22:06 / 17.02.2019
3 600

Yangi Levandovski. Yangi Shevchenko. Yangi Suares? Kshishtof Pyontek kim o‘zi?

Yangi Levandovski. Yangi Shevchenko. Yangi Suares? Kshishtof Pyontek kim o‘zi?
Bir yilgina oldin uni hech kim tanimasdi. Murabbiylarning u haqidagi bashoratlari skautlarning odatiy ayyorliklariga o‘xshar, top-klublarning ko‘zi esa, janubda, yangi Ronaldular va Neymarlarni izlash bilan ovora edi. Ana endi, Kshishtof Pyontek, bu nomni endi faqat fentezida arzon hujumchi qidirganlar emas, hamma biladi. Uni avvaliga Robert Levandovskiga o‘xshatishdi, «Milan»ga o‘tib, ketma-ket gol urishda davom etgach esa ko‘proq Andrey Shevchenkoga qiyoslashmoqda. Qahramonimizning bu gaplar bilan endi ishi yo‘q, u yaqin yillar uchun o‘z klubini topib olgandek, maydonda Balotellining rekordini takrorlab, buni Suares uslubida nishonlamoqda. Keling, mana shu abzatsdagi siz uchun eng notanish, ammo eng qiziqarli nom - Kshishtof Pyontek haqida gaplashamiz.

Kim o‘zi u?

Kshishtof 1995 yilning iyulida Polshaning janubi-g‘arbidagi kichkinagina Dzerjonyuv shaharchasida dunyoga keldi. Bunday joylardan futbolchi bo‘lish, tabiiyki, juda qiyin yo‘llardan o‘tishni taqazo etar, Kshishtof ham bu hayotni o‘z boshidan kechirgandi. U «Lexiya»dagi mashg‘ulotlarga ulgurish uchun juda barvaqt turishga majbur bo‘lar, stadiongacha 15 kilometr yo‘l bosish kerak edi.

«Doim qachonki, dangasaligim tutganida, otamning baquvvat qo‘llari meni qo‘zg‘atar, uning muvaffaqiyatga erishish faqat og‘ir mehnat orqali bo‘lishi haqidagi so‘zlari menga kuch berardi», - deb eslaydi Kshishtof.

2013 yilda, 18 yoshli Pyontek «Zaglembe» klubi bilan shartnoma imzoladi. Klub siyosati kamtarona jamoalarga xos edi - tarkibda doimiy ravishda yosh futbolchilarga joy topilar, shu orqali klub ham moliyaviy tomondan iqtisod qilardi, ham yoshlarga xaridorlar chiqib, omadli transferlarga yo‘l ochilardi. Dastlab, Pyontek jamoadoshlariga raqobatda boy bera boshladi va g‘olib chiqish uchun o‘z ustida ko‘proq ishlashi kerakligini tushunib yetdi. Nozikkina yigitcha muntazam ravishda trenajyor zallariga qatnay boshladi, kerakli vaznga ham ega bo‘ldi va endi uni to‘pdan uzoqlashtirish oson emas, ba’zida Pyontekning o‘zi raqib himoyasiga bosim o‘tkazadigan bo‘ldi.

Hujumchining ilk mavsumi «Zaglembe»ga omadsiz keldi, jamoa ikkinchi divizionga tushib ketdi. Ammo muvaffaqiyatsizlikka qaramasdan, Kshishtof jamoada qoldi va kelasi mavsumda o‘zining 8 goli bilan «Zaglembe»ning yana yuqoriga qaytishiga hissa qo‘shdi. 2016/17 yilgi mavsum oldidan esa, unga Polshaning eng qo‘hna jamoasi - «Krakoviya»dan taklif tushdi. U yerda Pyontekning ikki mavsumdagi 32 goli G‘arbiy Yevropa klublarining ushbu futbolchiga qiziqish bildirishlari uchun yetarli bo‘ldi.

«Krakoviya»ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Mixal Probej Pyontek o‘yinining takomillashishida juda muhim rol o‘ynagan.

«Avvallari men birorta vaziyatni ko‘kka sovursam, yana tavakkal qilishga qo‘rqib qolardim va ortga qaytib, faqat sheriklarim bilan o‘ynashni boshlardim. Murabbiy mening futbolga bo‘lgan qarashlarimni o‘zgartirdi va biroz sabrli bo‘lishni o‘rgatdi. Endi men o‘yinning 70 yoki 90-daqiqasi o‘tib borayotgan bo‘lsa ham, gol urishimga ishonardim va o‘z vaziyatimni kuta olardim», - deb hikoya qiladi Kshishtof.

«Men uni faqat bir nechta lavhada ko‘rdim va ertasigayoq transfer kelishuviga shoshildim», - deydi «Jenoa» prezidenti Enriko Pretsiozi, - «chunki, qaysidir boshqa klub uni payqab qolishidan qo‘rqib qolgandim».

Kshishtof Pyontek «Jenoa» tarkibidagi ilk o‘yinida «Lechche» darvozasiga poker qayd etdi. Raqib quyi liga vakili, o‘yin Italiya kubogi doirasida edi. Lekin baribir, bunday debyutni hech kim kutmagandi.

«Men Pyontek haqida gapirgim kelmayapti, chunki unga bosim tushishidan qo‘rqaman. Ammo haqiqatan ham u tayyor, biz uchun juda muhim futbolchiga aylanishini ko‘nglim sezib turibdi», - deya xursandligini yashira olmadi bosh murabbiy.

Futbolchi haqidagi turli taktik tahlillarda uning ba’zi xislatlarini tilga olishmoqda. Eng muhimi, u har ikki oyog‘i va boshi bilan ham vaziyatdan foydalana oladi. Hujumchi uchun universalizim kerakli - Pyontek qachon to‘pni qabul qilish va qachon aldamchi harakatlar bilan himoyachilarni chalg‘itishni ham juda yaxshi biladi. Hatto bir necha himoyachi orasida ham Pyontek to‘pni qabul qilish uchun kerakli zonada paydo bo‘lishi va mavjud imkoniyatdan raqib darvozasiga zarba bera olishi mumkin. Umuman, u o‘zining 23 yoshida bugungi zamon futbolidagi hujumchilarga xos tarzda harakat qila oladi, ya’ni faqat gollar urish bilan kifoyalanmay, turli taktik vazifalarni ham juda yaxshi bajaradi.

Levandovskining izdoshi

Qizig‘i, Pyontekning «Jenoa»ga transferining yana bir qiziq tomoni bor. Bundan sakkiz yil oldin klub boshqa bir polshalik forvard, bugungi kunda Pyontek eng ko‘p qiyoslanayotgan Robert Levandovskini o‘z safiga qo‘shib olishga juda yaqin kelgandi. Hatto shartnomalargacha yozilgan, bir necha nusxada chop etilgan bir paytda, agentlar o‘rtasida qandaydir kelishmovchilik ro‘y beradi va Robert Dortmundga ketib qoladi. Aytishlaricha, o‘sha shartnoma haligacha «Jenoa» ofisida turar, doimo klub rahbarlariga qo‘ldan chiqarilgan ajoyib imkoniyatni eslatib turar ekan. Balki shuning uchunmi, Enrike Pretsiozi bu safar xatoga yo‘l qo‘ymadi - shu atroflarda «Vest Hem» ham Pyontekni qo‘lga kiritishga uringan bo‘lsa-da, italiyaliklar qat’iyat ko‘rsatishdi.

«Direktor menga Robertning o‘sha shartnomasini ko‘rsatdi», - deydi Kshishtof, - «balki tibbiy ko‘rik paytida men ham Robert sakkiz yil oldin yashagan mehmonxonada tunagandirman. Ammo bu o‘tmish menga xalaqit bermayapti. To‘g‘ri, bir paytlar Robertning Chempionlar Ligasidagi gollarini «Zaglembe»dagi murabbiyim videoda menga ko‘rsatar va aynan u kabi o‘ynashim lozimligini uqtirardi. Aynan o‘sha videolar yordamida men darvozaga teskari turgan holatda to‘pni qabul qilish va to‘g‘ri harakatlanishni o‘rganganman. U bilan terma jamoada birga bo‘lib qolganimda, g‘alati hissiyotlar meni chulg‘ab oldi - axir men o‘sha superhujumchining yonidaman! U bilan endi gaplasha olaman! Ehhe, bunday paytda uyalib o‘tiradimi odam? Undan o‘zimni qiziqtirgan hamma narsani so‘radim. Qanday ovqatlanish, qanday shug‘ullanish, ba’zi kichik detallardan tortib, futbolga bo‘lgan qarashlargacha. Bu men uchun juda yaxshi tajriba edi-da. Nazarimda, biroz uning joniga ham tegdim shekilli, ha-ha-ha».

Albatta, bu bejiz emas. U ham xuddi Robert singari trenajyorda ko‘p vaqt o‘tkazadi, mushaklar vazni va tez harakatlanish o‘rtasidagi oltin o‘rtalikni o‘rnatishga urinadi.

«Kuch - mening qurolim. Men har bir mashg‘ulotni juda diqqat bilan, to‘g‘ri bajarishga intilaman. Menimcha, agar sportchi bo‘lmaganimda ham, zalga qatnagan bo‘lardim, chunki rostan ham, bu ish menga yoqadi. Shu bilan birga, oshirib yubormaslik kerakligini ham bilaman. Ayniqsa, o‘yinlardan oldingi ikki kun o‘zimni juda bo‘sh qo‘yaman, hatto boshim va ko‘zimga bosim tushmasin deb, kompyuter o‘yinlaridan ham uzoq turaman».

Pyontek va Levandovski o‘rtasidagi qiyoslar, albatta, har ikki futbolchining ham Polsha terma jamoasi a’zosiligi bilan bog‘liq. Jahon chempionati oldidan ham mamlakatda Pyontek haqida hamma bilgan bo‘lsa-da, murabbiy uni Rossiyaga olib ketmadi va Pyontek o‘z debyutini 2018 yilning sentyabrigacha kutishga to‘g‘ri keldi. «Jenoa»da supermahsuldorlik ko‘rsata boshlagan hujumchini payqamaslik endi qiyin bo‘lib qolgandi. Irlandiyaga qarshi o‘yinda debyut qilgan hujumchi, bir oy o‘tib, ikkinchi o‘yinida Portugaliya terma jamoasi darvozasini aniq nishonga oldi.

Shunday bo‘lsa-da, Pyontekning terma jamoa asosiy hujumchisiga aylanishiga biroz vaqt bor. Lekin Robert Levandovskining yoshi o‘ttizdan oshgani va Polshadagi ikkinchi hujumchi sanalgan Arkadiush Milikning jarohatlarga moyil ekanini hisobga olsak, bundan tashqari, Pyontek endi yanada yuqoriroq saviyada, «Milan»da porlayotgani e’tiborga olinsa, bu vaqt ham kundan kunga qisqarib borayotgandek.

Pistolero!

Hujumchining «Milan»ga transferi hamma tomonidan ham olqishlanmadi. Skeptiklar ko‘p edi. Ayniqsa, Kshishtofning yarim yilgina A Seriyada to‘p surgani 35 milliondan voz kechish uchun yetarli emasdi. «Torino» safida bir mavsum ajoyib o‘yin ko‘rsatib, narxi yuz milliongacha ko‘tarilgan, ammo hozirda ko‘pchilik unutayozgan Belotti bilan solishtirishlar bo‘ldi. Pyontekning o‘yini va urayotgan gollari asosan qarshi hujumlar asosida bo‘lib, «Milan»ning o‘yin uslubida uning yo‘qolib qolishi mumkinligi aytildi. Hatto mana shu yarim mavsumda ham Pyontekning statistikasi barqaror emas ekan - dastlabki 9 o‘yinda 9 gol urgan hujumchi, keyingi 10 o‘yinda atigi 2 gol urgan, xolos. Agar daqiqalar bo‘yicha mahsuldorlikni o‘lchasak, «Milan»ning yosh hujumchisi Patrik Kutronening ko‘rsatikichlari Kshishtofnikidan kam emas. Tayyor Kutrone turganda Pyontekka nima bor? «Milan»ning odatiy shoshqaloq transferlaridan emasmi? U Gonsalo Iguain o‘rnini bosa olishiga shubhalar bisyor edi.

Barcha shubhalar, hisob kitoblar-u jadvallar Italiya Kubogi uchrashuvida «Napoli» darvozasiga qayd etilgan dubl bilan yuvilib ketdi. Polshalik hujumchining gollari milanliklarga anchadan buyon noqulay bo‘lib kelgan ashaddiy raqib ustidan g‘alabaga sabab bo‘ldi. Bu Pyontekning «Milan» safida ilk daqiqalardan maydonga tushgan ilk o‘yini edi. Endi muxlislar bu transferga shubha bilan qarash tugul, Pyontekning nomini qo‘shiq qilib ayta boshladilar.

Javoblar uzoq kuttirmadi - keyingi turda «Roma»ga qarshi safar o‘yinida Pyontek hisobni ochdi. «Kalyari» bilan o‘yinda esa, uning zarbasi hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. Pyontek haqida butun Yevropa ayniqsa, bugundan, Pyontek «Atalanta»ga qarshi kechgan qiyin o‘yinda ikkita bir-biridan chiroyli gollar urib, jamoasiga g‘alaba olib kelgach, gapira boshladi.

Kshishtof Pyontek «Milan» tarixiga kirib ulgurdi, u klubdagi 6ta golini debyutdagi 310 daqiqa ichida urib ulgurdi va bu orqali klubning o‘tgan asrning 50-yillaridagi afsonaviy futbolchisi Gunnar Nordalning rekordini yangiladi, norvegiyalik legioner «rossoneri» tarkibida ilk 6 golini urish uchun 419 daqiqa o‘ynagandi. Pyontek bu natijaga erishish uchun 5 o‘yinda 18 marta zarba berdi (8tasi darvoza sohasiga).

Ayni vaqtda u «Jenoa»da urgan gollari bilan qo‘shib hisoblanganda Italiya chempionatida ikkinchi to‘purar bo‘lib turibdi - 17 gol. U Krishtianu Ronalduni (19 gol) kichik farq bilan ta’qib qilmoqda.

Uning gol nishonlash chog‘ida, tizzalab, qo‘llari bilan pistoletdan o‘q uzish ishorasini qilishi esa, Italiyada o‘ziga xos brendga aylandi. Genuyalik, ana endi, milanlik muxlislar ham Kshishtofni ko‘rganida xuddi shunday ishora bilan o‘z mehrlarini izhor qilmoqdalar. «Jenoa» muxlislarnining aytishicha, Pyontekning mana shu harakatlari tushirilgan futbolka, yostiqcha va boshqa turli norasmiy atributlar shaharda juda yaxshi sotilgan edi. Aslida esa, bu brendning yaratilishi tasodifan bo‘lgandi.

Kshishtof endi endi Italiyaga kelganida, uning shijoati va ishonchiga yuqori baho berilib, mahalliy muxlislar bomber deb atay boshlagandilar.

«Bu so‘z polyak tilida biroz boshqacha ma’noni anglatadi», - keyinroq tushuntirish bergandi Kshishtof, - «bomber deb bizda ko‘p gol uradigan hujumchilarni aytishmaydi. Bomber nishonchi deganidir. Shuning uchun men gol urganimdan keyin laqabimga mos tarzda shunday ishora qila boshladim».

Shu tariqa, hujumchiga yangi, hech qanday tarjimasiz ham tushunarli bo‘lgan laqab ham topildi. Endi uni, xuddi Luis Suares kabi Pistolero deb ham atay boshladilar. Milanliklar esa, Pyontekda Suares yoki Levandovskini emas, Sharqiy Yevropadan Italiyaga tashrif buyurib, afsonaga aylangan boshqa bir yulduz - Andrey Shevchenkoni ko‘rmoqdalar.

Hali bir yil ham bo‘lgani yo‘q, 2018 yilning aprel oyida hujumchining o‘sha paytdagi murabbiyi Mixal Probej shunday degandi: «Agar hozir Kshishtofga 3-5 milliondan qizg‘onsangiz, bir yildan keyin u uchun 30 million yevro to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Men bir paytlar Levandovski haqida ham xuddi shunday degan edim. Ko‘rasizlar, hali ko‘pchilik, uni Polshada ekanligida sariq chaqaga sotib olmaganidan afsus qiladilar».

Bu so‘zlardan bir necha oy o‘tib, «Jenoa» u uchun 4,5 million yevro to‘ladi. Probej bashoratining dastlabki qismi amalga oshdi. Yanvarda esa, hujumchi uchun 35 million yevroni ayashmadi. Va «Milan» ham afsus qilmayapti, nazarimizda.
Qahramon Aslanov

Manba: Kun.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Yangi Levandovski. Yangi Shevchenko. Yangi Suares? Kshishtof Pyontek kim o‘zi?
[/banner_pushhouse