10:34 / 26.02.2019
5 284

Oʻzbek futbolidagi “Pele” bilan suhbat (video)

Oʻzbek futbolidagi “Pele” bilan suhbat (video)
“Nasaf” jamoasida javlon urayotgan hujumchi Bobir Abdixoliqov kuni kecha saytimiz mehmoniga aylandi.
Ayni paytda OTJ yigʻinida ishtirok etayotgan “Nasaf” hujumchisi Bobir Abdixoliqov bilan bir qator mavzularda suhbat qurdik. Quyida ushbu suhbatni eʼtiboringizga havola etamiz.

TAS-IX

TAS-IX emas

Bobir Abdixoliqov dastavval yurtimizda futbol bahorini ochib bergan bahs “Paxtakor” - “Eyr Fors” jamoalari ishtirokidagi oʻyin haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
“Paxtakor” - “Eyr Fors” uchrashuvini OTJ bilan birgalikda bevosita stadiondan kuzatdik. Mazkur bahsda “Paxtakor” mahorat bobida raqibdan ustunligini amalda isbotladi. Shu kuni toshkentliklar Iroq klubidan bir bosh balandligi koʻrindi. Haqli ravishda gʻalaba qozonishdi deb oʻylayman", - deya gap boshladi Bobir Abdixoliqov.

- Stadionda futbol kuzatish paytida koʻproq muxlis sifatida oʻyinni tomosha qilib zavqlanasizmi yoki futbolchilik faktori oʻz taʼsirini koʻrsatib, hujumchilarning harakatini tahlil qilib, oʻzingiz uchun kerakli jihatlarni oʻzlashtirasizmi?
- Toʻgʻrisi, ikkalasini bir vaqtda amalga oshiraman. Oʻz pozitsiyamda oʻynaydigan hujumchilardan yaxshi sifatlarini koʻrib, uni oʻzlashtirishga harakat qilaman. Xatolaridan xulosa qilaman. Lekin muxlis sifatida ham baribir chiroyli oʻyindan zavq olaman.

- “Paxtakor” ishtirokidagi oʻyinni tomosha qildingiz. Nima deb oʻylaysiz, jamoa oʻtgan yilgidan farqli ravishda oʻzgarganmi yoki bu dastlabki oʻyinda unchalik sezilmadimi?
- Jamoaga koʻplab yangi futbolchilar kelishdi. Bu albatta jamoa oʻyiniga taʼsir qiladi. Shuningdek, mavsumdagi ilk rasmiy uchrashuvi boʻlgani tufayli baribir futbolchilarda bosim boʻladi. Shu boisdan ham bunday bahslarda asosiy eʼtibor natijaga qaratiladi. Birinchi oʻyindan xulosa chiqarishga ertaroq. Lekin yangi futbolchilarning kelishi jamoa oʻyiniga taʼsir qildi.

- OTJ yigʻinlar qanday davom etmoqda? Yangi murabbiy Drulovichning mashgʻulotlari va falsafasi nimalari bilan farq qiladi?
- Mashgʻulotlar kuniga 2 mahaldan boʻlmoqda. Mavsum boshlanmagani tufayli asosiy eʼtibor jismoniy holatimizni tiklashga qaratilgan. Mashgʻulotlar oʻrtasidagi farq katta emas. Asta-sekinlik bilan esa taktik jihatdan ham ishlar boshlanmoqda. Hozircha yangi murabbiyning falsafasi haqida keng tasavvurga ega emasman. Chunki murabbiy endi keldi va hozircha asosan jismoniy taraflama ishlanmoqda. Taktik uslubni 100% oʻzlashtirganimiz yoʻq. Bu borada ishlanganidan soʻng fikr bildirsa boʻladi. Hali bunga biroz vaqtli. Drulovich yaxshi va hujumkorlikni yoqtiradigan murabbiyga oʻxshamoqda.

- OTJ yaqinda yigʻildi va futbolchilarda oʻzaro oʻyin koʻnikmasi yoʻq. Toʻgʻri, koʻplab futbolchilar oʻzaro tanish, turli yoshdagi terma jamoalar birga oʻynashgan yoki klubdosh boʻlishi mumkin. Biroq bu yangi jamoada oʻzaro oʻyin tushunchasi hali shakllanmagan. Vaqt esa oz qolmoqda. Bu jihat jamoa oldiga qoʻyilayotgan vazifani uddalashni qiyinlashtirmaydimi?
- Har doim vazifani uddalash qiyin boʻlgan va shunday boʻlib qolsa kerak. Chunki bu yoshdagi barcha jamoalar futbol oʻynashni biladi. Qoʻshimchasiga, jamoaviy oʻyin shakllanmagan. Lekin Xudo xohlasa oʻyinimiz shakllanib, oʻzaro bir-birimizni tushunib boramiz, degan umiddaman. Tez orada mazkur jarayondan oʻtib olamiz.

- OTJdagi kollektivda yetakchi kim?
- Muhit yaxshi. Biz barcha masalasini oʻzaro jamoaviy ravishda hal etamiz. Ahil kollektiv yigʻish muhimroq. Agarda jamoa sifatida barcha birlasha olsa, unda bu kayfiyat va birdamlik maydonda ham seziladi.

- “Nasaf” muxlislari yangi mavsumda jamoadan katta natijalarni kutishga biroz ishonchsizroqdek qarashmoqda. Chunki jamoani bir qator yetakchilar tark etishi hali ham davom etmoqda. Endi esa tengqurlar orasidan jamoaning yetakchisiga aylangan Hamrobekov ham ketdi. Qoʻshimchasiga klubning moliyaviy holati avvalgidek barqaror emas. Bu narsalar futbolchilarga qanchalik taʼsir qiladi? Berdiyev boshchiligidagi mazkur jamoa yangi mavsumda nima karomat koʻrsata oladi degan savol aktualligicha qolmoqda. Nima deb oʻylaysiz?
- Toʻgʻri, yetakchilar ketishmoqda. Ularni oʻrni esa baribir bilinadi. Yoʻqotishlar oʻrnini toʻldirishga futbolchilar bor deb oʻylayman. Chunki futbolda bir kishi hech narsani kafolatlay olmaydi. Futbolni jamoaviy oʻynash kerak. Oʻylashimcha, ketganlarni oʻrnini toʻldiradigan yoshlar yetarlicha. Bu yili “Nasaf” muxlislarni xursand qilish uchun harakat qiladi. Garchi yosh tarkib boʻlsada “Nasaf” sovrinli oʻrinlar uchun kurashadi.

- Sovrinli oʻrinlar? Bunga jamoaning kuchi yetadimi?
- Jamoaviy oʻyinni yoʻlga qoʻyib olsak, menimcha, uddalay olamiz.

- Oʻtgan mavsumdagi shaxsiy koʻrsatkichingizdan qoniqdingizmi?
- Yoʻq desam noshukurlik boʻlib qolishi mumkin. Lekin oʻzim istaganchalik natijani qayd etolmadim. Birinchi va ikkinchi davra oʻyinlarida koʻp imkoniyatlarimdan foydalana olmadim. Agarda imkoniyatlarimdan toʻliq foydalanganimda, menimcha, toʻpurar boʻlardim. Xatolarimdan toʻgʻri xulosa chiqarishga harakat qilaman.

- Hujumchi uchun toʻpurar boʻlish qanchalik muhim? Yaʼni oʻsha sovrin taʼmini sezish nechogʻlik ahamiyatli? Shunday hujumchilar borki, ular hech qachon toʻpurar boʻlishmagan, ammo har mavsum barqaror samaradorlik koʻrsatishgan. Oddiy misol, Zafar Xolmurodov.
- Toʻgʻri, baribir hujumchi qanday musobaqada ishtirok etishidan qatʼi nazar toʻpurar boʻlishni xohlaydi. Chiroyli gollar urgisi keladi. Chunki hujumchidan birinchi navbatda gol kutishadi. Hujumchi uchun gol taʼmini sezish juda muhim. Chunki bu futbolchining ichki ishonchini ham oshiradi. Ishtiyoq kuchayadi. Hujumchilarga shaxsiy sovrin ham kerak. Bosh bilan oʻynash borasida Zafar Xolmurodovdan maslahat olib turaman. Aynan Zafar akaning maslahatlari menga koʻp asqotadi.

- Bobir Abdixoliqov yaxshi maʼnodagi xudbin, yaʼni egoist futbolchimi?
- Yoʻq, unday deb oʻylamayman. Balki qaysidir vaziyatda qizgʻonchiqroq boʻlishim mumkin. Ammo menga nisbatan sherigim yaxshiroq vaziyatda turgan boʻlsa, toʻpni unga uzatishni maʼqul koʻraman. Men uchun jamoaning manfaati muhimroq.

- Nega sizni “Pele” deb atashadi?
- Birinchi murabbiyim meni shunday chaqirgan. Shundan buyon shu nom bilan atashadi.

- Boʻsh vaqtingizda koʻproq nimalar bilan mashgʻul boʻlasiz?
- Koʻp vaqt safarda boʻlganim uchun boʻsh qoldim deguncha oila davrasiga shoshaman. Boʻsh vaqtimni oilam davrasida oʻtkazishni yaxshi koʻraman.

- Futboldan boshqa qiziqishingiz bormi? Xobbingiz nima?
- Tennisni yoqtiraman. Koʻproq Rafael Nadal ishtirokidagi oʻyinlarni koʻraman. Tennisdagi kumirim Nadal.

- Matbuotga nisbatan munosabatingiz qanday? Gazeta va saytlarni mutolaa qilib turasizmi? Umuman koʻpchilik futbolchilar intervyu va suhbatlardan qochishadi. Sizda ham shunday odat bormi?
- Matbuotni kuzatim, oʻqib boraman. Bunga normal munosabatda boʻlaman. Kimki meni hurmat qilib intervyuga chaqirsa imkon qadar labbay deb javob qaytarishga harakat qilaman. Oʻxshamay qolgan va imkon boʻlmagan paytlarida vaziyatni toʻgʻri tushuntirishga harakat qilaman. Matbuotni kuzatish va unda chiqish ham futbolning bir qismi. Hammani ishini hurmat qilaman. Gazetaku hozir oʻqimay qoʻyganman, chunki barcha maʼlumotlar gazetaga qadar internet saytlarida paydo boʻladi. Shuningdek, televizor koʻrishni xush koʻraman. Ayniqsa YECHL pley-off oʻyinlari boshlangan paytda. Bu musobaqadagi oʻyinlarni kuzata turib oʻzim uchun kerakli xulosalarni olaman.

- Oʻzbekistondagi eng kuchli futbolchi deb kimni ayta olasiz?
- Ular koʻp. Bir kishini ajratib koʻrsatmoqchi emasman.

- Kimnidir tanlash kerak boʻlsachi?
- Bir kishini tanlash qiyin.

- Demak yaqqol yarq etib porlayotgan futbolchi yoʻqmi?
- Yoʻq, shunchaki ular koʻp, kimnidir ajratib koʻrsatmoqchi emasman.

- Boshqa jamoalardan ham chorlovlar boʻlgani haqida maʼlumotlar tarqalgandi. Aynan qaysi jamoalar sizga taklif bilan murojaat qilishgan?
- Bu borada klub menejerlari koʻproq bilishadi. Hech bir klub shaxsan menga taklif bilan chiqmagan.

- Chempionlik uchun kurashadigan jamoalar jiddiy taklif tushsa oʻylab koʻrasizmi?
- “Nasaf”dan ketish juda qiyin. Chunki shu jamoada ulgʻaydim, katta futbolga kirib keldim. “Nasaf” men uchun ikkinchi uy. Boshqa jamoalarga ketish qiyin boʻladi.
Shu oʻrinda “Nasaf” muxlislariga ajoyib qoʻllab-quvvatlov uchun rahmat aytaman. Oʻtgan mavsum biz uchun bir tekisda oʻtmadi. Qiyin vaziyatda ham muxlislar bizni yolgʻizlatib qoʻyishmadi. Xoh uzoq safarda boʻlsin, xoh uyda ularni daldasini sezib turdik. Ular nafaqat stadionda, balki hayotda ham bizni qoʻllab-quvvatlab turishadi. Koʻrishganda ham doim ochiq chehra bilan kutib olib, bizga dalda berishadi. Ular bilan hayotda ham doʻstga aylanganmiz. “Nasaf”da jonkuyar muxlislar juda koʻp.

- Ektor Kuper sizni MTJ yigʻiniga ham sinab qoʻrmagani va Osiyo Kubogiga olib ketmaganidan xafa boʻlmadingizmi?
- Toʻgʻrisini aytaman, bundan xafa boʻlganim yoʻq. Har bir murabbiy oʻzi xohlagan va ishongan futbolchilarni olib ketadi.

- Siz aslida markaziy hujumda faoliyatingizni boshlagansiz. Ammo Ravshan Haydarov koʻproq sizni qanot hujumkor futbolchisi, yaʼni vinger sifatida oʻynatgan. Berdiyev ham vaziyat taqozo etgan payt sizdan qanotda foydalangan. Oʻziz uchun eng qulay nuqta qaysi: Markazmi yoki qanot?
- Menga markaziy hujumda oʻynash yoqadi. Oʻzimni shu nuqtada qulay his qilaman.
Tolibjon Qosimov va Shahboz Begʻamov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oʻzbek futbolidagi “Pele” bilan suhbat (video)