22:13 / 06.03.2019
3 761

“Barselona” mendan “Real”ni yoʻldan olishni soʻragandi». “Ayaks”ning asosiy qahramonlari (foto, video)

“Barselona” mendan “Real”ni yoʻldan olishni soʻragandi». “Ayaks”ning asosiy qahramonlari (foto, video)
“Ayaks” Chempionlar ligasining nimchorak finali doirasida javob uchrashuvida Madridda “Real”ni 4:1 hisobida magʻlub etdi va ikki uchrashuv natijasiga koʻra (5:3) chorak finalga chiqdi.
Quyida “ayaksidlar”ning asosiy qahramonlari haqida keltiriladi.

Dushan Tadich, 30 yosh

Qachondir Tadich shunday degandi: “Serbiyada magʻlubiyat - oʻlimga teng baholanadi”. “Bernabeu”dagi oʻyinda bir gol urib, 2 golga uzatma bergan futbolchi oʻtgan mavsumda “Sauthempton” bilan APLda jon saqlash uchun kurashgandi. Inglizlar uni yozda “Ayaks”ga sotib yuborishdi - hadeb oʻlaverish shunchaki Tadichning joniga tekkandi.

Joriy mavsumda Tadich yana porlamoqda: Erediviziyada 16 gol, Chempionlar ligasida esa 9 gol va 6 golli uzatma (saralash oʻyinlari ham hisobga olinganda). “Bernabeu”da Tadich “Real”ni xoʻrladi, nafaqat golli uzatmalari bilan, balki ikkinchi gol urilgan hujum vaqtidagi “marselcha ruletka”si bilan. Madridda Zidanning finti - haddan tashqari bezbetlik va haddan tashqari jasurlik edi.

Frenki de Yong, 21 yosh

Qishda ushbu markaziy yarimhimoyachi “Barselona” bilan shartnoma imzoladi, u yozda Kataloniyaga koʻchib keladi. “Real”ga qarshi javob oʻyinidan avval esa OAVda undan shunday iqtibos tarqaldi: “Men «Barselona” bilan shartnoma imzolaganimda, bu klub vakillari mendan “Real”ni Chempionlar ligasidan chiqarib berishni soʻrashgandi».

Tvitterda shunday hazil qilishmoqda: de Yong hali “Barselona” safida maydonga tushmay turib, klub afsonasiga aylandi.

Uning fintlari Kataloniyada barchani xursand qildi.

Hakim Ziyosh, 25 yosh

“4:1! Biz ertalab bunday boʻlishini oʻylay olmasdik”, dedi oʻyindan keyin marokashlik futbolchi. Ziyosh oʻyinda hisobni ochdi, u Amsterdamdagi oʻyinda ham gol urgandi. U bu oʻyinlargacha ham “Ayaks”ning eng qimmatbaho futbolchilaridan biri boʻlgan ( maʼlumotiga koʻra, 35 million yevro), endi esa unga Yevropa bozorida xaridorlar koʻpayishi aniq.

Oʻtgan yil yozida u “Roma”ga oʻtib ketishiga bir baxya qolgandi, ammo futbolchining oʻzi “Ayaks”da qolishga qaror qildi.

David Neres, 22 yosh

Braziliyalik futbolchi oʻyindagi ikkinchi golni urdi, aslida bu gʻalaba goliga aylangandi. Ammo oʻyindan keyin uning goli emas, oʻng burchak yaqinida Karvaxalga ishlatgan finti koʻproq muhokama qilinmoqda. Bunday fintdan keyin shunday deyishadi: “U raqibni nafaqaga joʻnatdi”.

Holbuki, qishki transferlar chogʻida Neres Xitoy chempionatiga ravona boʻlishi ham mumkin edi. “Guanchjou Evergrand” uning transferi uchun 30 million yevro taklif qilishgandi, ammo “Ayaks” koʻproq soʻragach, futbolchi Amsterdamda qolgan.

Matteys de Ligt, 19 yosh

Bu markaziy himoyachi superyulduz boʻlishi kafolatlangan. Uning narxi hozirdan 65 million yevroga chiqib ketgan. Ushbu yosh futbolchida noodatiy sardorlik qobiliyati bor. U ikki yil oldin “Ayaks” Lionda Yevropa Ligasi finaliga chiqqanida muxlislar sektoriga chiqib borgandi va muxlislar koʻz oʻngida jamoa yetakchi va ilhomchisi boʻlib gavdalangandi. Tasavvur qiling: u oʻshanda hali 17 yoshda edi.

U Madriddagi oʻyindan keyin ham amsterdamlik muxlislar qarshisiga yolgʻiz kelib, minnatdorchilik bildirdi.

Hozir u 19 yoshga chiqdi va Chempionlar ligasi tarixiga eng yosh sardor sifatida kirdi. Madriddagi oʻyinda ham u oʻn martalab raqibdan toʻpni olib qoʻydi. Yozgi transferlar vaqtida uni katta klublardan biriga kuzatishimiz mumkin, daʼvogarlar qatorida “PSJ”, “Barselona”, “Manchester Siti” kabi gigant jamoalar bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Barselona” mendan “Real”ni yoʻldan olishni soʻragandi». “Ayaks”ning asosiy qahramonlari (foto, video)