ijroqo‘midagi o‘rnini saqlab qolish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. 42ta federatsiya roziligini olgan Shayx Salmon o‘z odamlaridan muloyimlik bilan O‘zbekistonga ovoz bermaslikni so‘raydi, modomiki, Sharq - nozik masala, saylovlarda yutqazish uchun shuning o‘zi yetarli bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston vakillarining OFK Ijroqo‘midagi o‘rni aynan Shayx Salmonning qo‘llab-quvvatlashi natijasi edi. 2011 yili O‘FF Osiyo futboliga hech qanday ta’siri bo‘lmagan vakil - Sardor Rahmatullayev nomzodini ilgari surganda, O‘zbekiston hattoki Maldivga ham yutqazgandi.

2013 yili OFK rahbarligiga Shayx Salmon kelgach, O‘FFning o‘sha paytdagi prezidenti Mirabror Usmonov uzoqni o‘ylab ish ko‘rdi va uni saylovlarda qo‘llab-quvvatladi. Ko‘p o‘tmay, Janubiy va Markaziy Osiyo futbol federatsiyalarini ajratish tashabbusi berilgach, bu Rahmatullayevning baribir, Ijroqo‘mga a’zo bo‘lishiga yordam berdi.

Aslida, Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA)ning tashkil etilishi O‘zbekistonning shu o‘rinni olishi uchun o‘ylab topilgandi. Xo‘sh, tuzilganiga to‘rt yil bo‘lgan tashkilot nima bilan shug‘ullanyapti? Bu savolga javob berish mushkul. Faqatgina OFK va FIFA hisobiga tashkil etiladigan ayrim turnirlar paytida qandaydir faollik kuzatiladi.

Umuman, CAFAning asosiy vazifasi qonun-qoida chegarasidan chiqmaydigan federatsiyalarga Ijroqo‘mda joy kafolatlashdan iborat. Endi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi katta ehtimol bilan bunday imtiyozdan ayriladi.

Boz ustiga, OFKning doimiy qo‘mitalarida O‘zbekiston vakillari soni qisqarishi mumkin. Mirabror Usmonov va Shayx Salmon o‘rtasidagi yaqin munosabatlar tufayli bugungi kunda O‘FAning ko‘plab vakillari asosiy qo‘mitalar a’zolari hisoblanishadi: musobaqalar o‘tkazish qo‘mitasi, texnik qo‘mita, rivojlanish qo‘mitasi, futzal va plyaj futboli qo‘mitasi.

Aynan Shayx Salmonning yoqlashi tufayli O‘zbekiston 2016 yili futzal bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritgandi. Bu esa O‘zbekiston termasining jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasini ancha osonlashtirgandi. Bir kun kelib, OFK prezidenti o‘z prinsiplariga sodiq qolib, ayrim huquqlar bo‘yicha O‘FAga rad javobini berishi mumkin. Buning uchun sabablar yetarlicha...

Bu fikrlarim bilan Shayx Salmonni benuqsondek ko‘rsatmoqchi emasman. U Osiyo futbolini qonun doirasida boshqarmayapti, tushunarli bo‘lishi uchun, OFKning O‘FA bilan o‘zaro bajargan ishlarini misol sifatida keltirish mumkin. Ammo ushbu olag‘ovur ssenariy yana bir karra ko‘rsatdi: O‘FA rahbariyati kamida shoshqaloqlikka yo‘l qo‘ydi.

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Alisher Aminov: «O‘FA shoshqaloqlik bilan ish ko‘rdi»