14:10 / 20.01.2019
4 235

Guruh bosqichidan xulosalar va Avstraliyaga qarshi oʻyin arafasidagi taxminlar (video)

Guruh bosqichidan xulosalar va Avstraliyaga qarshi oʻyin arafasidagi taxminlar (video)
Oʻzbekiston terma jamoasi dushanba kuni Osiyo Kubogining nimchorak finalida Avstraliyaga qarshi maydonga tushadi. Vaholanki, jamoa guruh bosqichining soʻnggi turida Yaponiya bilan durang qayd etganida ham pley-offda qitʼaning amaldagi chempioni emas, balki Oʻzbekiston uchun ancha qulay raqib – Qatarga dech kelgan boʻlardi. Milliy terma jamoa oʻz tarixida Avstraliya bilan uch marotaba oʻynab, ularning barchasida magʻlubiyatga uchragan; boz ustiga, ushbu raqib darvozasini biror marta ishgʻol eta olmagan.

Xoʻsh, ana shunday kuchli va noqulay raqibga qarshi oʻyindan oldingi uchta bahsda Ektor Kuper murabbiyligidagi jamoa qanday taassurot qoldirdi? Pley-offning ilk raundidayoq Avstraliyaga dech kelish Oʻzbekiston termasining keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini keskin pasaytirib yubordimi? Shundoq ham jismonan ustunlikka ega raqibning ikki kun koʻproq dam olishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkinmi? Kun.uz Osiyo Kubogida ortda qolgan guruh bosqichini bevosita BAAda kuzatib borgan bir qator sport jurnalistlariga shu kabi savollar bilan murojaat qildi.

[media=https://www.youtube.com/embed/zQnijxQAjOg]
“Uzreport TV” telekanali sport sharhlovchisi Davron Fayziyev Oʻzbekiston terma jamoasi nimchorak finalda Qatar emas, Avstraliya termasiga toʻqnash kelayotganini ijobiy holat sifatida baholadi.
“Fikrimcha, Avstraliya biz uchun yaxshiroq raqib. Yaponiyaga yutqazganimiz yaxshi boʻlmadi, lekin yaxshi raqib deganda nimani nazarda tutyapman? Biz arab futbolidan koʻp aziyat chekkanmiz. Arab jamoalariga qarshi oʻynash murakkabroq, ular gʻalaba uchun hamma choralarni koʻrishadi. Menimcha, Avstraliya bu turnirga hamma narsani oʻrtaga tashlab, biz gʻolib chiqishimiz shart, degan niyat bilan kelmagan. Shunchaki, kuchli jamoa va yaxshi natijalar qayd etyapti. Bu jamoaga qarshi yaxshi, chiroyli oʻyin koʻrsatsa boʻladi. Hatto yutqazsa ham, chiroyli oʻynab turnirdan chiqib ketsa boʻladi. Arab jamoalariga qarshi uchrashuvlarda esa koʻpincha shunday boʻladi, yutqazganimizda alam bilan chiqib ketamiz: «Nega shunday qilishadi? Nega bunday simulyatsiyalar boʻladi? Nega vaqt choʻzishadi?..” Toʻgʻri, bular oxirgi paytlarda kamaydi, lekin baribir shunga nisbatan xavotir qolgan», – deya fikr bildirdi Davron Fayziyev

“Avstraliya esa unaqa emas. Xuddi bizga oʻxshagan jamoa. Yaʼni koʻpincha sodda futbol oʻynaydigan va individual mahorat evaziga natijaga erishadigan jamoa. Shuning uchun pley-offda Oʻzbekiston-Avstraliya – markaziy juftlik. Nimasi bilan? Oʻyin uslubi bilan. Tarkibidagi texnikali futbolchilari bilan. Toʻgʻri, bizda Yevropada oʻynaydigan futbolchilar koʻp emas, Avstraliyada koʻp. Lekin bizda yaxshi driblingga ega, oldingi chizigʻimizda yaxshi kombinatsion futbol koʻrsatadigan 2-3 nafar texnikali futbolchimiz bor. Shuning evaziga, mening fikrimcha, qiziqarli juftlik yuzaga keldi”, – deya taʼkidladi sharhlovchi.
“Shaxsan menda Avstraliyani yuta olishimizga ishonch bor. Hammasini oʻyin koʻrsatadi”, – deya xulosa qildi Fayziyev.

Tribuna.uz sayti jurnalisti Qahramon Aslanov nimchorak finalda Avstraliya Oʻzbekiston uchun arab jamoalaridan koʻra qulayroq ekani toʻgʻrisidagi fikrini quyidagicha asosladi.
«Qatar yoki Saudiya Arabistoni biz uchun qulayroq raqib boʻlib koʻringan edi. Lekin asosiy muammomiz himoya chizigʻi ekani, toʻpsiz harakatlanish va zonalarni yopishda qiyinchilikka uchrashimizdan kelib chiqib, hozirgi bosqichimizda arab jamoalaridan koʻra Avstraliya qulayroq. Arab jamoalari dribling ishlatishadi, kutilmagan va chiroyli oʻyin koʻrsatishga harakat qilishadi, qisqa masofalarda kombinatsiyalar uyushtirishadi. Bunaqangi uslubdagi jamoalarga qarshi hali shakllanmagan himoya juda qiynaladi.

Menimcha, Avstraliya jismoniy va tezlik tomondan, standart vaziyatlarda kuchli. Lekin bizga yaqin uslubda, vertikal tushunarli futbol oʻynaydi: qanotdan jarima maydoniga oshirib... Bunaqa paytda Anzurning tajribasi qoʻl keladi; Krimes yo Toʻxtaxoʻjayev, yoki qanot futbolchilariga himoyalanayotgan vaqtda raqibning nima oʻylayotgani, nima qilmoqchi ekanini tushunib olish osonroq boʻladi. Arab jamoalari esa juda nostandart hujumlar uyushtirishadi, bu esa hali shakllanib, oʻzaro bogʻlamlarda haqiqiy beton koʻrinishiga kelib olmagan himoya uchun noqulay, deb oʻylayman. Shuning uchun Ummon bilan oʻyinda ham qiynaldik. Oʻylaymanki, Qatar bilan ham qiyin boʻlgan boʻlardi», – deydi Aslanov.

“Avstraliya futbolchilari bilan bizning futbolchilar yoshlikdan mashgʻulotlari, ularga oʻrgatiladigan koʻnikmalar jihatdan bir-biriga oʻxshab ketadi, deyarli bir xil maktab. Shuning uchun, ularning fikrini oʻqish, nimaning hisobiga hujum qilib, gol urishga harakat qilayotganini tushunish oson. Arab futboli birmuncha farq qiladi. Ular koʻproq zavq uchun oʻynashadi. Toʻp bilan chiroyli oʻynashga harakat qilishgani uchun ularga qarshi oʻynashimiz qiyinroq. Misol uchun, Yaponiya bilan oʻyinning oxirgi 15 daqiqasini olsak. Biz toʻp bilan yaxshi muomala qildik, hujumlar uyushtirdik. Nimaga? Chunki Yaponiya ham oʻyinga pragmatik yondashdi. Kerak boʻlganda toʻpsiz oʻynab, xatosiz oʻynashga harakat qilishdi. Mana shunday bosim kamaygan paytda futbolchilarimiz toʻpni nazorat qilishi ham, hujumda vaziyatlar yaratishi ham mumkin. Arablar toʻpsiz hech qachon oʻynay olmagan. Biz esa ularni toʻpsiz qoldiradigan darajada hali shakllanib ulgurmaganmiz. Demak, arablar toʻpsiz oʻynashni xohlamagandan keyin, toʻpni olishga harakat qilishadi, bosim uyushtirishadi. Toʻpni nazorat qilishganida esa oʻz-oʻzidan biz uchun xavfli boʻlib qolishadi. Yaponiya bilan oʻyinga qaytadigan boʻlsak, yaponlarni toʻp nazorati boʻyicha ortda qoldirdik. Birinchi boʻlimdan keyin 52/48 edi, ikkinchi boʻlimda yana ham oshdi (oʻyinning umumiy statistikasiga koʻra, toʻp nazorati Oʻzbekiston foydasiga 57/43 boʻlgan – Kun.uz). Mana shunday, raqib hujumda ham, himoyada ham oʻzimizning futbolimizga oʻxshagan, tartibli, pragmatik oʻyin koʻrsatganda ularni toʻxtatishimiz osonroq boʻladi. Arablarning tartibsiz, lekin chiroyli, driblinglar, kombinatsiyalarga asoslangan oʻyiniga qarshi qiynalib qolishimiz mumkin”, – deb tushuntirdi Tribuna.uz jurnalisti.

“Qatarga qarshi oʻyinda qiyinchilikka uchragandan koʻra, Avstraliya, Yaponiya kabi jamoalar bilan oʻynasak, yutqazgan taqdirimizda ham – hammasi shu bilan toʻxtamaydi. Chunki tarkibimizda yosh futbolchilar bor, oldinda esa Jahon chempionati saralash oʻyinlari. Bu musobaqa tajriba, oʻziga ishonch, murabbiy bilan futbolchilar oʻrtasidagi munosabatni keyingi bosqichga olib chiquvchi turnir deb qarasak, bu jihatdan ham Avstraliya bilan oʻynaganimiz yaxshi. Agar natija koʻrsatadigan boʻlsak, albatta, tarixda birinchi marta Avstraliyadan ochko olsak yoki ulardan oʻtadigan boʻlsak, bu katta bayram boʻlib ketadi, deb oʻylayman”, – deya qoʻshimcha qildi Qahramon Aslanov.

Kun.uz jurnalisti Shuhrat Shokirjonov Oʻzbekistonning nimchorak final uchrashuviga ancha xotirjam va ishonch bilan yondashayotganini taʼkidladi. Avstraliyaning joriy Osiyo Kubogida qayd etayotgan natijalariga termadagi avlodlar almashinuvini sabab sifatida keltirib oʻtdi.

«Iordaniya Avstraliyani magʻlub etdi. Suriya bilan oʻyinda zoʻrgʻa, qoʻshib berilgan daqiqalarda gʻalaba toʻpi kiritildi. Menimcha, oʻynasa boʻladi. Iordaniya va Suriyadan koʻra biz saviyaliroq jamoa hisoblanamiz baribir.

Avstraliyada avlodlar almashinuvi biroz ogʻir kechyapti. Bizda esa aksincha, tarkibimizda Osiyo chempioni boʻlgan yoshlar bor, koʻproq oʻshalarga tayanilyapti. Yoshi kattaroq tajribali futbolchilarimiz bor. Menimcha, Avstraliya bilan bemalol aqlli oʻyin koʻrsatib, yengishni uddalasak kerak. Raqibning bizdan koʻra ikki kun koʻproq dam olgani ahamiyatsiz», – deya mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi Shuhrat Shokirjonov.

“Sport” telekanali jurnalisti Bobur Akmalovning fikricha, Oʻzbekiston terma jamoasi ancha baquvvat futbolchilardan iborat Avstraliya termasidan jismoniy tomondan ustun kela olmaydi va shu bois asosiy eʼtiborni texnikaga qaratish zarur.

«Jismoniy jihatdan biz bu jamoaga boy beramiz. Azaldan avstraliyaliklar boʻydor, gavdali va 90 daqiqa bosimga chidab bera oladi. Bizda esa aralash: jussasi kichik yigitlarimiz ham bor; tezroq charchab qoladigani ham, oxirigacha boradigani ham bor. Shuning uchun toʻpni yerda ushlab oʻynashga harakat qilish lozim.

Abramovcha futbolni hammamiz eslaymiz. Toʻgʻri, aynan shu futbol tufayli Avstraliyaga 0:6 hisobida yutqazganmiz, lekin u boshqa avlod edi. Avstraliyada ham, menimcha, eng gullagan avlodi edi. Hozir Avstraliyada biroz pasayish, buni bizga Iordaniya koʻrsatib berdi. Texnikaga tayanib, paslar bilan oʻynasak, biz Avstraliyadan nisbatan biroz ustunlikka ega boʻlishimiz mumkin, ammo aslo jismoniy jihatdan emas. Kross yugurishlar, maydonning har qarich yerida toʻp uchun kurashish, gavda bilan kurash borasida biz ustun emasmiz. Shuning uchun texnikaga tayanganimiz maʼqul», – deydi Akmalov.
Eslatib oʻtamiz, Avstraliya–Oʻzbekiston uchrashuvi ertaga, 21 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Guruh bosqichidan xulosalar va Avstraliyaga qarshi oʻyin arafasidagi taxminlar (video)