23:16 / 30.12.2018
3 219

TOP-10: Osiyo Kubogida Sizga qiziq bo‘ladigan uchrashuvlar reytingi

TOP-10: Osiyo Kubogida Sizga qiziq bo‘ladigan uchrashuvlar reytingi
Yana 6 kundan so‘ng har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq kutayotganimiz - Osiyo Kubogi-2019 start oladi.
Har to‘rt yillikning eng muhim musobaqasida o‘zbekistonlik muxlislar va men uchun qiziq bo‘lishi kutilayotgan 10 ta uchrashuv reytingini tuzib chiqdim. Shu o‘rinda ularga birma bir ta’rif bersam.
10-o‘rin
"Shayx Xalifa" stadioni. Al Ayn. 7 yanvar, 2019 yil.
Xitoy - Qirg‘iziston
Bu o‘yinda Xitoy yaqqol favorit bo‘lgani bilan qo‘shnilar o‘rtasidagi bahs ancha qiziq bo‘lishi aniq. Ya’ni, yon qo‘shnilarimiz qo‘shnilariga qarshi bahs olib boradilar. Osiyo Kubogi debyutanti Qirg‘iziston terma jamoasi birinchi turda o‘z muxlislari uchun maydonda nimadir ko‘rsatishga harakat qilishi aniq. Qolaversa Aleksandr Krestinin debyut musobaqada o‘zini ko‘rsatib olish uchun ham qattiq urinib ko‘radi.

9-o‘rin
"Shayx Zayed" stadioni. Abu Dabi. 5 yanvar, 2019 yil.
BAA - Bahrayn
Bu uchrashuv reytingimizga kirishiga asosiy sabab ochilish o‘yini bo‘lgani. 5 yanvar kuni biz kutayotgan Osiyo Kubogining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda mezbonlar Bahraynga qarshi maydonga chiqadilar. BAAning so‘nggi kunlarda ko‘rsatayotgan o‘yinidan kelib chiqadigan bo‘lsak, Bahrayn bu o‘yinda ochko olishini taxmin qilish mumkin.


Har holda ular mezbon
8-o‘rin
"Sharja" stadioni. Sharja. 6 yanvar, 2019 yil.
Suriya - Falastin
Guruhning ilk uchrashuvida suriyaliklar Falastin bilan o‘ynaydilar. Bu o‘yinning men uchun qiziq tomoni, katta ehtimol bilan Suriya 1/8 finaldagi raqibimiz bo‘ladi. Shu sababdan ham Suriya terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlar muxlislarimizda qiziqish uyg‘otishi tabiiy.

7-o‘rin
"Sharja" stadioni. Sharja. 9 yanvar, 2019 yil.
O‘zbekiston - Ummon
Shubhasiz, hammamiz kutayotgan o‘yin! Terma jamoamiz Osiyo Kubogining 1-turini qanday boshlashi, keyingi o‘yinlarda katta rol o‘ynab beradi. Barchamizning e’tibori shu o‘yinga qaratilishi hech kimga sir emas. Ummon terma jamoasi biz uchun noqulay raqib hisoblanadi. Hozircha ularni bir marta mag‘lubiyatga uchrata olganmiz. 4ta o‘yinda esa imkoniyatni boy berganmiz. O‘ylaymizki, Osiyo Kubogida ikkinchi g‘alabamizga erishamiz.

6-o‘rin
"Al-Nahyan" stadioni. Abu Dabi. 16 yanvar, 2019 yil.
Janubiy Koreya - Xitoy
Katta ehtimol bilan bu uchrashuv guruh g‘olibi kim bo‘lishiga oydinlik kiritib beradi. 3-tur o‘yinidan joy olgan bahsda Janubiy Koreya musobaqadagi birinchi jiddiy raqibiga qarshi maydonga tushadi. Osiyo Kubogi favoriti sanalayotgan koreyslar ishtirokidagi mazkur uchrashuv barchamizda qiziqish uyg‘otishi aniq.

5-o‘rin
"Al Maktum" stadioni. Al Ayn. 16 yanvar, 2019 yil.
Eron - Iroq
"D" guruhining so‘nggi tur uchrashuvi 1/8 finalga kim guruhda birinchi o‘rin bilan yo‘l olishiga oydinlik kiritib bersa ajab emas. Himoyaviy taktikani ustun ko‘radigan Keyrush va hujumkorlikni ilgari suradigan Srechko Katanets o‘rtasidagi qarama-qarshilik.

4- o‘rin
"Al Maktum" stadioni. Al Ayn. 13 yanvar, 2019 yil.
Turkmaniston - O‘zbekiston
15 yillik tanaffusdan so‘ng yana Osiyo Kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan qo‘shnilarimiz bilan ikkinchi turda bahs olib boramiz. Turkmaniston terma jamoasi "sirli tulpor" sifatida guruhimizda gavdalanadi. Jamoaning negizi "Oltin Asr" jamoasidan tashkil topgan va ular bu yil OFK Kubogi finaliga qadar yetib keldilar. Tarkibi kuchli bo‘lmasa-da, o‘yin derbi maqomiga ega.

3-o‘rin
"Shayx Xalifa" stadioni. Al Ayn. 15 yanvar, 2019 yil.
Avstraliya - Suriya
Ko‘pchilik Avstraliyani favorit deb aytayotgan "B" guruhining so‘nggi tur o‘yinida sensatsiya guvohi bo‘lishimiz mumkin. JCh saralash o‘yinlarining pley-offida o‘zaro bahs olib borgan bu ikki terma jamoa o‘rtasidagi ikkinchi o‘yinga kelibgina "kengurular" qiyinchilik bilan g‘alaba qozona olgan edilar. Bu o‘yin nafaqat bizni, balki Osiyo futboliga befarq bo‘lmagan barcha muxlisu mutaxassislar e’tiborida bo‘lsa ajab emas.


Somax tomonidan 90+4 - daqiqada amalga oshirilgan jarima zarbasidan keyin to‘p "shtanga"ga emas, darvoza ichiga borib tushganida biz JChda Avstraliyani emas, balki Suriyani ko‘rarmidik?
2-o‘rin
"Shayx Zayed" stadioni. Abu Dabi. 17 yanvar, 2019 yil.
Saudiya Arabistoni - Qatar
So‘nggi paytlarda o‘zaro chiqisha olmayotgan yurt vakillari o‘rtasidagi bu uchrashuvni o‘tkazish uchun OFKdan ham alohida mas’uliyat talab qilinadi. Eng muhimi, bosh hakam tanlashda adashmaslik va o‘yinni ikki jamoa uchun e’tirozsiz o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Juda ham muhim va qiyin bahsni reytingimizning ikkinchi o‘rniga qo‘ydik.


Arxiv. 1997 yil. JCh saralash o‘yini. Sami Al Jaber to‘p bilan, Yossim Yusuf unga qarshilik ko‘rsatishga urinayapti.
1-o‘rin
"Shayx Xalifa" stadioni. Al Ayn. 17 yanvar, 2019 yil.
Yaponiya - O‘zbekiston
Oooo... Bu o‘yin biz uchun qanday ahamiyat kasb etishini ortiqcha izohlab o‘tirmasak ham barchaga birdek ma’lum. Dastlabki ikkita o‘yinni omadli o‘tkazib ochkolarni jamg‘arib olsak, kim biladi balki aynan shu o‘yin bizni guruhda birinchi o‘ringa chiqib olishimizga sabab bo‘lar. Yaponiya terma jamoasini hech qachon muhim o‘yinda mag‘lubiyatga uchrata olmaganmiz. Balki shu an’anaga chek qo‘yadigan payt kelgandir?


Arxiv. 2000 yil. Livandagi Osiyo Kubogi. Shu o‘yin alamini oladigan payt allaqachon kelgan.
Nadirkhuja Yuldashev

Manba: championat.asia

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » TOP-10: Osiyo Kubogida Sizga qiziq bo‘ladigan uchrashuvlar reytingi