14:10 / 26.03.2019
3 512

Shukurovga jiddiy jarohat yetkazgan xitoylik futbolchi aravacha bilan uni yoʻqlashga bordi (foto, video)

Shukurovga jiddiy jarohat yetkazgan xitoylik futbolchi aravacha bilan uni yoʻqlashga bordi (foto, video)
Xitoy milliy jamoasi hujumchisi Vei Shixao 25 mart kuni Oʻzbekistonga qarshi bahsda raqib yarimhimoyachisi Otabek Shukurovga nisbatan ishlatgan qoʻpolligi uchun mahalliy matbuot va muxlislar gʻazabiga uchradi, deb yozadi South China Morning Post.

“China Cup” musobaqasining uchinchi oʻrni uchun bahs dushanba kuni Nanning shahrida boʻlib oʻtgan, oʻyinning 37-daqiqasida toʻp bilan borayotgan Shukurovning ortidan Shixao uning boldiriga zarba bergan, natijada oʻzbekistonlik oʻyinchiga tibbiy yordam koʻrsatish zarurati tugʻilib, uning oʻrniga Odil Ahmedov maydonga tushirilgandi.

Vei Shixaoning oʻyindan keyingi intervyusida aytishicha, u buni ataylab qilmagan.

«Qasddan bunday qilganim yoʻq. Bu bor-yoʻgʻi oʻyin tempini pasaytirish uchun qilingan texnik qaror edi.

U jarohat olganmi-yoʻqmi, buni bilmayman. Futbolda jiddiy jismoniy toʻqnashuvlar tez-tez roʻy berib turadi, shunday ekan jarohatlardan oʻzni asrash ham imkonsiz», – dedi u.

Oʻsha vaziyatda hakam bilan tortishgan “Guanchjou Evergrand” futbolchisiga sariq kartochka koʻrsatilgandi (u uchrashuv oxiriga qadar toʻliq oʻynadi). Ammo, Xitoy OAVga koʻra, u oʻz klubi tomonidan jiddiyroq jazoga tortilishi mumkin.

Maʼlum qilinishicha, oʻsha kuni Shukurov shifoxonadan qaytgach, Vei uni koʻrish uchun Oʻzbekiston milliy jamoasi joylashgan mehmonxonaga borgan; oʻzi bilan aravacha va bir savat meva olib kelgan.

«Oʻyindan keyin raqib futbolchisining jarohati ancha jiddiyligini bildim. Astoydil afsusdaman.

Bu qoidabuzarlik boʻlgandi. Men uning kasalxonaga olib borilishiga sababchi boʻlishimni kutmagandim. Chin yurakdan kechirim soʻrayman. Futbolchi uchun oyoqlari juda muhim. Hech kim shikastlanishni xohlamaydi, ammo bizning kasbimiz shunaqa», – degan Vei.

Hongkongda xitoy tilida chop etiluvchi Oriental Daily News nashri 23 yoshli futbolchining bu harakatini “uyat” deb baholagan. Global Times gazetasi esa shunday deb yozadi: “Tailandga sharmandali tarzda magʻlub boʻlishgani Xitoy termasi aʼzolariga bosim yuklagandi, lekin maydondagi bunday harakat – raqibga nisbatan hurmatsizlik, muxlislar esa bu kabi holatlarga toqat qila olishmaydi”.

“Ruhiy holatini nazoratda ushlab turish har kim uchun muhim, ammo futbolchilar uchun bu mutlaqo shart boʻlgan jihat. Sportchi adolatli, odobli va izzatli boʻlishi kerak. Yuqori saviyada futbol oʻynab kelayotgan professional futbolchi sifatida Veini hech qanaqasiga oqlab boʻlmaydi”, – deb munosabat bildirgan Global Times.

Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida baʼzi foydalanuvchilar Vei Shixaoni oʻyindan keyin darhol raqibning holidan xabar olishga qiziqmaganlikda ayblashmoqda.

“Men «Evergrand”ning ashaddiy muxlisiman, lekin klub Vei Shixaoni jazolashini qoʻllab-quvvatlayman», – deb yozgan muxlislardan biri.
“Sening mahorating raqibnikidek zoʻr emas, lekin futbolkangdagi beshta yulduzli emblemani sharmanda qilma”, – deydi boshqa bir foydanuvchi.
Yana bir muxlis quyidagicha munosabat bildirgan: “Professional etika qoidalari qoʻpollik bilan buzilmoqda. U chetlatilishi kerak”.

Oʻzbekiston milliy jamoasi shifokori Abror Pirriyevning maʼlum qilishicha, 22 yoshli Otabekning oʻng oyogʻi boldir suyugi pastidan singan va u gips qilingan.

“Ammo suyak joydan siljimagan. Bu juda muhim. Qolaversa, sinish koʻndalang emas. Bunday hollarda futbolchining jarohatdan tiklanishi osonroq boʻladi”, – degan Pirriyev.

Uning soʻzlariga koʻra, bunday holatda futbolchi yo operatsiya qilinishi kerak yoki oyoqning singan joyi fiksatsiya, yaʼni gips qilinib, davolanishi zarur. Operatsiya qilingan taqdirda, jarohatning bitishi tezroq boʻladi. Ammo Shukurov BAAning “Sharja” klubi aʼzosi boʻlganligi sababli bu holda klub shifokorlari bilan maslahatlashish zarurati tugʻilgan.

“Ular Otabekning oyogʻini gips qilgan holda, Dubayga olib borishni maslahat berishdi. Klub shifokorlari Dubayda futbolchini yana bir bor tekshiruvdan oʻtkazishadi. Keyin davolanish boʻyicha eng maʼqul variantni oʻzlari futbolchi bilan kelishgan holda amalga oshirishadi. Shu sababli Shukurovning oyogʻi gips qilindi”, – deya maʼlum qildi Abror Pirriyev.

Shifokorning aytishicha, bunday jarohatlardan sogʻayish uchun odatda ikki oy vaqt talab etiladi.

Maʼlumot uchun, Otabek Shukurov “Sharja”ning asosiy tarkib aʼzosi sanaladi. U BAA chempionatida ortda qolgan 17ta turning barchasida boshlangʻich tarkibda maydonga tushgan.

Sharjaliklar ayni paytda chempionat peshqadami boʻlib turishibdi. Klub eng yaqin taʼqibchi, amaldagi chempion “Al-Ayn”dan 8 ochkoga ilgarilab ketgan. Jamoani juma kuni 3-oʻrindagi “Al-Jazira”ga qarshi bahs kutmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shukurovga jiddiy jarohat yetkazgan xitoylik futbolchi aravacha bilan uni yoʻqlashga bordi (foto, video)