15:38 / 05.03.2019
3 281

Marko Milich: “Oʻzbekchani oʻrganishga harakat qilyapman”

Marko Milich: “Oʻzbekchani oʻrganishga harakat qilyapman”
Xabaringiz bor 10 mart kuni Superliganing ilk turida muxlislar “Navbahor” hamda “Qoʻqon-1912” jamoalari oʻrtasidagi vodiy derbisi guvohi boʻlishadi. Mavsum boshlanishidan avval “Asr futboli” nashri qoʻqonliklarning serbiyalik himoyachisi Marko Milich bilan suhbat uyushtirdi.

- Mavsumga tayyorgarlik qanday kechmoqda?
- Tayyorgarliklar yakuniga yetdi. Mavsumga yaxshi tayyorgarlik koʻrdik deb oʻylayman. Soʻnggi yigʻin doirasida oʻtkazilgan oʻrtoqlik oʻyinida Samarqandning “Dinamo” jamoasi bilan 4:0, “Buxoro” bilan oʻyinda esa 1:0 hisobida gʻalaba qozondik. Hozirda Superliganing dastlabki turidagi oʻyiniga tayyorgarlik olib borilmoqda.

- Jamoada bu yil katta oʻzgarishlarga qoʻl urilmadi. Bu yilgi mavsumda jamoa oldiga qanday vazifalar qoʻyilgan?
- Nega endi? Eʼtiborga molik oʻzgarish boʻldiku, masalan Javohir Sidiqov “Paxtakor”ga oʻtdi, Darko Gojkovich Sayerbiyaga qaytib ketdi. Darvozabonimiz almashdi Oʻtkir Yusupov “Navbahor”ga oʻtganidan yaxshi xabardorsiz. Endilikda jamoa darvozasini serbiyalik posbon Boyan Knejevich qoʻriqlaydi. Aytishim mumkunki bu darvozabon nixoyatda tajribali va mahoratli posbon hisoblanadi. Boyan oʻtgan yilgi mavsumni Slovakiya chempionatida oʻtkazganini qoʻshimcha qilish joiz. Vazifalarga keladigan boʻlsak jamoa oldiga kuchli beshlikka kirish vazifasi qoʻyilgan.

- Oxirgi vaqtlarda serbiyalik futbolchilarning yurtimiz klublaridagi soni ortib bormoqda. Buning sababi nimada deb oʻylaysiz?
- Oʻzbekistonlik futbol muxlislari serbiyalik futbolchilarga hurmat bilan qarashmoqda va ularga yaxshi munosabatda boʻlishmoqda. Legioner sifatida ularga hurmat bilan qarash kerak. Oʻtgan yili 15 ta, bu yil 12 ta serbiyalik futbolchilar oʻzbek jamoalarida faoliyat olib borishyapti. Hamyurtlarimning ham Oʻzbekiston chempionatiga boʻlgan qiziqishi yuqoriligi sababli Superligada serb legionerlar koʻpayib bormoqda deb oʻylayman.

- Superliganing dastlabki turida “Navbahor”ga qarshi bahs olib borasizlar. Ushbu oʻyindan qanday natija kutyapsiz?
- Jamoamizning birinchi oʻyini “Navbahor”ga qarshi kechadi. Lekin hali Namangandagi oʻyingoh mavsumga tayyor emas ekan. Shuning uchun oʻyin qayerda oʻtishidan xabarim yoʻq. Oʻyin haqida nima desam boʻladi. Bu derbi, vodiy derbisida hamma narsa boʻlishi mumkin. Nima boʻlgan taqdirda ham mavsumning dastlabki oʻyinida gʻalaba qozonishimiz nihoyatda muhim. Shuning uchun oʻyinni oʻz foydamizga hal qilishimiz shart. Bu oʻyinga boʻlgan qiziqish nihoyatda katta. Oʻylaymanki stadionga koʻplab muxlislar tashrif buyuradi.

- Oʻzbekistonda toʻliq bir yil oʻynadingiz. Futbolimiz haqidagi taassurotlaringiz qanday, yurtimizda millionlar oʻyinini yanada rivojlantirish uchun nimalarga eʼtibor qaratishimiz kerak?
- Taassurotlarim juda yaxshi. Mamlakatingizda tezkor futbolni yaxshi koʻrishadi va yaxshi oʻynashadi. Jamoalardagi tezlik juda yaxshi, lekin taktikaga yanada koʻproq eʼtibor qaratish kerak deb oʻylayman. Albatta Yevropa futboli oʻziga xosligi bilan Osiyo futbolidan ajralib turadi. Yurtingizda Yevropacha futbol koʻrsatishga intilishni sezish mumkin.

- Himoyachi sifatida hujumchilarimizga qanday baho berasiz?
- Oʻzbekistonda mahoratli ijrochilar yetarli. Hujumchilaringiz ancha tezkor, faqat ular oʻz ustilarida koʻproq ishlashlari va mahoratlarini yanada oshirib borishlari lozim. Lekin, oʻylashimcha jamoalaringizda himoyaga koʻproq eʼtibor qaratish kerak. Ehtimol shuning uchun Serbiyadan koʻproq himoyachilar taklif etilayotgandir. Masalan, bir vaqtlar “Navbahor”da Bubanya, Panin kabi himoyachilar oʻynagan-ku.

- Oʻzbek va serb futbolidagi moliyaviy imkoniyatlarni taqqoslay olasizmi?
- Taqqoslaydigan darajada katta farq yoʻq. Bu kabi masalalarga koʻp ham eʼtibor qaratmayman. Chunki muhimi pul emas. Menga shartnomada koʻrsatilgan miqdorda maosh toʻlashadi. Bu meni qoniqtiradi.

- Oʻzbekcha soʻzlashishni ham oʻrganyapsizmi. Yurtimizda sizga nima koʻproq manzur boʻlmoqda?
- Albatta imkon qadar oʻzbekcha soʻzlashishni oʻrganishga harakat qilyapman. Bu yerda menga oʻzbeklarning mehmondoʻstligi, ochiqkoʻngil ekanligi, samimiyati bilan birgalikda milliy taomlaringizdan palov nihoyatda manzur boʻldi. Shu oʻrinda buyuk oʻzbek xalqiga muvaffaqqiyatlar va yangidan yangi yutuqlar tilab qolaman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Marko Milich: “Oʻzbekchani oʻrganishga harakat qilyapman”