14:06 / 15.01.2019
4 046

Terma jamoamizning Osiyo kubogidagi ishtiroki Davron Fayziyev nigohida

Terma jamoamizning Osiyo kubogidagi ishtiroki Davron Fayziyev nigohida
Milliy terma jamoamiz nimchorak final masalasini muddatidan oldin hal qilib qo‘ydi. Ummon va Turkmanistonga qarshi kechgan uchrashuvlar shuni ko‘rsatdiki, jamoamiz kutilganidek o‘yindan-o‘yinga kuchayib boryapti. Ma’lumki, terma jamoamizni bevosita voqea joyidan keng yoritib borish maqsadida O‘zbekistondan bir qator jurnalistlar ham BAAga yetib kelgan holda o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishyapti.

Muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan, tajribali jurnalistlarimizdan biri, «UzReport» telekanali sharhlovchisi Davron Fayziyev ham terma jamoamizni Osiyo Kubogidagi musobaqada bevosita joyidan turib yoritib bormoqda. Futbolchilarimizning ikkita o‘yinidan so‘ng Davron Fayziyev o‘zining fikr-mulohazalari va tahlillari bilan o‘rtoqlashdi.

- Terma jamoamiz Ummon hamda Turkmanistonga qarshi o‘yinlarda o‘zi uchun kerakli g‘alabalarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval nimchorak final masalasini hal qildi. Mazkur ikkala uchrashuv haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Bungacha o‘z chiqishlarimda ham aytib o‘tgandim, birinchi turda hamma jamoalarga, jumladan turnir favoritlari uchun ham qiyin kechdi, ayniqsa, terma jamoamizga. Bizning jamoamiz bevosita musobaqa oldidan hamma uchun o‘z eshiklarini yopdi. Ya’ni, eng so‘ngi tayyorgarlik bosqichini yashirinroq tarzda o‘tkazdi. Ana shunda ko‘pchilik Ektor Kuperda yangicha uslub bor deb o‘ylashdi. Biroq birinchi o‘yinda uning yangicha uslubini ko‘rmadik. Xatolarimizni o‘z ichiga olgan uchrashuvda uch ochkoni qo‘lga kiritganimiz biz uchun katta plyus bo‘ldi. Chunki Ummon terma jamoasi yaxshi o‘yin ko‘rsatgandi va ochko olishga ham loyiq edi. Ammo, ko‘pincha jamoalarning saviyalari o‘z imkoniyatlarini qanchalik foydalanishda bilinadi. Aytmoqchimanki, g‘alabamizning zamirida baribir jamoalar o‘rtasidagi saviyaning farqi yotibdi. Birinchi o‘yinni qanchalik og‘ir o‘tkazmaylik, ayni damda biz Ummondan kuchli ekanligimizni ko‘rsatdik.

Turkmanistonga qarshi uchrashuvda esa terma jamoamiz butunlay boshqacha o‘yin ko‘rsatdi. Futbolchilarimiz o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonchini namoyish etishdi. Turkmaniston dastlabki 15 daqiqada yaxshi o‘ynadi. Mana shu vaqt oralig‘ida ular jarima maydonchamiz atrofida ba’zi qiyinchiliklarni ham yuzaga keltirishdi. Ammo u yog‘iga futbolchilarimiz maydonni yaxshiroq his qilib olishganidan so‘ng o‘yinni o‘zlari nazorat qilishdi. Bizda shunday hujumkor futbolchilar yig‘ilganki, ular to‘p bilan ishlashni yaxshi ko‘rishadi. Biz esa bundan albatta foydalanishimiz kerak. Kuper ham vaqt o‘tgan sari bu narsani tushunib yetadi degan fikrda edim va hozirgi kunga kelib buni tushunib yetdi deb o‘ylayman. Turkmanistonga qarshi uchrashuvda yigitlarimiz bemalol o‘ynashdi. Xohlasa dribling qilishdi, xohlasa pas berishdi, xohlasa to‘pni o‘zida saqlab turishdi. Buning natijasida terma jamoamizning o‘yinida chiroy paydo bo‘ldi. Shu bois o‘yindan zavq olishni boshladik.

Ayniqsa, birinchi taym mukammal tarzda o‘tdi. Ikkinchi bo‘limda esa jamoamiz tejamkarroq o‘ynashni boshladi. Faqat biz uchun bitta minus tomoni bo‘ldi. Raqibni 4:0 hisobida yutib turgan paytimizda, biz uchun hech qanday xavf yo‘q paytda, Anzur Ismoilov maydon markaziga yaqin bo‘lgan joyda sariq kartochka ishlab oldi. Bizning 100 foizlik asosiy himoyachimiz bitta sariq kartochkalik holatga «osilib» qoldi. Agar u yana bitta sariq kartochka olsa, keyingi bellashuvni o‘tkazib yuboradi. Navbatdagi o‘yinlar qiyinlashsa qiyinlashib boradiki, ammo oson uchrashuvlar bo‘lmaydi. Yaponiya bilan o‘yingacha guruhdan chiqish masalasini hal qilgan bo‘lsak-da, ammo turnirda uzoqroqqacha borishni istagan bo‘lsak, unda albatta Yaponiyadan ochko olishimiz kerak.

O‘shanda biz guruhni birinchi o‘rin bilan tugatamiz. Ana shunda keyingi bosqichda Avstraliyadan qutulib qolamiz. Chunki bu terma biz uchun noqulay raqib. Xullas, kelajakni o‘ylab strategiyalar tuzadigan bo‘lsak, Anzur xato qildi. Lekin endi u extiyotkorlik bilan o‘ynashi kerak bo‘ladi. Aslini olganda, Anzur o‘yin bo‘yicha xato qilmadi, shunchaki o‘sha vaziyatda qo‘pol o‘ynash shart ham emasdi. Qolaversa, hakam ham sariq kartochka ko‘rsatmasa bo‘laverardi. Chunki o‘shanda Ismoilov to‘pga o‘ynagandi. Yaponiyadan gollar nisbati bo‘yicha o‘zib ketganimiz yanada qo‘shimcha plyus bo‘ldi. Endi uchinchi turda durang ham bizning foydamizga ishlaydi. Bitta o‘yin misolida aytadigan bo‘lsam, bu safar o‘sish bo‘ldi.

- Yaponiya bilan o‘yinda nimani kutyapsiz?
- Menimcha, bir-ikkita pozitsiyada Ektor Kuper o‘zgarish qilsa kerak. Busiz iloji yo‘q. Qaysidir futbolchi charchagan yoki mushaklarida og‘riq sezilgan bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatlarda ko‘p ko‘rganmizki, agar muddatidan oldin guruhdan chiqish vazifasini uddalashgan bo‘lsa, uchinchi turga kelib tarkibda rotatsiya qilishadi. Lekin bu yaponlarga qarshi g‘alaba uchun o‘ynamaymiz degani emas. Qaytanga hozirgi holatda zaxiradagi futbolchilarimiz xavfliroq bo‘lishadi. Yana bitta masala ochiq qolyapti: Bikmayev yoki Shomurodov? Eldor ketma-ket gollar urdi. Agar Maratni yaponlarga qarshi o‘yinda tushirsa u maydonni «g‘ajishga» tayyor. U o‘zi uchun kafolatlangan asosiy tarkibdagi joyi qo‘lidan chiqib ketayotganini qaytarib olish uchun gol urishga chanqoq. Shaxsan men Kuperning o‘rnida bo‘lganimda Bikmayevni maydonga tushirgan bo‘lardim. Shuningdek, Ikrom Aliboyevni ham asosiy tarkibda ko‘rsak yaxshi bo‘lardi. Shu bilan birga Davron Hoshimov ham keyingi uchrashuvda asosiy tarkibda tushsa kerak.

- Hozirgi paytda aksariyat jamoalar guruh bahslari davomida keyingi bosqich uchun matematik tomondan hisob-kitob ishlarini qilishyapti…
- Ko‘p kuzatganmanki, mana shunday matematika bilan shug‘ullangan jamoalar o‘yin tempini yo‘qotib qo‘yishadi. Biz o‘yin tezligimizni yangi bosqichga olib chiqdik. Yaponlar bilan ham mana shunday tempda o‘ynaymiz deb umid qilaman. Agar pasayish bo‘lsa, tiklanib olish qiyin bo‘ladi. Mabodo, yutqazsak, keyin yana g‘alaba ritmiga qayta olamizmi-yo‘qmi, qiyin bo‘ladi. Shu bois Yaponiyaga qarshi uchrashuvda ham maksimal ravishda g‘alabaga intilsak kerak.

- Real ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, terma jamoamizning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Menimcha, biz bu guruhda real vaziyatni ko‘ra olmaymiz. Sababini tushuntiraman. Birinchi uchrashuvda biz hali jamoa sifatida shakllanmagandik. Ikkinchi uchrashuvda Turkmanistonga qarshi saviyamiz baland edi va bu narsa o‘yinda ko‘rindi. Uchinchi turda esa Yaponiyaga qarshi hamma narsa hal bo‘lgan pallada o‘ynaymiz. Hattoki, o‘sha yaponlar bilan uchrashuvda ham bizda maksimal darajada motivatsiya bo‘lmasligi mumkin. Asosiy kuchimizni ko‘rsatib beradigan o‘yin esa pley-off bo‘ladi. O‘zbekiston terma jamoasining qanchalik salohiyatga ega ekani haqida fikr bildirishim uchun avvalo pley-off uchrashuvini ko‘rishim kerak. Lekin shuni alohida aytishim kerakki, O‘zbekiston terma jamoasidan umidimiz katta va yaxshi niyatlar bilan futbolchilarimizni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoamizning Osiyo kubogidagi ishtiroki Davron Fayziyev nigohida