06:02 / 17.02.2019
3 311

Rustam Ashurmatov: "Gvangju"ga yordam berish uchun keldim

Rustam Ashurmatov: "Gvangju"ga yordam berish uchun keldim
Yana bir futbolchimiz rasman legioner maqomini oldi. Barchamizga yaxshi tanish bo‘lgan, o‘tgan yili U-23 Osiyo chempioni bo‘lgan Rustam Ashurmatov Janubiy Koreya chempionatiga ko‘chib o‘tdi. Katta futbolga «Bunyodkor» klubi orqali kirib kelgan iste’dodli himoyachi besh yillik faoliyatidan so‘ng ushbu jamoani tark etishga qaror qildi. Aslida futbolchining «Bunyodkor»ni tark etib, boshqa jamoa safiga qo‘shilishi kutilayotgan voqea edi. Biroq faoliyatini aynan qaysi klubda davom ettirishi mavhum bo‘lib turgandi. Boisi Rustamni o‘z safida ko‘rishni xohlayotgan jamoalar bisyor edi.
Nihoyat, o‘tgan haftada futbolchi o‘zi uchun eng to‘g‘ri tanlovni qabul qildi Endi u Janubiy Koreyaning «Gvangju» jamoasi sharafini himoya qiladi. Shuni aytishimiz joizki, Ashurmatovning yangi jamoasi Janubiy Koreya chempionatining «K-2» ligasida ishtirok etadi. Yodingizda bo‘lsa, bungacha Janubiy Koreya chempionatiga yana bir hamyurtimiz Ikrom Aliboyev ko‘chib o‘tgandi va u «K-1» ligasi qantashchisi «Seul» jamoasi a’zosiga aylangandi. Ko‘rinib turibdiki, koreyaliklarning futbolchilarimizga bo‘lgan e’tibori va qiziqishi chakki emas.

«Gvangju» klubi Ashurmatov uchun jiddiy qiziqish bildirgani uchun yakunda uni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, Rustamning faoliyatida yangi sahifa ochilmoqda. U «Bunyodkor»dan boshqa jamoada to‘p surmagandi. Endi esa ilk bor legioner sifatida xorij chempionatida to‘p suradigan bo‘ldi. «Bunyodkor»ning sobiq o‘yinchisi yangi klubiga ko‘chib o‘tgach, o‘zi bilan bog‘langandik. Ammo o‘shanda «Gvangju» hali bu transferni rasman e’lon qilmagani uchun biroz shoshmay turaylik degandi. Nihoyat, ushbu jamoa Ashurmatovni rasman omma e’tiboriga tanishtirganidan keyin futbolchi «FE» uchun o‘z fikrlari bila o‘rtoqlashdi.

«Paxtakor» va «Lokomotiv»dan ham takliflar bo‘lgandi»
- «Gvangja» jamoasidan menga qiziqish bildirildi va ularning taklifi meni o‘ziga tortdi. Shu bilan birga menga boshqa klublardan ham jiddiy takliflar bor edi. Shuning evaziga menda variantlardan birini tanlash borasida ikkilanish bor edi. Ayniqsa, o‘zimizning yetakchi jamoalar – «Paxtakor», «Lokomotiv» kabi jamoalardan katta qiziqishlar bo‘lgandi. Lekin oxir-oqibat o‘zimni legioner sifatida sinab ko‘rishni xohladim. Shu bois «Gvangju» jamoasini tanladim.

«Koreyaga ketishimda menga ko‘pchilik yordam berdi»
- Albatta, mening bu klubga o‘tishimga turtki bo‘lgan insonlar ko‘p. Birinchi o‘rinda oilam va yaqinlarimni aytgan bo‘lardim. Tabiiyki, tog‘am – Baxtiyor Ashurmatov ham bu qarorni tanlashimda menga ko‘p yordam berdi. «Bunyodkor» rahbariyati ham ushbu variantning amalga oshishida o‘z yordamlarini berishdi. Natijada ikkala klub rahbarlari o‘zaro kelishib olishdi.

«Gvangju»da hamma bilan yaxshi munosabat o‘rnatdim»
- Yangi jamoamdagi dastlabki taassurotlarim ijobiy. O‘tgan vaqt davomida «Gvanju»ga ancha moslashib qoldim. Chunki yangi klubim bilan 10 kundan ziyod vaqt davomida birgaman. Murabbiy va futbolchilar bilan ajoyib munosabatni o‘rtana oldim. Jamoaning mashg‘ulotlari ham menga yoqyapti, turlicha qiziqarli ko‘rinishda o‘tmoqda. U yerda mashg‘ulotlarda jismoniy va texnik tomondan ham e’tibor kuchli. Bu yerda murabbiylar shtabida braziliyalik mutaxassis ham bor va u futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga javobgar hisoblanadi.

«Qachondir legionerga aylanishim kerak edi»
- Aslida legioner maqomida to‘p surish futbolchiga juda qiyin. Birinchidan til muammosi, ikkinchidan mentalitet, uchinchidan yangi jamoaga moslashish kabi o‘ziga yarasha qiyin jihatlari bor. «Bunyodkor» klubida besh yil o‘ynadim. U yerda ozmi-ko‘pmi yutuqlarga erishdim. Qo‘limdan kelganicha jamoaga yordam berdim. Xudoga shukrki, muxlislarning ham e’tiboriga tushdim. Lekin qachondir oldinga qadam tashlashim kerak edi. Ya’ni, vaqti kelib men ham legioner maqomiga ega bo‘lishim lozim edi. Mana, endilikda menga ham legionerga aylanish nasib qildi. Doim O‘zbekiston nomini munosib himoya qilishga harakat qilaman.

«Yangi jamoam bilan maqsadlarimiz katta»
- «Gvangju» jamoasi bilan ikki yillik shartnomaga imzo chekdim. Bizning ushbu jamoa bilan birgalikdagi maqsadlarimiz yuqori. Klub ham ko‘tarilish uchun jiddiy qadamlarni tashlamoqda. «Gvangju» kelasi mavsumni «K-1» ligasida o‘tkazishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan. Men ham yangi jamoamning ushbu maqsadi yo‘lida bor kuchimni sarflashga tayyorman.

«Bunyodkor»dan minnatdorman»
- Shu o‘rinda minnatdorchilik bildirishim kerak bo‘lgan insonlar juda ko‘p. Ammo hozirda ularni birma-bir sanab o‘tadigan holat emas. Umumiy qilib hammasiga rahmat aytaman. «Bunyodkor»dagi barcha-barchaga ham o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Agarda ular bo‘lmaganida balki men legioner yoki futbolchi maqomiga ega bo‘lmagan bo‘lardim. Bu klubdagilar menga ko‘p yordam berishdi. «Bunyodkor» hamma vaqt mening qalbimda qoladi. Shuning uchun bu jamoani hech qachon unutmayman. Imkoni boricha sobiq jamoamning har bir o‘yinlarini kuzatib borishga harakat qilaman. Shuningdek, «Bunyodkor»ning muxlislariga ham katta rahmat. Ular yaxshi va yomon kunlarda ham klub bilan birga bo‘lishdi. Nasib qilsa, ishqibozlar bilan aloqani saqlab qolaman.

«Hali oldinga tashlaydigan qadamlarim ko‘p»
- Mening oldimdagi maqsadim legioner maqomiga ega bo‘lish edi. Ushbu niyatimga esa deyarli erishdim. Endilikda mening bundan keyingi maqsadlarimda yanada katta. Hozirda men Janubiy Koreyaning «K-2» ligasida ishtirok etaman. Ushbu jamoada o‘zimni ko‘rsatish orqali yanada kuchli klublar va ligalarga o‘tish niyatim bor. Mening hali oldinga tashlaydigan qadamlarim juda ham ko‘p.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rustam Ashurmatov: "Gvangju"ga yordam berish uchun keldim