00:30 / 08.02.2019
4 274

Ertaga xokkey bo‘yicha birinchi O‘zbekiston chempionatiga start beriladi

Ertaga xokkey bo‘yicha birinchi O‘zbekiston chempionatiga start beriladi
Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston birinchi chempionati ochilish marosimi ertaga, 8 fevral kuni soat 18:00 «Ice City» muz arenasida boshlanadi. Chempionatning ilk o‘yini poytaxtning «Toshkent» va «Binokor» klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Ushbu bahsdan so‘ng poytaxtning yana ikki jamoasi «Humo» hamda «Semurg‘» muzga chiqadilar.

«Toshkent» - «Binokor». 18:30.
«Humo» - «Semurg‘». 21:30.

Musobaqa tashkilotchisi – O‘zbekiston Xokkey federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, xokkey bo‘yicha O‘zbekiston chempionati 17 va undan katta yoshdagi xokkeychilar o‘rtasida o‘tkaziladi va 24ta uchrashuvdan iborat bo‘ladi. Bahslar 17 mart kuni nihoyasiga yetadi. 20 martdan boshlab esa pley-off uchrashuvlari boshlanadi. Unda jamoalar uchta g‘alabagacha kurash olib boradilar.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Xokkey federatsiyasi 2018 yil 28 martda Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. O‘zbekiston Respublikasi Xokkey federatsiyasi ta’sischilar konferensiyasida uning rahbari etib Baxtiyor Shuhratovich Fozilov saylangandi. Federatsiya hozircha Xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF) a’zosi emas. Xalqaro xokkey federatsiyasiga a’zolik uchun nomzodlar orasida O‘zbekiston bilan birga Jazoir, Bahrayn, Pokiston, Saudiya Arabistoni va Tunis davlatlari ham bor.

Eslatib o‘tamiz, rus sport saytlarida Toshkent sharafini himoya qiluvchi xokkey klubi Kontinental xokkey ligasida (KXL) yaqin ikki mavsum ichida paydo bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar berilgandi. Ayni paytda KXLda 7 mamlakat - Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Latviya, Xitoy, Finlyandiya va Slovakiyaning jami 27 klubi ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF) kongressida «Humo Arena»ning taqdimot marosimini o‘tkazgandi. «Humo Arena»ning ishga tushirilish muddati aniq bo‘lgach, o‘zbekistonliklar va KXL o‘rtasida muzokaralar boshlanadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ertaga xokkey bo‘yicha birinchi O‘zbekiston chempionatiga start beriladi