09:53 / 24.11.2018
3 652

Asror Aliqulov: "Qashqadaryoda futbol mavqei pasaygani rost"

Asror Aliqulov: "Qashqadaryoda futbol mavqei pasaygani rost"
Toshkentda murabbiylar uchun “A” litsenziyasiga o‘quv-kurslar tashkil qilindi.

Bunda qisqa muddat G‘uzorning “Sho‘rtan” klubini boshqargan Asror Aliqulov ham ishtirok etdi. Yaxshi bilasiz, Aliqulov o‘z paytida yuqori saviyada to‘p tepgan. U oliy ligada eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilardan biri hisoblanadi. O‘qish yakuniga yetish arafasida Asror Aliqulov bilan uchrashib, u kishidan bir qator savollarga javob oldik.

- Toshkentda “A” litsenziyasi kurslarida ishtirok etdingiz. Dastlab shu haqda gapirib bersangiz.
- O‘qish to‘rt hafta davom etdi. Yaqin ikki yil ichida bunday kurslar tashkil qilinmagani uchunmi, o‘qishni ancha sog‘inib qolgan ekanmiz. Ham nazariy, ham amaliy mashg‘ulotlar qiziq o‘tdi. Bizga kuratorlik qilgan Islom Ahmedov ko‘proq e’tiborimizni futbolchilarni ruhiy tayyorlashga qaratdi. Yaxshi bilasiz, hozirgi futbolda tezlik juda oshgan. Shu bois jamoani ruhan kuchli tayyorlashga to‘g‘ri kelyapti. To‘g‘risini aytishim kerak, Islom aka Ahmedov nihoyatda izlanuvchan murabbiy. U kishi har doim ko‘p yangiliklarni gapiradi.

- “S” va “V” litsenziyasi uchun futbolchi paytingizda o‘qiganmidingiz?
- Yo‘q. Men to‘p tepib yurgan kezlar faqat futbolni o‘ylardim, undan keyingi hayot haqida unchalik bosh qotirmasdim. O‘zimni boshqa ish bilan chalg‘itishni xohlamaganman. Shu bois “S” litsenziyasiga o‘qishni futbolchilik faoliyatimning oxirgi pallasida boshladim. Murabbiylik nihoyatda mashaqqatli kasb. Buning uchun litsenziyaga o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Avvalo o‘zingizni shunga mos ravishda tayyorlab borishingiz kerak.

- Bundan chiqdi, futbol o‘ynashni to‘xtatgandan so‘ng murabbiy bo‘lib ishlashga qaror qilgansiz?
- Yo‘q. Murabbiy bo‘lishni oldindan niyat qilib yurardim. To‘g‘ri, o‘qishni futboldan keyin boshladim, ammo murabbiy bo‘lib ishlashni ancha oldin maqsad qilganman. Faqat o‘qishni keyingi qoldirganman. Aytib o‘tganimdek, murabbiy bo‘lish oson emas. Siz bugun futbolni tugatib ertaga birdaniga murabbiy bo‘lib qolmaysiz. Buning uchun yillar davomida o‘zingizni tayyorlab kelasiz.

- Futboldan keyingi hayot haqida necha yoshda o‘ylashni boshlagansiz? Har holda 25ga kirganda bo‘lmasa kerak.
- Yo‘q, albatta. Bu ko‘pincha keyinroq ro‘y beradi. Endi baribir 30 yoshga to‘lgandan keyin futboldan keyingi faoliyat haqida o‘ylay boshlaysiz. Futbol o‘ynaganimda har bir murabbiyning ko‘rsatmasiga ko‘ra to‘p tepishga harakat qilardim. Hech qachon o‘zimdan o‘zim bir nimani o‘ylab topmaganman. Men uchun murabbiyning gapi doim birlamchi bo‘lgan. Aytaylik, himoyachi bo‘lganim uchun raqib jamoa safidagi hujumchilarni alohida o‘rganardim, lekin maydonga tushgandan keyin baribir birinchi navbatda murabbiy ko‘rsatmasiga quloq solganman.

- O‘quv-kurslarida qanday yangiliklarni oldingiz?
- Aytib o‘tganimdek, futbolchilarni ruhiy tomonlama tayyorlash juda muhim. Bundan tashqari, har bir uchrashuvni chuqur tahlil qilish. Futbolchilar uchun o‘yin tugaydi va shu bilan keyingi bahsga tayyorgarlik boshlanadi. Ammo murabbiy har bir o‘tgan o‘yinni tahlil qilib borishi shart. Qayerda kamchiliklar kuzatildi, buni o‘rganmasdan turib jamoani keyingi bahsga tayyorlab bo‘lmaydi. Chunki futbolda jamoalar o‘yindan o‘yinga “yashaydi”. Murabbiy esa faqat o‘z jamoasi o‘yinini emas, balki boshqa uchrashuvlarni ham ko‘rib atroflicha tahlil qilishi lozim. Bu narsa keyinchalik ko‘p asqotadi.

- Oldin o‘qish pullik bo‘lardi, hozir ham shundaymi?
- Yo‘q, bizdan pul so‘rashmadi. Pul to‘ladik, faqat hammamiz bir xil kiyinib yurish uchun ekipirovkaga. Lekin o‘qish uchun bizdan hech kim pul olmadi.

- Kelajakda qaysi murabbiyga o‘xshashni xohlaysiz?
- Bu borada aniq bir nomni keltirishim qiyin. Yaxshi murabbiylar ko‘p. Kimdir himoyaviy, kimdir hujumkor uslubi bilan tanilgan. Lekin men uchun ideal murabbiy yo‘q.

- Ma’lumki, bu yil Pro ligada qisqa vaqt bo‘lsa-da, “Sho‘rtan” klubini boshqardingiz. “A” litsenziyasi uchun endi tahsil olayotgan bo‘lsangiz, qanday ruxsat berishdi? Yoki Pro ligada “V” bilan ishlasa bo‘ladimi?
- Yaxshi bilasiz, Superliga murabbiylarida “Pro” litsenziyasi bo‘lishi shart. Pro ligada esa “A” bilan ham ishlasa bo‘ladi. To‘g‘ri, menda “A” yo‘q edi, biroq klub murabbiyni o‘qitamiz degan ma’noda kafolat xati berganidan so‘ng PFL rozi bo‘ldi. Bu tomonlama PFL ko‘p murabbiyliklarga yengillik yaratdi.

- Bu mavsum bosh murabbiy sifatida mustaqil ishlab, yettita o‘yinda “Sho‘rtan”ni boshqardingiz. Masha shu o‘yinlarda eslashga arzigulik nima voqealar ro‘y berdi?
- Birinchi navbatda jamoani kech qabul qilib oldim. Mavsumga tayyorgarlik juda qiyin bo‘ldi. Moliyaviy muammolar ham kuzatildi. Meni xafa qilgani esa harqancha klub bosh homiysi bilan uchrashishga harakat qilmay, o‘rtaga boshqa odamlar tushib uchrashtirishmadi. Chunki shaxsan o‘zim bosh murabbiy sifatida klub homiysi bilan ko‘rishib jamoa oldiga qo‘yilgan maqsad haqida gaplashib olmoqchi edim. Ammo buning iloji bo‘lmadi. Men “Sho‘rtan”ning avvalgi mavqeini qaytarish uchun yeng shimarib ishga kirishgandim. Buning uchun rahbariyatning ham ko‘magi zarur edi. Lekin ko‘p gaplar havoda qolib ketdi. Men rahbariyatga to‘g‘ri tushuntirishga harakat qildim: bu yilgi Pro liga o‘tgan yilgi Birinchi liga emas. Superliga uchun kurashadigan jamoalar ko‘p bo‘ladi. Superligada jamoalar soni qisqarganidan keyin “Mash’al” bilan “Dinamo” ham Pro ligada o‘ynashga majbur bo‘ldi. Qolaversa, “Andijon”, “Surxon” klublari bilan raqobatlashish ham oson kechmasdi. Klubda esa buni kimdir tushundi, kimdir tushunmadi.

- Vaziyat qanday bo‘lmasin, yaxshi niyat bilan ishga kirishganingiz aniq. Lekin 8-turdan so‘ng iste’fo berdingiz. Bu holatni rahbariyat qanday tushuntirdi?
- Men bo‘shatishdi deya olmayman, o‘zim ketish haqida ariza yozib qo‘ygandim. Futbolda natijaga erishish uchun ko‘p narsadan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Uyga bormaysiz, oilangizdan uzoq bo‘lasiz, lekin shunday paytda sizga ko‘mak beradigan birorta inson bo‘lmasa afsuslanib ketar ekansiz. Men qiyinchilikdan qo‘rqqanim yo‘q, chunki hech bir narsaga osonlik bilan erishilmaydi. Men faqat yonimda menga dalda beradigan inson yo‘qligidan xafa bo‘ldim. Go‘yoki o‘zimni faqat o‘zim uchun ishlayotgandek his qildim. “Sho‘rtan”da oxirgi o‘yinimni “Mash’al”ga qarshi o‘tkazdim, uyda to‘p tepgan bo‘lsak-da, 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydik. O‘shanda o‘yin teng kurashlar ostida kechgan, faqat omad muborakliklarga kulib boqqandi. Lekin mening ketishimga bu mag‘lubiyat sabab bo‘lgani yo‘q. Menimcha, rahbariyatda boshqa gap bo‘lgan. Chunki men ketganimdan keyin “Sho‘rtan” yirik hisoblarda yutqazdi, biroq murabbiyni hech kim ishdan olgani yo‘q. Afsuski, “Sho‘rtan” yildan yilga sport tamoyillaridan uzoqlashib ketyapti. Men bu jamoada ham o‘ynab, ham murabbiylik qildim. Shu bois yuz berayotgan voqealarga befarq qarab tura olmayman.

- Natijalarni yodga olsak, siz yettita o‘yinning faqat ikkitasida mag‘lub bo‘ldingiz. Ikki bor g‘alabaga erishib uch marta durang qayd etildi. Safarda “Andijon” mag‘lub etildi, “Dinamo” bilan durang o‘ynadingiz. Bundan ko‘rinib turibdiki, natija chakki bo‘lmagan.
- Mening ketishimga natijaning hech qanday ta’siri bo‘lmadi. Shunchaki boshqa birovning gapi bilan ish qilishni xohlamaganim uchun ketishga majbur bo‘ldim. Mening nazarimda maydonga kim tushishini faqat bosh murabbiy hal qilishi, hech kim atrofdan uning ishiga aralashmasligi kerak. Ammo “Sho‘rtan”da shunday holat kuzatildi, men esa futbolni hammasidan ustun qo‘yganim uchun ketishga ariza yozdim. Agar vaqt o‘tib yana takrorlansa, yana shu ishni qilaman. Chunki men asosiy tarkibda kimlar o‘ynashi-yu, kimni qaysi chiziqqa qo‘yishni faqat murabbiy hal qilishi kerak deb hisoblayman.

- Oilangiz Toshkentda istiqomat qilishini hisobga olib, shu yerdan ish qidirishingiz ham mumkinmidi?
- Mumkin edi. Lekin o‘zim o‘ynagan “Sho‘rtan”ning pastlab ketishiga befarq qarab tura olmadim. Buni kuzatish men uchun og‘ir bo‘ldi. Yaxshi bilasiz, “Sho‘rtan” murabbiy almashtirish bo‘yicha O‘zbekistonning eng oldi klublaridan biri. Mana men bilan ham shu narsa ro‘y berdi. Avvaliga o‘rinbosarlar bilan ishlay boshlaganimda har yili hech bo‘lmasa to‘rtta futbolchini asosiy tarkibga bersak, bu bizning yutug‘imiz bo‘ladi deb o‘ylardim. Chunki “Sho‘rtan”ni har yili 14-15 futbolchi tark etib, yana shuncha yangisi kelib qo‘shiladi. Har yili futbolchilardan qarzdorlik yuzaga keladi. Natijada klub yana pastga sho‘ng‘iydi. Afsuski, bu bir necha yillardan beri davom etib kelyapti. G‘uzordagi sharoit, klub infratuzilmasidan kelib chiqsak, “Sho‘rtan” chetdan har mavsum 14-15 futbolchi olishga majbur emas. Faqat rahbariyatning o‘z tarbiyalanuvchilariga katta e’tibor berishi hamda murabbiylarning yoshlar ustida ter to‘kib mehnat qilishlariga to‘g‘ri keladi.

- Bu tomonlama "Nasaf" va "Mash’al" to‘g‘ri yo‘lni tanladi desa bo‘ladi.
- Xuddi shunday. “Nasaf” akademiyasini har yili bir qancha futbolchi tugatadi, biroq faqat ayrimlari jamoaning asosiy yoki o‘rinbosarlar tarkibiga yo‘l oladi. Raqobat kuchliligidan ko‘p o‘yinchilar boshqa klub axtarishga majbur bo‘lishyapti. Hatto o‘rtamiyona futbolchilar darajasidan yuqori o‘yinchilar ham jamoasiz qolib ketyapti. Bundan ko‘rinib turibdiki, “Nasaf”da akademiya bilan ishlash, yoshlarga e’tibor berish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Xuddi shuningdek, “Mash’al”da ham o‘z tarbiyalanuvchilariga e’tibor yuqori. O‘tgan yil “Mash’al” Pro ligaga tushirib yuborilgach, ko‘p futbolchilari jamoasiz qolib ketdi. Chunki Pro ligada o‘rinbosarlar tarkibi yo‘q. Shu bois “Mash’al” 25 nafar futbolchini olib qolib, qolganlarga javob berib yuborishga majbur bo‘ldi.

- Qashqadaryoda uchala klub ham yaxshi sharoitga ega. Bolalar uchun tabiiy va sun’iy maydon, kerak bo‘lsa qumli maydon ham bor. Ovqatlanish uchun sharoit, yotoqxona mavjud. Shunga qaramay, oxirgi paytlarda Qashqadaryo futboli mavqei tushib ketgandek. Bu borada nima deya olasiz?
- To‘g‘ri, pasayish kuzatilgani rost. Masalan, “Nasaf” oxirigacha poytaxt jamoalariga qarshilik ko‘rsatib kelardi. Hatto o‘tgan yil ham oliy ligada yaxshi ishtirok etgandi. Lekin bu yil klubda pasayish yuzaga keldi. “Nasaf”ning pastlab ketishiga bir yil ichida bir nechta futbolchisini yo‘qotganida deb bilaman. Oldingi yillari bunchalik ko‘p futbolchi tark etmasdi, ammo bu yil ko‘p futbolchilar ketib qoldi. Shunda klub o‘z tarbiyalanuvchilariga e’tibor qaratish orqaligina oyoqqa turib qoldi. Yo‘qsa vaziyat yanada yomonlashishi mumkin edi. “Nasaf” grand jamoalar bilan tengma-teng o‘ynash uchun o‘z kuchini yo‘qotdi.

- Bugungi kunda “Mash’al” va “Sho‘rtan”ning Pro ligada ishtirok etayotgani, “Nasaf”ning Superligada kuchli oltilikka kira olmagani qashqadaryolik muxlislar ta’bini xira qilishi aniq.
- Ha, shunday. Qashqadaryoda futbolni juda sevishadi. Ayniqsa qarshilik ishqibozlar uchun “Nasaf”ni ikkinchi oltilikda ko‘rish og‘ir deb o‘ylayman. Endi “Mash’al”ga keladigan bo‘lsak, agar PFL bu klubni Superligaga qo‘yganida “Mash’al” yo‘qolib qolmasdi. Chunki jamoa har doim yaxshi futbol namoyish etib kelgan. “Sho‘rtan” bilan esa vaziyat ma’lum edi. FIFA qaroriga ko‘ra jamoa baribir birinchi ligaga tushib ketardi. Ammo “Mash’al” tayyorgarlikni ancha erta boshlagandi. Muborakda oxirigacha Superligadan umid qilishdi, lekin PFL o‘z qarorini o‘zgartirmadi. Natijada bu holat klubga ta’sir ko‘rsatdi. “Mash’al” ba’zi futbolchilarini qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi, chunki ular Superliga darajasida shartnoma xohlashgandi.
X.Xoliqov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Asror Aliqulov: "Qashqadaryoda futbol mavqei pasaygani rost"