07:02 / 10.03.2019
3 292

Javohir Sidiqov: “Qoʻqon-1912”dan ketishim qiyin boʻldi

Javohir Sidiqov: “Qoʻqon-1912”dan ketishim qiyin boʻldi
“Qoʻqon-1912” jamoasida porlagan Javohir Sidiqov yangi mavsumni “Paxtakor” klubida boshlaydigan boʻldi. Hamma yaxshi bilsa kerak, bu oʻyinchi aslida “Paxtakor” orqali katta futbolga kirib kelgan. Yangi mavsumdan esa Sidiqov yana sobiq jamoasi sharafini himoya qiladi. Ammo voqealar rivoji boshqacha tus olishi ham mumkin edi. Terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi ishtirokidan soʻng Sidiqovni chetga ketishi haqida koʻp aytilgandi. Lekin hadeganda Javohir bilan bogʻliq yangi maʼlumotlar paydo boʻlavermadi. Yakunda esa uning “Paxtakor” safiga qoʻshilganligi maʼlum boʻldi. Uning “sherlar” tarkibida toʻp surishi rasman aniq boʻlganidan soʻng dastlabki fikrlarini bildirishga rozi boʻldi.

- Katta futbolga “Paxtakor” orqali kirib kelgandingiz va yana ushbu jamoadasiz. Oxirgi paytlarda sizning qaysi klubda toʻp surishingizni hamma kutayotgandi. Dastlab “Paxtakor”ga qaytishingiz qanday amalga oshgani haqida toʻxtalib oʻtsangiz.
- Bir tomondan qaraganda, “Paxtakor” klubiga qaytganim haqqoniy ham boʻldi. Chunki ular oʻz paytida meni shartnomam boʻlsa ham “Qoʻqon-1912”ga hech nima talab qilmasdan berib yuborishgan. Endi esa “Qoʻqon-1912” klubi rahbarlari mening ketishim jamoaga minus boʻlsa ham faoliyatimda yanada oʻsishim uchun “Paxtakor” jamoasiga ijaraga berishdi.

- Lekin siz bilan bogʻliq boʻlgan voqealar jarayoni biroz choʻzilib ketdi. Negaki, Osiyo Kubogidan keyin Sidiqovning yangi jamoasi nomi aniq boʻlishi aytilayotgandi. Ammo...
- Menga chetdan takliflar bor edi, ammo ayrim sabablarga koʻra mening u yerlarga ketishim amalga oshmay qoldi. Shuning hisobiga ham choʻzilib ketdi. Aslida muzokaralar olib borilgandi. Ammo doim ham siz oʻylagandek boʻlib chiqavermaydi.

- Rosti, biz ham sizni qayergadir legioner sifatida ketishingizni kutayotgandi. Chunki bungacha sizga Osiyoning koʻzga koʻringan jamoalaridan qiziqishlar boʻlayotganligi haqida eshitgandik. Bu haqida hattoki, “Qoʻqon-1912” bosh murabbiyi Noʻmon Hasanov ham aytib oʻtgandi. Legioner boʻlib toʻp surish istagi oʻzingizda ham kuchlimidi?
- Har bir futbolchi legioner boʻlib toʻp surishni xohlaydi. Menda ham bunday istak bor edi. Lekin nasib qilmagandan keyin nima qila olardingiz? Ammo bu menga aslo taʼsir qilmaydi. Hali men uchun hammasi oldinda deb umid qilaman. Bu yil boʻlmasa, balki kelasi yili legionerga aylanishim mumkin. Faqat hammasi oʻzimga bogʻliq.

- Sizga aynan qaysi klublardan takliflar tushgandi?
- Menga aynan qaysi klublardan taklif boʻlganligi haqida aniq bilmayman, lekin Yaponiya, Janubiy Koreya kabi chempionatlarning jamoalaridan takliflar boʻlgandi.

- Ilk bor Osiyo Kubogida ishtirok etishga ham muvaffaq boʻldingiz. Ayting-chi, BAAdagi musobaqa sizga nima berdi?
- Har bir futbolchi bunday katta musobaqalarda toʻp surishni xohlaydi. Ayniqsa, milliy terma jamoa sharafini halqaro arenalarda himoya qilish futbolchining orzusidir. Bu katta tajriba beradi. Bir paytlar oʻzim uchun kumirga aylangan futbolchilar bilan birga maydonda toʻp surish katta faxr.

- Umuman aytganda, terma jamoamizning ishtiroki haqida nimadir demoqchimisiz?
- Albatta, har doim natija gapiradi. Garchi oʻz oldimizga qoʻyilgan vazifani bajara olmagan boʻlsak-da, koʻrsatgan oʻyinlarimiz toʻgʻrisida muxlislarimizning ijobiy fikrlar bildirishgani bizni biroz ovutdi. Ammo baribir oxirida natija qoladi. Shunga qoniqarsiz natijani unutish biroz qiyin kechdi.

- Baribir sizni milliy terma jamoaga chaqirilishingiz va ungacha olimpiya terma jamoasi bilan muvaffaqiyat qozonishingizda ham “Qoʻqon-1912”dagi ajoyib oʻyinlaringiz katta turtki bergandi. Futbolchi sifatida Qoʻqonda katta oʻsishga erishdingiz. Siz uchun qadrli boʻlib qolgan jamoani qanday tark etdingiz?
- Bir oiladek boʻlib qolgan jamoani tark etish baribir qiyin boʻladi, bu aniq. Ammo futbolchi vaqti kelib oʻzini boshqa jamoada ham sinab koʻrishni istaydi. Katta musobaqalarda, ayniqsa, Osiyo Chempionlar ligasida oʻynash uchun yana birinchi jamoamga qaytdim. Lekin tan olaman, oʻzim uchun qadrli boʻlib qolgan “Qoʻqon-1912” jamoasini tark etishim qiyin boʻldi. Lekin rahbariyat va murabbiylar meni toʻgʻri tushunishgani uchun ularga rahmat aytaman. Ular menga yoʻq deyishmadi va qarorimni hurmat qilishdi. Buning uchun ulardan minnatdorman.

- Qoʻqonlik ishqibozlarning ham sevimli futbolchisi edingiz. Ketar chogʻingizda ularga aytadigan gapingiz ham bormi?
- Muxlislarni yaxshi koʻraman. Bilaman, mening ketganimni toʻgʻri tushunganlari ham bor va ketganimdan xafa boʻlayotganlari ham bor. Men ularni tushunaman. Ammo oʻz navbatida muxlislar ham meni toʻgʻri tushunishlarini istardim. Lekin ishqibozlarning xafa boʻlishga haqqi bor. Hamma ham oʻz jamoasining kuchli boʻlishini xohlaydi.

- Bundan buyon sobiq klubingizga qarshi oʻyinlar siz uchun qanday ahamiyatga ega boʻladi?
- Hali bu haqida oʻylab koʻrganim yoʻq. Ochigʻi, bilmadim. Oldinda nimadir deya olmasam kerak. Hammasini oʻsha oʻyin koʻrsatadi.

- “Paxtakor”dagi yangi hayotingiz qanday kechmoqda?
- “Paxtakor”dagi hamma futbolchilarni taniyman. Oʻzimning akalarim va ukalarim desam ham boʻladi. Jamoaga moslashishimda qiyinchiliklar boʻlgani yoʻq. Murabbiylar shtabi bilan yaxshi munosabatdamiz. Asosiysi, bu yerda ichki muhit yaxshi. “Paxtakor”da asosan oʻyin sifati yuqori boʻlgan futbolchilar yigʻilgan. Jamoaga foydam tegishi uchun mehnat qilyapman. Mening maqsadlarim katta. Shuningdek, milliy terma jamoaga ham foyda keltirish uchun oʻz ustimda koʻproq ishlayman.
Shuhratbek Joʻrayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Javohir Sidiqov: “Qoʻqon-1912”dan ketishim qiyin boʻldi