10:36 / 05.02.2019
4 047

Murodjon Ahmadaliyev jahon chempionligi uchun ringga chiqadi

Murodjon Ahmadaliyev jahon chempionligi uchun ringga chiqadi
Professional boksning birinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (5-0, 4KO) WBA jahon chempionligi uchun ringga chiqishi kutilmoqda.

GoSport.uz nashri ma’lum qilishicha, Murodjon Ahmadaliyevning promouterlari u va mazkur yo‘nalish bo‘yicha chempion, amerikalik Daniel Roman (26-2-1, 10 KO) o‘rtasida jang tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Jang bo‘yicha kelishuv uchun so‘nggi muddat 6 fevralgacha deb belgilab qo‘yilgan. Agar tomonlar 48 soat davomida kelisha olishmasa, WBA shtab-kvartirasi sanalgan Panamada jangni tashkil qilish uchun ochiq savdo boshlanadi.

Savdoning birinchi sharti jang mukofot jamg‘armasining minimal qiymati 120 ming dollarni tashkil etishi kerak bo‘ladi. Bunda amaldagi chempion sovrin jamg‘armasining 75 foizini qo‘lga kiritsa, da’vogar 25 foiz pulga egalik qiladi. Bu degani jang tashkil qilinsa, Murodjon Ahmadaliyev eng kamida 31 250 dollar miqdorida mukofotga ega bo‘ladi.

«Roman bilan bo‘lajak jang muzokaralari qanday tus oladi, hozircha biror narsa deya olmayman. Masalan Roman jangni boshqa muddatga kechiktirish uchun, boshqa jangni tanlashi mumkin, yoki boshqa yo‘nalish chempionlari bilan kamarlarni birlashtiruvchi jang o‘tkazishni istab qolishi mumkin.

Ammo, biz aynan mana shu yilda Murodjon titul jangi uchun ringga chiqishiga umid qilmoqdamiz. Muzokaralar davom etyapti. Ma’lum sabablar bilan bu jang kechikishi mumkin. Lekin, eng asosiy maqsadimiz — shu yil Murodjonning titul uchun jang qilishi», deya «Mir boksa» promouterlik kompaniyasi menejeri Vadim Kornilovning so‘zlarini keltirmoqda GoSport.uz.

Eslatib o‘tamiz, Murodjon Ahmadaliyev WBA Intercontinental chempionlik kamari sohibi sanaladi. U so‘nggi marta 2018 yil 24 noyabr kuni Ayzek Sarateni (16-4-3, 2KO) 9-raundda texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgandi. Shu jangdan so‘ng u reytingda birinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan. Fevral oyidagi reytingda ham u birinchi o‘rinda ko‘rsatilgan, u Roman bilan titul jangi uchun birinchi raqamli da’vogar nomini saqlab qolgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Murodjon Ahmadaliyev jahon chempionligi uchun ringga chiqadi