17:57 / 20.11.2018
3 200

11 ta edi, 12 ta bo‘ldi!

11 ta edi, 12 ta bo‘ldi!
Biroz avval yakuniga yetgan o‘rtoqlik uchrashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 0:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Bunday sharmandali natija Janubiy Koreyaga qarshi bahsda ro‘y berdi. Maqolaning boshida aytib o‘tay: futbolchilarga e’tirozim yo‘q. Chunki ular bamisoli askar va qo‘mondon nima desa shuni bajaradi. Armiyada bo‘lgani kabi futbolda ham hamma gap qo‘mondonda, ya’ni murabbiyda.

Yaxshi umidlar bilan Ektor Kuperni olib kelgandik. To‘g‘ri, taniqli murabbiy, lekin uning erishgan natijalari o‘tmishda qolgan. Bugungi o‘yinni ko‘rib shunga amin bo‘ldikki, Kuperning nima xohlayotgani va nimani ko‘rsatishga urinayotgani umuman tushunarsiz. Jamoa istalgan hisobda yutqazishi mumkin, faqat raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsatib.

Biz na qarshilik qildik, na o‘z o‘yinimizni ko‘rsatdik. Agar tengma-teng kurashib 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lganimizda ham bunday demacdik. Mashg‘ulot nima uchun o‘tkaziladi? Jamoani bo‘lajak o‘yinga tayyorlash va o‘sha o‘yinda ba’zi rejalarni ko‘rib olish uchun. Kuperda nima reja bo‘lgan, ochig‘i o‘yinni ko‘rib tushunmadim. Agar himoyani o‘ylaymiz degan bo‘lsa, yakuniy hisobni ko‘rdik. Hadeb himoyani o‘ylaydigan jamoa baribir gol o‘tkazadi.

Bir so‘z bilan aytganda, umuman tushunarsiz o‘yin. Jahon futbolida ko‘ryapmiz, to‘p raqibda payti ikki-uch kishilab to‘pga tashlanishyapti. Jamoalar hujumni raqib darvozasi oldidayoq buzib qo‘yishga urinishyapti. Kerak bo‘lsa hujumchilar, ulardan o‘tsa yarim himoyachilar to‘pni olib qo‘yishyapti. Biz nima qilyapmiz? Biz koreyaliklarning qachon o‘z jarima maydonchamizga qadar yetib kelishini kutyapmiz, shundan keyin to‘pga tashlanyapmiz. Bunda ham asosiy mehnatni himoyachilar qilyapti. Yarim himoya va hujum esa tomoshabin.

Biz hali tezkor qarshi hujum haqida gapirayotganimiz yo‘q. Eh-he, unga ancha qovun pishig‘i bor. Biz futboldagi oddiy elementar ishni aytyapmiz: to‘p raqibda payti uni olib qo‘yishga harakat qilish. Bu birinchisi. Ikkinchisi esa futbol o‘ynashni bu darajada bilmaydigan O‘zbekiston terma jamoasini oldin sira ko‘rmagandim.

Avvallari ham ko‘p bor yengilganmiz, lekin unda futbol o‘ynardik. Jiddiy qarshilik ko‘rsatishni bilardik. Kerak bo‘lsa tajovuzkor o‘yin namoyish etardik. Janubiy Koreya oldin ham bizni yutgan, lekin xavotir bilan o‘ynardi. Lekin bugungidek xuddi maktabga endi chiqqan bolaga o‘xshab qayerga borishni bilmay qolmagandik. Afsuski, bugun shunaqa futbol bo‘ldi. Biz nima qilishni umuman bilmay qoldik. Buning bosh aybdori esa faqat va faqat MURABBIY!

Shu paytgacha safar o‘yinlarida eng oxirgi g‘alabamiz 2016 yilning sentyabr oyida ro‘y bergandi. O‘shanda Krimetsning goli tufayli Qatarni 1:0 hisobida yutib qaytganmiz. Shundan beri to bugungi bellashuvgacha terma jamoamiz safarda rasmiy va o‘rtoqlik uchrashuvlarini qo‘shib hisoblaganda 11 bor maydonga tushib, birortasida g‘alabaga erishmagan. Bugungi natija bilan g‘alabasiz seriya 12taga yetdi. Tasavvur qiling-a, O‘zbekiston terma jamoasi qatorasiga 12 ta o‘yindan beri safarda yuta olmayapti. Buni baholi qudrat mashhur Kuper ham davom ettirmoqda. Livan bilan 0:0, bugun esa Janubiy Koreyaga qarshi 0:4.

Chet elda ko‘ryapmiz, yangi murabbiy ikkita o‘yindayoq jamoani o‘zgartirib yuboryapti. Bizning Kuperga qancha vaqt kerak, bilmaymiz. Shu paytgacha Kuper futbolchilarga qachon hujum qilishni o‘rgatadi degan savolni o‘zimga o‘zim ko‘p marta berib kelayotgandim. Ammo adashgan ekanman, bugungi bahsni ko‘rib yana shu savolni qaytarishdan voz kechdim. Avval eng oson savolga javob topaylik: Kuper futbolchilarga raqibdan to‘pni olib qo‘yish va to‘g‘ri himoyalanishni qachon o‘rgatadi?

O‘zbekiston terma jamoasining safarda g‘alaba qozona olmayotgan ketma-ket 12 ta o‘yini:

15 noyabr, 2016. J.Koreya - O‘zbekiston 2:1 (Seul. JCh-2018 saralash)
23 yanvar, 2017. Gruziya - O‘zbekiston 2:2 (Dubay. O‘rtoqlik uchrashuvi)
23 mart, 2017. Suriya - O‘zbekiston 1:0 (Krubong. JCh-2018 saralash)
12 iyun, 2017. Eron - O‘zbekiston 2:0 (Tehron. JCh-2018 saralash)
31 avgust, 2017. Xitoy - O‘zbekiston 1:0 (Vuxan. JCh-2018 saralash)
14 noyabr, 2017. BAA - O‘zbekiston 1:0 (Al Ayn. O‘rtoqlik uchrashuvi)
23 mart, 2018. Senegal - O‘zbekiston 1:1 (Kasablanka. O‘rtoqlik uchrashuvi)
27 mart, 2018. Marokash - O‘zbekiston 2:0 (Kasablanka. O‘rtoqlik uchrashuvi)
19 may, 2018. Eron - O‘zbekiston 1:0 (Tehron. O‘rtoqlik uchrashuvi)
7 iyun, 2018. Urugvay - O‘zbekiston 3:0 (Montevideo. O‘rtoqlik uchrashuvi)
15 noyabr, 2018. Livan - O‘zbekiston 0:0 (Gold Kost. O‘rtoqlik uchrashuvi)
20 noyabr, 2018. Janubiy Koreya - O‘zbekiston 4:0 (Brisben. O‘rtoqlik uchrashuvi)

Manba: championat.asia

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » 11 ta edi, 12 ta bo‘ldi!