19:46 / 21.11.2018
3 339

O‘zbekiston MTJning tarkibi va qaysar Kuperning himoyaviy taktikasi haqida

O‘zbekiston MTJning tarkibi va qaysar Kuperning himoyaviy taktikasi haqida
Janubiy Koreya terma jamoasi JCh-2018 saralashidagidan ancha kuchaygan. Paulu Bentu shogirdlari Osiyo Kubogiga tayyorlar. Ular Ektor Kuper shakllantirayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi o‘yinda xohlaganlarini qilishdi, biznikilar esa go‘yoki maydonda bir emas, ikki kishi kamdek taassurot qoldirishdi. Vakillarimiz shu kuni faqat bir narsaga e’tibor qaratishdi. U ham bo‘lsa raqibdan to‘pni qanday qilib olib qo‘yish. Hujum haqida o‘ylash ularga ortiqchalik qildi.

Bellashuvda o‘yin, natija, texnika va boshqa jihatlar bo‘yicha raqib hamyurtlarimizdan ustunlikka erishdi. Hisobning o‘ziyoq uchrashuvni ko‘rmagan inson uchun hulosa chiqarib olishga yetib ortdi, nazarimizda.

Ha aytgancha, Janubiy Koreya – O‘zbekiston bahsida “VAR” tizimidan foydalanildi. Ammo butun o‘yin davomida ushbu tizimga umuman murojaat qilinmadi. Sababi vakillarimiz nafaqat “VAR”ni, balki o‘zlarini ham ovvora qiladigan o‘yin namoyish etishmadi.

Ektor Kuper himoyaga etibor bergani yaxshi. Ammo u tez orada boshlanadigan Osiyo Kubogiga jamoaning potensialidan kelib chiqib, taktika tanlaganda maqsadga muvofiq bo‘lardi. Uning o‘zi ham muhlislar va jurnalistlarning tanqidi hamda bosimidan qutilardi. Keyin esa biroz dam olib jahon chempionati saralashiga tayyorgarlikni boshlardi. O‘shanda janob Kuperda mundial saralashining asosiy bosqichigacha himoyaviy taktikani shogirdlariga singdirishi uchun yetarlicha vaqt bo‘lardi. Biroq argentinalik mutaxassis hozirdan o‘z prinsiplarida sodiq turib olmoqda. Yaxshilikka deb umid qilamiz.

Yig‘inga e’tibor beradigan bo‘lsak, nega aynan Avstraliya varianti tanlandi? Avstraliya ancha uzoq, futbolchilar toliqadi, moddiy tomondan ham qimmatroqligi aniq. Iqlimi BAAnikiga to‘g‘ri kelmaydi. Musobaqa oldidan balki o‘sha stadionlarda o‘yinlar o‘tkazilishi mumkin emasdir, lekin boshqa o‘yingohlar yetarli. Yoki Qatar varianti ham yaxshiroq bo‘lardi. Ochig‘i, Avstraliya yig‘ini nega tanlanganini tushunmadik yoki Janubiy Koreya bilan o‘ynashimiz, ular “yashil qit’a”da mashg‘ulotlar o‘tkazsa, o‘sha yerga borishimiz shartmidi? Boshqa jamoalar yo‘qmi? O‘yinlar 15 va 20 noyabrga qo‘yildi. Ikkinchisi 19 qo‘yilganda, Superliganing muhim o‘yinining vaqti surilmasdi. Ortiqcha gap so‘zlarning oldi olinardi. Hullas savollar ko‘p, javob esa yo‘q.

Tarkib ham ko‘zni qamashtirmaydi. Nazarimizda Kuper hali ham futbolchilarni o‘zi tanlamayotgandek. Chunki o‘z jamoasida asosiy tarkibda to‘p tepayotganlar o‘rniga zaxiradan maydonga tushayotgan futbolchilar chaqirildi. Eldor Shomurodov, Dostonbek Hamdamov va hokazo. Vadim Afonin nima uchun yo‘q. U Rossiyada o‘z klubida gollar urmoqda. Tayanch yarim himoyachi. Boz ustiga klubida sardor hisoblanadi. Hujumda faqat Marat Bikmayev. To‘g‘ri, undan boshqa ayni paytda yaxshi nomzod yo‘qdir. Ammo jarohat va boshqa omillar sabab muhim o‘yinda yordam bera olmay qolishi mumkin.

Koreyaliklar teshib tashlagan himoya qo‘rqonimizga Akram Komilov va Rustam Ashurmatov oshiqchalik qilmasdi. Qolganlardan nisbatan yosh futbolchilar. U-23 Osiyo chempionatida finalning qo‘shimcha taymlarining oxirgi daqiqalarida ham yugurib yurgan Komilov bo‘ladi. Finalda bizning birinchi golimizga Ashurmatov mualliflik qilgandi.

Yana ham qiziq tomoni shundaki, Jaloliddin Masharipov O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘rtoqlik o‘yinlaridan diskvalifikatsiya qilingandi. Lekin u yig‘inda qatnashdi. Sardor Rashidov va Odil Ahmedovda kichik jarohat bor ber olib ketilmadi. Masharipov ham maydonga tushmasligi aniq, biroq terma jamoa bilan birga yursin deyildi. Nega endi Rashidov va Ahmedov Avstraliyaga bormadi. Yura olmaydigan darajada jarohat olmaganku. Savollarni o‘zimizga o‘zimiz berib, turli javoblar izlab topyapmiz. Janob Kuper esa Superligada o‘yindan keyin murabbiylarimiz muxlislar va o‘yin uchun yigitlarga rahmat deya javob bergandek, himoya, himoya, himoya demoqda. Yangi futbolchilar deya baralla gapirdi. Ammo qani yangilar? Ha mayli.

JCh-2018 oldidan Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Stanislav Cherchesov tanqidlar ostida qoldi. Chunki mundial mezbonlari o‘rtoqlik bahslarida g‘alaba qozona olishmadi. Biroq rossiyaliklar dunyo birinchiligida ajoyib o‘yinlar namoyish etib berishdi va yetarlicha shov-shuv ko‘tardilar. O‘rtoqlik bellashuvlaridagi natijalar hech narsani anglatmasligini ko‘rsatib qo‘yishdi. Cherchesov esa millat qahramoniga aylandi.

O‘ylaymizki, terma jamoamiz ham ter orada chiroyli, mazmunli va g‘alabali onlarni taqdim etadi. Ektor Kuper esa yashirin qurollari va faqat himoyalanish emas, balki tomoshabob o‘yin ko‘rsatadigan jamoani Osiyo Kubogining o‘zidayoq gavdalantiradi. Huddi Cherchesov kabi.

Yana bir ma’lumot. Paulu Bentu Janubiy Koreya terma jamoasini Ektor Kuper bilan deyarli bir xil paytdan beri boshqarmoqda. Endi koreyaliklarning va bizning o‘yinimizga o‘zingiz baho bering. Kimda o‘sish borligini so‘ramaymiz ham!!!

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston MTJning tarkibi va qaysar Kuperning himoyaviy taktikasi haqida