00:25 / 16.03.2019
4 912

“Paxtakor” bosh direktori: OCHL, 100 million dollarlik stadion va Babayan haqida

“Paxtakor” bosh direktori: OCHL, 100 million dollarlik stadion va Babayan haqida
Toshkentning “Paxtakor” klubi 2017 yilda yangi davrga qadam qoʻydi. Klub yangi rahbariyat bilan shonli oʻtmishini tiklashga qaror qilgandi. Joriy mavsumni “Paxtakor” yaxshi boshladi. Chempionlar Ligasi saralashidan oʻtgan jamoa guruh bosqichida ham yomon ketmayapti. Tribuna.uz muxbiri “Paxtakor”ning kelajakdagi rejalari haqidagi savollarga javob olish uchun klub bosh direktori Dmitriy Adisman bilan suhbat uyushtirdi.

“Paxtakor” – xalq jamoasi. Bu ayniqsa 1979 yilda bilingan...»
“Paxtakor” - xalq jamoasi. Bu mening gaplarim emas. Bu tarix. Qayerga borsangiz, “Paxtakor”ga shunday taʼrif berishadi. Bilasiz, “Paxtakor” sobiq ittifoq vaqtida tashkil etilgan va mamlakat Oliy Ligasida qatnashgan. Oʻshanda butun oʻzbekistonlik muxlislar “Paxtakor”ga muxlislik qilishgan. Bu taʼrif aslida oʻshanda paydo boʻlgan. U vaqtlar “Paxtakor” va xalq bir tan-u bir jon boʻlgan. Bu ayniqsa 1979 yilda bilingan... Oʻshanda butun mamlakat qaygʻuga choʻmgan. “Paxtakor” halokatdan keyin ham oʻzini tiklab oldi. Bunga qaysidir maʼnoda xalqning muhabbati madad bergan desak, adashmaymiz. Xalq jamoasi degan tarixiy taʼrifni saqlab qolishga harakat qilamiz. Bu biz uchun juda muhim», – deya soʻz boshladi Adisman.

“Babayan bilan muammolarimizni hal qilganmiz”
Samvel Babayanning futbolga qaytgani katta shov-shuvga sabab boʻldi. Uni OʻFF (hozirda OʻFA) “Paxtakor”da futbolchilarning shartnomalarini noqonuniy oʻzgartirgani uchun futboldan chetlashtirgandi. Adisman Babayanning futbolga qaytishi va uning “Paxtakor”ga tugʻdirgan muammolari haqida ham fikrlarini bildirdi.

– Samvel Babayan uzoq yillar “Paxtakor”da ishlagan. Uning davrida jamoa koʻplab yutuqlarga erishgan. Babayanning klub uchun qilgan mehnatlarini rad eta olmaymiz. Uning ayblanishi haqida gapiradigan boʻlsak, biz unga hukm chiqaradigan organ emasmiz. Toʻgʻri, yangi rahbariyat kelganida Babayan bilan bogʻliq muammolar bor edi va biz ularni hal qilganmiz. Bu muammolar futbolchilarning, jumladan akademiya futbolchilarining shartnomalari bilan bogʻliq edi. Biz ularni hal qilganmiz.

Oʻzbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqa olmaganidan soʻng juda koʻpchilik muxlislar barchasida Babayanni ayblashdi. Futbol Federatsiyasiga, portalga uning ustidan shikoyatlar borib tushgan. Oʻylaymanki, federatsiyadagilar uni shaxsiy adovat sabab futboldan chetlatishmagan. Bu uchun asos keltirishgan. Bundan tashqari, muxlislarning ham noroziligi bunday qaror chiqarishda muhim rol oʻynagan. Xabarim bor, uni butun umrga futboldan chetlatishgan edi. Lekin men ham siz kabi yaqinda bildimki, “Bunyodkor” Samvelga kafillik qilgan va diskvalifikatsiya bekor qilingan. Endi “Lokomotiv” Babayanni ishga taklif qildi. Demak, ular Babayanning foydasi tegadi deb oʻylashadi.

Hozir Babayanning “Lokomotiv”ga borgani, federatsiya uni jazolagani haqida gapirmoqchi emasman. Bu “Paxtakor”ning vakolatiga kirmaydi. Yuqorida aytganimdek, u bilan bogʻliq muammolarimizni hal qilganmiz.

Babayan vaqtida futbolchilarning shartnomalari bilan muammo boʻlgani rost. Masalan, biz jamoani qabul qilib olganimizda (2017 yilda) deyarli barcha futbolchilarning shartnomasi mavsum oxirida tugashi koʻrsatilgandi. Biz oldingi shartnomalarni koʻrganimizda esa aksariyat shartnomalarning muddati 2018, 2019 yilgacha moʻljallangan boʻlgan. Bu borada futbol yuristlari bilan gaplashganimizda, kimnidir ayblab, eski hujjatlarni koʻtargandan koʻra futbolchilar bilan yangidan shartnoma imzolashni taklif qilishdi. Biz shunday qildik va barcha futbolchilar bilan yangidan shartnoma imzolab, hammasini oʻz oʻrniga tushirdik.

“Biz qisqa muddatli jamoa tuzmayapmiz”
Dmitriy Adismanning aytishicha, yangi rahbariyat uzoq muddatga kelgan.

– Yangi rahbariyat jamoani qabul qilib olganidan soʻng biz barchasini boshidan boshladik. Avvalo jamoaga yangi murabbiy taklif qildik. Shota Arveladze va uning shtabi “Paxtakor”ga qisqa muddatga kelmaganliklarini bilishadi. Biz ertaga yoʻqolib qoladigan jamoa tuzmoqchi emasmiz. Bizning maqsadimiz jamoa tuzish. Bu kiyinish xonasidan boshlanadi. Futbolchilar ham rahbariyat uzoq muddatda kelganini bilishi kerak. Klub rahbariyati Shota Arveladze tashkil etayotgan jamoadan mamnun.

Yangi rahbariyat klubda koʻp narsani oʻzgartirdi. Masalan, moddiy texnik bazani. Bu borada hali yana koʻp ishlar qilishimiz kerak. Hozir “Paxtakor”ning asosiy qarorgohidan tashqari yana ikkita mashgʻulot bazasi bor. Chilonzor va Qibrayda. U yerlarda taʼmirlash ishlarini olib borishimiz kerak. Keyin “Paxtakor” stadionini yangilash haqida ham bosh qotiryapmiz. Toʻgʻri, bu stadion bilan bogʻliq koʻp xotiralar bor, lekin bu yerda barcha talablarga javob beradigan yangi stadion qurishni zamon talab qilmoqda. Qatar, Saudiya, BAA klublarining sharoitlarini koʻrgansiz. Biz ham ular kabi qulayliklarga ega boʻlishimiz kerak. Yangi stadionning qurilishi bizga qanchaga tushishini aniq ayta olmayman, lekin taxminan 100 million dollardan koʻproq pul ketadi. Alisher Usmonovning bizga investitsiya kiritgani rost. Umid qilamanki, bu kelajakda ham davom etadi.

“Chempionlar Ligasida guruhdan chiqish vazifasi qoʻyilgan”
“Paxtakor” bosh direktori jamoa oldiga Chempionlar Ligasida kamida guruhdan chiqish vazifasi qoʻyilganini aytdi. Uning aytishicha, hozirgi jamoa finalgacha bora oladi.

– Klub rahbariyati albatta, futbolchilarga vazifa qoʻygan. Chempionlar Ligasida kamida guruhdan chiqishimiz kerak. Buni uddalashimizga ishonaman. Guruh bosqichiga chiqish uchun oʻtkazilgan ikkita saralash oʻyini biz uchun foydali boʻldi. Bu oʻyinlarda yigitlar haqiqiy jangchi ekanliklarini koʻrsatib berishdi. Toshkentga kelgan iroqliklar jamoasi (“Eyr Fors”) jiddiy raqib edi. Mehmondagi oʻyinimiz ham (BAAda “An-Nasr”ga qarshi) oson boʻlmadi. Erondagi “Persepolis”ga qarshi oʻyinni oʻzingiz koʻrdingiz, oʻyin juda ogʻir kechdi. OCHLda imkon qadar uzoqroqqa borishni xohlaymiz. Bugungi futbolchilar finalgacha bora oladi deb oʻylayman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Paxtakor” bosh direktori: OCHL, 100 million dollarlik stadion va Babayan haqida