12:23 / 27.12.2018
2 478

Artur Gevorkyan: "Yangi mavsumni qayerda o‘tkazishim haqida hozircha biron narsa deya olmayman"

Artur Gevorkyan: "Yangi mavsumni qayerda o‘tkazishim haqida hozircha biron narsa deya olmayman"
Chempionatimizda anchadan beri to‘p surib kelayotgan turkmanistonlik Artur Gevorkyan allaqachon muxlislarning mehrini qozongan. U ushbu mavsumda «Qizilqum» sharafini himoya qildi. U 30 ta o‘yinda 9 ta gol urdi. «Qirol Artur» taxallusi bilan muxlislar orasida nom qozongan o‘yinchi qishki ta’tildan unumli foydalanib Turkiyada dam olib qaytdi. Shundan so‘ng Artur bilan bog‘lanib, ayrim masalalar bo‘yicha suhbatlashdik.

- «Qizilqum»da o‘tgan mavsum sizga yoqdimi?
- Ha, albatta. Bizda a’lo darajadagi jamoa, yaxshi futbolchilar va eng asosiysi, yaxshi rahbariyat bor!

- Ta’til chog‘ida Turkiyaga tez-tez borib turasizmi?
- Har doim ham emas. Sharoitga qarab, ba’zida ko‘p vaqtimni uyda – oila-a’zolarim davrasida o‘tkazishni yoqtiraman.

- Turkmaniston terma jamoasiga sizni nega chaqirishmayapti? Aytishlaricha, bosh murabbiy bilan munosabatingiz unchalik yaxshi emas ekan. Shu gaplar to‘g‘rimi?
- Terma jamoa ustozining ishlarini va qabul qiladigan qarorlarini muhokama qilishni istamayman. Bu uning qarori.

- Umuman aytganda, Turkmaniston terma jamoasining bo‘lajak Osiyo Kubogidagi imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Terma jamoamizning raqiblari o‘ta yuqori saviyada. Shuning uchun ham biznikilarga oson bo‘lmaydi. Ammo terma jamoamizning musobaqada munosib ishtirok etishidan umid qilib qolaman va albatta O‘zbekiston terma jamoasiga muxlislik qilaman.

- O‘zbek futbolini yaxshi bilasiz. Shuning uchun terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi imkoniyatiga qanday baho bergan bo‘lardingiz?
- Murabbiylar shtabidagi o‘zgarishlar evaziga terma jamoangiz chiroyli va sermahsul futbol ko‘rsatishi mumkin. O‘zbekiston termasining imkoniyati biznikiga nisbatan ancha yaxshi.

- Bundan keyin ham «Qizilqum»da qolasizmi yoki boshqa rejalaringiz bormi?
- Hozircha biror ishni rejalashtirayotganim yo‘q. Fursati kelsin, hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Takliflar bormi? Boz ustiga anchada buyon O‘zbekistonda o‘ynayapsiz. Mamlakatimiz bilan sizni nima bog‘lab turibdi?
- Takliflar yo‘q emas, ammo hozir bu xususida gapirmoqchi emasman. O‘zbekistonda uzoq vaqtdan beri o‘ynayotganimga kelsak, bu yerdagi futbol mening uslubimga juda mos.

- Siz uchun O‘zbekistondagi eng yaxshi murabbiy kim?
- Har bir murabbiydan ko‘p narsa o‘rganish mumkin. O‘zim bilan ishlagan mutaxassislar orasidan kimnidir ajratib ko‘rsatishim qiyin.

- Ishqibozlar sizni ko‘pincha «Qirol Artur» deb atashadi. Bu o‘zingizga ham yoqadimi?
- Nima desam ekan, ishqibozlar bunday nomlarni o‘zlari o‘ylab topishadi.

- Sizningcha, o‘tgan mavsumda legionerladan qaysi biri boshqalarga nisbatan yaxshi o‘ynadi?
- Birortasini ranjitib qo‘yishni istamagan bo‘lardim. Negaki, Superligada o‘ynayotgan legionerlarning hammasi menga yoqadi. Har biri yaxshi saviyadagi futbolchilardir.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi

Manba: Sports.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Artur Gevorkyan: "Yangi mavsumni qayerda o‘tkazishim haqida hozircha biron narsa deya olmayman"
[/banner_pushhouse