21:00 / 01.01.2019
2 940

2018 yil O‘zbekiston sportida qaysi voqealar bilan yodda qoldi?

2018 yil O‘zbekiston sportida qaysi voqealar bilan yodda qoldi?
Sportdagi jarayonlarning 4 yillik sikl atrofida aylanishini hisobga olsak, bu yo‘nalishdagi yutuq va kamchiliklarning yil so‘ngida sarhisob qilinishi boshqa sohalardagiga qaraganda ancha tabiiyroq tuyuladi. Ammo biz hozir yilning yakuniy tahliliga emas – zero bu har bir sport turini alohida olganda ham ancha katta hajmdagi ish va uni bir maqolada qamrab olish imkonsiz – o‘tgan yilning O‘zbekiston sportida yuz bergan eng muhim voqeliklarni eslab o‘tmoqchimiz. Xo‘sh, 2018 yil o‘zbek sportida qaysi voqealar bilan yodda qoldi?

Milliy olimpiya qo‘mitasida yangi prezident davri boshlandi

Mirabror Usmonov 2017 yil yozida prezidentlik lavozimini tark etgan, uning o‘rniga Alisher Sultonov tayinlangan edi. Yanvar oyida qo‘mitaga Umid Ahmadjonov rahbar etib saylandi hamda mamlakat futboli va olimpiya qo‘mitasiga amalda ayni bir shaxs rahbarlik qilishi an’anasi saqlanib qoldi. U bundan bir necha oy oldin O‘zbekiston futbol federatsiyasiga prezident bo‘lgandi.

Yangi formatdagi Superliga

O‘zbekiston chempionati formati o‘zbek futboli jamoatchiligining eng ko‘p muhokamalari markazida bo‘lgan mavzulardan biriga aylandi. Hatto rahbariyatning o‘zidan ham qarama-qarshi fikrlar yangraganining guvohi bo‘ldik. Yakunda jamoalar soni 16tadan 12taga qisqartirildi, chempionatga Superliga nomi berildi, o‘yinlar teletranslyatsiyasi muntazamlik kasb eta bordi. «Oltin ochko» qoidasi joriy etilishi bilan o‘yinlarda qizg‘inlik ta’minlanishi aytilgan bo‘lsa-da, final bosqichi oldidan amalda har doim ham bunday bo‘lavermasligi oydinlashib qoldi.

Klub futboli haqida gap ketganda, shuningdek, Osiyo Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatsizlikni ham eslab o‘tish zarur. «Paxtakor» saralashdan o‘ta olmadi, «Nasaf» va «Lokomotiv» o‘z guruhlarida uchinchi o‘rinni olishdi. Shuningdek, yil davomida milliarder Alisher Usmonov «Paxtakor» homiysiga aylandi, unga aloqador «SFI Management Group» ixtiyoriga ishonchli boshqaruv uchun topshirilgan Olmaliq KMKga tegishli OKMK O‘zbekiston kubogi finalida «Paxtakor»ni mag‘lub etib, OChLga o‘tish o‘yinida ishtirok etadigan bo‘ldi. Olmaliqliklarga «Bunyodkor»ning yopilishi haqidagi mish-mishlar fonida Mirjalol Qosimov bosh murabbiy etib tayinlandi. O‘zbekiston chempionligi esa «Lokomotiv»ga nasib etdi.

Professional boksdagi muvaffaqiyatli startlar

O‘zbekistonlik taniqli charm qo‘lqop ustalarining professional boksga o‘tishi tendensiyasi o‘tgan yillarga qaraganda ancha yaqqol ko‘zga tashlandi. Shahram G‘iyosov, Murodjon Ahmadaliyev, Elnur Abduraimov, Bahodir Jalolov, Isroil Madrimov kabi bokschilar 2018 yilda professional ringdagi ilk janglarini o‘tkazishdi. Hozirga qadar ularning hech qaysisi mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Ular orasidan Ahmadaliyev va Madrimovlar ilk kamarlariga ham ega bo‘lib ulgurishdi. Shuningdek, yil davomida Fazliddin G‘oibnazarov, Shohjahon Ergashev, Sanjar Rahmonov, Qudratillo Abduqahhorov kabi sportchilar ham professional boksdagi faoliyatini ijobiy o‘tkazishdi.

Havaskor boksda esa O‘zbekiston qit’ada yetakchi maktab ekanini bu yil yana bir bor isbotlay oldi. Osiyo o‘yinlarida mavjud 7ta vazn toifasidagi barcha finallar o‘zbekistonliklar ishtirokida o‘tdi, ulardan 5tasida o‘zbek bokschilari oltin medallarni qo‘lga kiritdi.

Shu bilan birga, o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov AIBA`dagi 20 yillik faoliyatida ilk marta prezident etib saylangani, uning bu yangi lavozimi AIBA va Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi o‘rtasidagi munosabatlarni chigallashtirgani ham jamoatchilik diqqat markazida bo‘ldi.

Jakarta va Buenos-Ayresda xalqaro natijalar yaxshilandi

Osiyo o‘yinlarida 234 atlet sportning 30 turi bo‘yicha O‘zbekiston sharafini himoya qildi. Yakuniy jamg‘arma jami 70ta medal: 21ta oltin, 24ta kumush va 25ta bronzadan iborat bo‘ldi. Bu bilan medallarning umumiy soni bo‘yicha ham, oltin medallar soni bo‘yicha ham, kumush va bronza medallar soni bo‘yicha ham natijalar yaxshilandi. Shu bilan birga, 30ta sport turidan 12tasida mamlakatdan birorta ham vakil shohsupaga ko‘tarilmadi, o‘zbekistonlik atletlarning 59 foizi medalsiz ortga qaytdi.

Shundan so‘ng, Paraosiyo o‘yinlarida 57 sportchidan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi 77ta medalni qo‘lga kiritdi; ularning yarmi eng yuqori qiymatga ega: 35ta oltin, 24ta kumush va 18ta bronza. Bu natija bilan O‘zbekiston turnirni 6-o‘rinda yakunladi. Umumjamoa hisobida kuchli o‘nlikka kirgan mamlakatlarning barchasi kamida 100 nafar atlet bilan qatnashgani e’tiborga olinsa, O‘zbekiston musobaqaning eng sermahsul jamoasi bo‘ldi, deyish mumkin.

Shuningdek, oktyabr oyida Argentinada III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston 206 mamlakat ichidan 13-o‘rinni egalladi. 37 nafar o‘zbekistonlik sportchi 16ta medal (5+4+7) jamg‘ardi. Bu musobaqada ham medallar soni va sifati, umumjamoa reytingidagi pog‘ona borasidagi natijalar yaxshilandi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasida uzoq kutilgan xorijlik murabbiy

Yilning birinchi yarmida terma jamoa Temur Kapadze murabbiyligida JCh-2018ning to‘rt ishtirokchisi – Senegal, Marokash, Eron va Urugvay terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashlarida maydonga tushdi. Ammo ushbu o‘yinlar bizdan ko‘ra ko‘proq raqiblar foydasiga xizmat qildi, chunki jamoa boshqaruviga yangi mutaxassis tayinlanishi kutilayotgandi.

2017 yil 7 sentyabr va 2018 yil 6 avgusti oralig‘ida O‘zbekiston terma jamoasi amalda bosh murabbiysiz qoldi.

Fevral oyida Umid Ahmadjonov xorijlik murabbiy bilan muzokaralarni yakunlash uchun Dubayga borib keldi. Ektor Kuper bilan kelishuv ana o‘shandayoq hal etib bo‘lingandir, ehtimol. O‘sha vaqtda ko‘pchilik, kimligi sir tutilgan murabbiy Eron termasidagi Karlush Keyrush bo‘lishini taxmin qilgandi. Keyrush bilan aloqaga chiqilgani ham haqiqatdan uzoq taxmin emas, u o‘rtoqlik uchrashuvi uchun kuzda Toshkentga kelganida shu haqda berilgan savolga javob qaytarishni istamagan edi.

Oxir-oqibat, O‘FA «o‘ndan ziyod nomzod orasidan» Misrni JChga boshlab borgan argentinalik tajribali murabbiyni tanladi. Uning O‘zbekiston termasidagi olti oylik ishiga kelasi oyda baho berishimiz mumkin.

O‘zbekiston U23 – Osiyo chempioni

2018 yilda O‘zbekiston terma jamoalari Osiyo miqyosidagi musobaqalarda uchinchi marta g‘alaba qozondi. 1994 yilda Rustam Akramov murabbiyligidagi milliy terma jamoa Osiyo o‘yinlarida, 2012 yilda esa Dilshod Nuraliyev qo‘l ostidagi o‘smirlar termasi qit’a chempionatida bosh sovrin egasi bo‘lgandi. Bu yil Ravshan Haydarov murabbiyligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ham bu ro‘yxatga qo‘shildi.

Kim bilsin, ro‘yxatga to‘rtinchi bo‘lib Ektor Kuper boshqaruvidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi qo‘shilar balki?

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 2018 yil O‘zbekiston sportida qaysi voqealar bilan yodda qoldi?