13:17 / 15.11.2018
3 495

Bugun O‘zbekiston MTJ Ektor Kuper qo‘lostida 5-uchrashuvni o‘tkazadi

Bugun O‘zbekiston MTJ Ektor Kuper qo‘lostida 5-uchrashuvni o‘tkazadi
Bugun, 15 noyabr kuni Avstraliyaning Brisben shahrida yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston terma jamoasi Livan termasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 15:00da boshlanadi.

Livanga qarshi o‘yin terma jamoaning Ektor Kuper boshqaruvidagi beshincha uchrashuvi bo‘ladi. Bungacha sentyabrda Suriya bilan durang qayd etilgan (1:1), so‘ng Eron bilan bahsda imkoniyat boy berilgandi (0:1). Oktyabr oyida esa argentinalik mutaxassis qo‘l ostidagi jamoa KXDR va Qatar terma jamoalari ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Hozirga qadar O‘zbekiston va Livan terma jamoalari o‘zaro 5 marta o‘yin o‘tkazgan. Dastlabki bahslar JCh-2010 saralashiga to‘g‘ri keladi; har ikki o‘yinda ham o‘zbekistonliklarning qo‘li baland kelgan (safarda 1:0, Toshkentda 3:0). Keyingi o‘yinlar ham mundialning saralash siklida bo‘lib o‘tgan. JCh-2014 yo‘lidagi bahslarning dastlabkisi Bayrutda bo‘lib o‘tib, durang bilan (1:1) yakun topgan; javob o‘yinida O‘zbekiston kichik hisobda ustun kelgan (1:0). O‘sha o‘yinda Server Jeparov yagona golga mualliflik qilgan, livanliklar ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng JCh yo‘llanmasidan mahrum bo‘lgan.

2008 yil 6 fevral Livan - O‘zbekiston 0:1 (JCh-2010 saralashi)
2008 yil 14 iyun O‘zbekiston - Livan 3:0 (JCh-2010 saralashi)
2012 yil 8 iyun Livan - O‘zbekiston 1:1 (JCh-2014 saralashi)
2013 yil 26 mart O‘zbekiston - Livan 1:0 (JCh-2014 saralashi)
2016 yil 14 fevral Livan - O‘zbekiston 0:2 (O‘rtoqlik uchrashuvi)

So‘nggi bahs o‘rtoqlik uchrashuvi sifatida 2016 yil fevralida bo‘lib o‘tgan. BAAdagi o‘yinda Eldor Shomurodov va Server Jeparovning bittadan goliga livanliklar javob qaytara olishmagan. Shu tariqa, o‘zaro o‘yinlar statistikasida ustunlik O‘zbekiston tomonida: 4 ta g‘alaba va 1 ta durang. To‘plar nisbati – 8:1.

Livan terma jamoasini 2015 yildan buyon chernogoriyalik mutaxassis Miodrag Radulovich boshqarmoqda. Ushbu murabbiy 2010 yil mavsumining birinchi yarmida «Paxtakor» bosh murabbiyi sifatida ishlagan, o‘shanda «sherlar» Osiyo Chempionlar ligasi nimchorak finalida kurashni to‘xtatgan edi.

Radulovich murabbiyligida livanliklar JCh-2018 saralashida omadsizlikka uchradi, shunday bo‘lsa-da, o‘z tarixida ilk marta Osiyo kubogi saralashini muvaffaqiyatli tugatdi. Jamoa birinchiligi final bosqichida bunga qadar faqat bir marta – 2000 yilda musobaqa mezboni sifatida qatnashgan edi. 2018 yil sentyabr oyida Livan terma jamoasi FIFA reytingida o‘zi uchun rekord ko‘rsatkich bo‘lgan 82-o‘ringa chiqa oldi.

20 noyabr kuni bugungi raqiblar Avstraliya yig‘ini doirasida boshqa terma jamoa bilan ham o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Livanliklar mezbon mamlakat termasiga qarshi, O‘zbekiston esa Janubiy Koreya bilan kuch sinashadi.

O‘zbekiston – Livan o‘yini «Sport» telekanalining Youtube`dagi rasmiy sahifasida translyatsiya qilinadi. O‘yinni Xayrulla Hamidov sharhlab boradi.

O‘rtoqlik uchrashuvi
O‘ZBEKISTON – LIVAN

Brisben. «CBUS Super Stadium». 20:00 (Toshkent vaqti 15:00)
Hakamlar: Shon Evans, Natan Makdonald, Jorj Lakrindis, Jarred Jillet (barchasi Avstraliya).

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bugun O‘zbekiston MTJ Ektor Kuper qo‘lostida 5-uchrashuvni o‘tkazadi