16:14 / 11.12.2018
4 648

“Paxtakor” va AGMK uchun “Bunyodkor” futbolchilarining narxlari e’lon qilindi

“Paxtakor” va AGMK uchun “Bunyodkor” futbolchilarining narxlari e’lon qilindi
Superligada mavsum yakunlanganidan so‘ng barcha transfer oynasi qachon ochilishi va unda qaysi klublar faol bo‘lishiga qiziqadi. Ammo bizda transfer ochildi degan xabar PFL tomonidan e’lon qilinmadi. Biroq futbolchilarga u klub qiziqdi, bu o‘yinchi bu jamoaga o‘tadi degan ma’lumotlar yo‘q emas. Ko‘pchilik uchun qiziq transferlar “Bunyodkor” atrofida sodir bo‘lishi kutilmoqda. Jamoani yetakchilari tark etishi ham mumkin, yoki aksi.

Ayni paytda “qaldirg‘ochlar”ning ikki himoyachisi uchun “sovchi”lar yo‘q emas. Rustamjon Ashurmatov va Akramjon Komilovga “Paxtakor” va AGMK qiziqish bildirmoqda.

Ushbu kutilayotgan transfer bo‘yicha PFL bosh direktori maslahatchisi ma’lumotlarni taqdim etdi.

- AGMK va “Paxtakor” futbol klublari “Bunyodkor” himoyachilari Akramjon Komilov va Rustamjon Ashurmatovga ko‘z tikayotgani borasida xabar o‘qidim. Bunda bir narsani yaxshilab tushunib olish kerak bo‘ladi.

Mazkur ikki futbolchi “Bunyodkor” futbol akademiyasining tarbiyalanuvchilari va ular 23 yoshga to‘lib ulgurmagan. Demak, agar ularning shartnomalari “Bunyodkor” bilan yakuniga yetgan bo‘lsa, talabgor tomon futbolchilar uchun faqatgina mashg‘ulotlar uchun to‘lanadigan tovon pulini beradi, xolos. Agar futbolchilarning “Bunyodkor” bilan shartnomasi bo‘lsa, yuqoridagi summadan tashqari yana alohida transfer narxi ham kelishilishi kerak.

Bu bandni FIFA jiddiy nazorat qiladi. De yure bizning reglamentda ham bor, de fakto unga amal qilinmaydi (ba’zi klublardan tashqari). 2019 yilgi mavsumdan boshlab bu narsa amalda bo‘ladi. Ya’ni, biz akademiyalarni rivojlantirishni talab qilyapmizmi, demak ularning mehnatini ham qadrlashimiz kerak. U xoh akademiya bo‘lsin, xoh oddiy futbol maktabi, yetishtirib bergan futbolchisi uchun haq olishi kerak.

Ayni vaqtda ichki transfer haqida gaplashyapmiz. Bu xalqaro transferdan, aytaylik, Dostonbek Hamdamovning “Anji” safiga o‘tib ketishidan farq qiladi. Demak, reglamentga qaraymiz. Uning bandlarida shunday yozilgan. Agar, futbolchi 23 yoshga to‘lmagan bo‘lsa va boshqa klub ixtiyoriga ketayotgan bo‘lsa, uning shu akademiyadagi har bir yili uchun 3 000 000 so‘mdan (uch million) to‘lanishi kerak.

Agar gap bunda Superliga futbol klubining akademiyasi haqida ketayotgan bo‘lsa, mana shu pul ikkiga ko‘paytirildai, ya’ni, 6 000 000 so‘mni (olti million) tashkil qiladi.

Agar gap bunda terma jamoalar a’zolari haqida ketayotgan bo‘lsa, yuqoridagi summaga yana 50 foiz ustama qo‘shib hisoblanadi. Akramjon Komilov ham, Rustamjon Ashurmatov ham termalarning rasmiy o‘yinlarida ishtirok etib ulgurgan. Demak, bir yil uchun tovon puli 9 000 000 so‘mni (to‘qqiz million) tashkil qilyapti.

Akramjon Komilov ham, Rustamjon Ashurmatov ham “Bunyodkor” futbol akademiyasida 2009 yildan buyon faoliyat yuritib kelgan. Demak, 9 000 000 so‘mni 10ga ko‘paytiramiz — 90 000 000 so‘m (to‘qson million). 23 yoshga to‘lmagan bu ikki futbolchining shartnomasi yakuniga yetgan bo‘lsa ham, shu summani o‘tkazmay turib, bu futbolchilarni boshqa klub ro‘yxatga olishi mumkin emas.

Akramjon Komilovning “Bunyodkor” bilan shartnomasi 2018 yil oxirida tugaydi. Demak, unda yarim yil oldindan navbatdagi takliflarni ko‘rib chiqish huquqi bo‘lgan (ko‘rib chiqqan shekilli, “Paxtakor” asosiy da’vogar). Shundan kelib chiqib, istalgan klub “Bunyodkor” hisob raqamiga 90 000 000 so‘mni to‘lab, uni olib ketishi mumkin (bu raqam yana bir marta hisoblab chiqiladi, albatta). Komilov kelasi yilning 14 mart kuni 23 yoshni qarshi oladi. Qarshi olgan kundan boshlab, mashg‘ulot uchun tovon puli haqida unutamiz. Qishki transfer oynasi O‘zbekistonda shu yilning 17 dekabr sanasidan boshlab, kelasi yilning 7 martiga qadar davom etadi. Demak, Komilov uchun summa to‘lanishi kerak.

Rustamjon Ashurmatovning esa “Bunyodkor” bilan yana bir yillik shartnomasi bor. Aytaylik, uning jigari Baxtiyor Ashurmatov boshchilik qilayotgan AGMK futbolchini qo‘lga kiritishni istasa, 90 000 000 so‘mdan tashqari, “Bunyodkor” bilan uning transfer summasini ham alohida kelishishi kerak bo‘ladi. Agar AGMK yana bir yil kutib tursa, Rustamjon Ashurmatovni tekinga olib ketadi.

Futbol muxlislarimiz bunda yana bir jihatni tushunishlari kerak. Agar Akramjon Komilov va Rustamjon Ashurmatov boshqa klubga o‘tib ketishsa va o‘sha klub keyinchalik bu futbolchilarni transfer qilsa (ya’ni, erkin agent sifatida u klubdan bu klubga ko‘chib yurishmasa), “Bunyodkor” ko‘rilgan foydaning bir qismida o‘tiradi. Chunki aynan shu klub yuqoridagi ikki futbolchini tarbiyalab bergan. Masalan, Neymar uchun "Barselona" 222 million yevroning hammasini olmagan, ma’lum qismini uni tarbiya qilgan Braziliya futbol klubiga ham o‘tkazib bergan.

Agar Akramjon Komilov va Rustamjon Ashurmatovni xorijiy klublar olib ketishni istasa, boyagi 3 va 90 millionlik narxlar umuman boshqacha hisoblanadi, - deya yozadi Diyor Imomxo‘jayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Paxtakor” va AGMK uchun “Bunyodkor” futbolchilarining narxlari e’lon qilindi