14:10 / 17.11.2018
2 905

«Arsenal»ning «ochilmagan kashfiyoti» Rossiyaning buyuk futbolchisi!

«Arsenal»ning «ochilmagan kashfiyoti» Rossiyaning buyuk futbolchisi!
«To‘pchilar»ning sobiq pleymeykeri Andrey Arshavin 37 yoshida butsasini mixga osishga qaror qildi. Londonliklarning sobiq vakili professional futbolchilik faoliyatiga yakun yasadi.

Andrey Arshavin Rossiyaning eng buyuk va jumboqli yulduzlaridan biri. Bir vaqtlar qisqa muddat yuqori futbol namoyish qilgan 37 yoshli futbolchining so‘nggi klubi Qozog‘istonning «Qayrat»i bo‘ldi. Futbolchi 24 noyabrda bo‘lib o‘tadigan Qozog‘iston Kubogi finali u uchun so‘nggisi bo‘lishini ma’lum qildi.

Arshavin futbol bilan shug‘ullanishni yetti yoshida o‘zi tug‘ilgan joyi Leningradda boshladi. O‘sha vaqtda ham tengdoshlaridan jussasi kichikligi bilan ajralib turgan Arshavinni klub murabbiylari mensishmasdi. Shunga qaramay yosh bolakaydagi tabiiy iqtidor tufayli uning havaskor futbol bilan shug‘ullangan otasi mahalliy «Zenit» klubiga bolasini yetaklab bordi.

U «Zenit»dagi debyut o‘yinini 2000-yilda o‘tkazdi. Arshavin Intertoto Kubogida «Bredford»ga qarshi uchrashuvda zaxiradan tushirildi. Tez orada yosh futbolchi asosiy tarkibda o‘zini yorqin tarafdan ko‘rsata oldi. Bunga uning yarim himoyaning istalgan nuqtasida o‘ynay olish qobiliyati sabab bo‘ldi. Boz ustiga u hujumchi ortida ham ajoyib tarzda harakat qila olishini ko‘rsatib qo‘ydi.

Iqtidoriga qaramay, uning o‘yiniga bo‘lgan shubhalar hech arimasdi. «U hech qachon shuhratparast bo‘lmagan», - deydi rossiyalik futbol jurnalisti Artur Petrosyan Sky Sports ga bergan intervyusida – «bu ko‘plab rossiyalik futbolchilarning muammosi aslida. Bu ularning ruxiyatidagi muammo. Ular muvaffaqiyatga erishsa va ozgina pul topsa, rivojlanishdan to‘xtashadi. Bu holat Arshavin bilan ham yuz berdi.»

«Zenit» bilan o‘tkazilgan sakkiz yillik faoliyatidan keyin 2007-08-yilgi mavsum Arshavin uchun ancha omadli va esda qolarli yil bo‘lgandi. 1984-yildan beri birinchi marta ichki chempionatdagi g‘oliblik va UYeFA Kubogi sovrini, bundan tashqari terma jamoa bilan Yevro-2008 dagi ishtirok maqolamiz qahramoni uchun yodda qolarli mavsum bo‘ldi.

Andorraga qarshi pley-off o‘yinida qizil kartocha olgani sababli Arshavni guruhdagi dastlabki ikki turni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Uchinchi turda u Shvetsiyaga qarshi uchrashuvda Rossiyaning ikkinchi goliga mualliflik qildi va termasini chorak finalga olib chiqdi. U yerda ruslarni kimsan Gollandiya kutib turardi.

Ushbu o‘yin ruslarning bayramiga aylanib ketdi. Qo‘shimcha taymlarda 3-1 hisobida g‘alabani ilib ketgan Rossiya Arshavinga rahmat aytishi kerak. Arshavin yuqori sport formasini namoyish qildi va «Arsenal» murabbiyi Arsen Vengerning nazariga tushdi.

U «to‘pchilar» safida 90 dan ortiq o‘yinlarda ishtirok etdi. Ammo uning Londondagi faoliyatida diqqatga sazovor lahzalar juda kam bo‘ldi. Eng yodda qolarlisi Pep Gvardiolaning «Barsa»sini «tumanli Albion»da yenggan uchrashuvda Arshavin o‘zini ko‘rsata olgandi.

Biroq keyingi o‘yinlarda Venger kutgan dunyo saviyasidagi to‘purar emasligini tushunib yetdi.

Kengroq qilib aytganda Arshavin ingliz futboliga moslasha olmadi. Uning kichik jussasi va o‘yinga bo‘lgan falsafasi – unga to‘p kelishini kutish edi. 90 daqiqa yugurib yurish uning jismoniy ko‘rsatkichlariga to‘g‘ri kelmasdi.

Bundan tashqari u Londondagi hayotga ham moslasha olmadi. U shaharda avtomobil haydashni yomon ko‘rib qoldi, kiyinish xonasidagi madaniyatni esa ko‘ngilni aynitadigan deb topdi, rafiqasi Yuliya esa butun Angliyani yoqtirmadi va u yerni «zerikarli» deb atadi.

Klubdagi formasi tushib ketgach o‘z-o‘zidan termadagi ishlari ham chappasiga keta boshladi. Kamiga muxlislar bilan ham oralaridagi munosabatlar sovuqlashdi. Bunga Rossiya Yevro-2012 ga chiqa olmaganidan keyin uning manzili tomon yo‘naltirilgan tanqidlardan keyin yo‘llagan video-javobi bo‘ldi. U muxlislarga qarata, «agarda biz sizning umidlaringizni ro‘yobga chiqara olmagan bo‘lsak, bu sizning muammongiz» deya keskin javob qaytardi.

2013-yilda Arshavin «Zenit»ga erkin agent sifatida qaytdi. U jamoatchilikka «Zenit» libosini qayta kiyishidan juda baxtiyor» ekanligini aytdi. Biroq ikki mavsum ichida 30 dan ortiq uchrashuv o‘tkazgan futbolchi atigi 3 gol urdi va 2015-yilda «Kuban» safiga borib qo‘shildi.

«Kuban»da u asosiy tarkibga kirishda muammolarga uchradi. 8 o‘yinda birorta ham gol ura olmagan hujumchi mavsum yakunida shartnomasi uzaytirilmaganidan keyin futbolchilik faoliyatiga yakun yasashi mumkinligini aytdi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, 2016-yil martida «Qayrat» safini to‘ldirdi.

Kichik akvariumdagi katta baliq singari Andrey Qozog‘iston chempionatida o‘zini ko‘rsata oldi. U mavsum yakunida «Yilning eng yaxshi futbolchisi» sovrinini qo‘lga kiritdi. Yangi jamoasi uchun 76 o‘yin o‘tkazgan rossiyalik futbolchi 24 gol urishga erishdi. Klubdagi uch yillik faoliyati ortidan «Arsenal»ning sobiq vakili faoliyatini yuqori notada yakunlashga yaqin turibdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Arsenal»ning «ochilmagan kashfiyoti» Rossiyaning buyuk futbolchisi!